OTB DAVLAT-XUSUSIY SHERIKLIK YORDAMIDA MAKTABLAR INFRATUZILMASINI YAXSHILASHGA KO‘MAK BERADI

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori o‘rinbosari Enriko Pinali Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari qurilishi va rekonstruksiyasiga ko‘mak berish uchun davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatishga oid shartnomani imzoladi.

Loyihaning asosiy maqsadi – Toshkent shahrining Sergeli tumanida yettita yangi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini qurish, oltita maktabni ta’mirlash va bitta maktabni rekonstruksiya qilishdan iborat.

-OTB O‘zbekistonda amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihasini qo‘llab-quvvatlashdan mamnun, – deydi Enriko Pinali. – OTB mazkur kelishuv bo‘yicha maslahatchi sifatida Xalq ta’limi vazirligiga xususiy hamkor tanlashda ko‘mak beradi. Xususiy hamkor binolarni boshqaradi, davlat sektori esa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadi.

Ta’lim xizmatlari sifatini oshirish hamda ta’lim muassasalarida o‘quv muhitini modernizatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hukumati oldiga ulkan maqsad qo‘yildi. Shuningdek, u ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, kompyuter, o‘quv qurollari bilan jihozlash, kasb-hunar ta’limi ish beruvchilar ehtiyojlariga javob berishini ta’minlash orqali ta’lim muassasalarini mustahkamlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

OTB maslahat xizmatlari xususiy sektor oldiga aniq maqsadlar qo‘ygan holda Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarni qurish va rekonstruksiya qilishda xususiy sektorning qanday ishtirok etishini namoyish etishga yordam beradi. Xususiy sheriklar, shuningdek, uzoq muddatli istiqbolda qurilish ishlarining yuqori standartlarini ta’minlashga hamda sohani qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha investitsiyalar va xalqaro tajribalarni jalb etishga yordam beradi. OTB, o‘z navbatida, ushbu pilot loyihani ta’minlash uchun maktablar uchun namunaviy shartnomalarni ishlab chiqadi.

O‘zbekiston 1995 yilda OTBga a’zo bo‘lganidan buyon bank umumiy qiymati 8,6 milliard AQSh dollariga teng 78 ta kredit, jumladan 225 million dollarlik xususiy sektorga ikkita kredit ajratdi. Shuningdek, OTB 6 million dollarlik kapital qo‘yilmalar, 218 million dollarlik kafolatlar va 97,7 million dollarlik texnik yordam grantlari ajratdi.

Joriy yilda OTB bog‘dorchilik va chorvachilik sohasini rivojlantirish, temiryo‘l transporti samaradorligini oshirish, ichimlik suvi bilan ta’minlash, shahar infratuzilmasi loyihalari samaradorligini oshirish, iqtisodiy boshqaruvni yaxshilash va davlat tomonidan qurilayotgan uy-joy dasturlarini isloh qilishda hukumatga ko‘maklashish va oilalarni arzon ipoteka mahsulotlari bilan ta’minlash uchun umumiy qiymati 1.1 mlrd. AQSh dollari ajratdi.

OTB gullab-yashnagan, barqaror rivojlangan Osiyo-Tinch okeani mintaqasini yaratish hamda ekstremal qashshoqlikni tugatishda davom etmoqda. 2018 yilda OTB umumiy qiymati 21,6 milliard dollarga teng yangi kredit va grantlar ajratdi. OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing