Bolalarning davlat organlariga murojaatlari to‘liq ko‘rib chiqilishi kafolatlanadi

Bugun, 4 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida «Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Hujjat bilan qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni, agar uning ota-onasidan biri, vasiylikka yoki homiylikka olgan shaxs O‘zbekiston hududida qonuniy asosga ko‘ra yashash huquqiga ega bo‘lsa, respublikadan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish taqiqlanmoqda.

Uy-joy kodeksiga ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o‘zlari yashab turgan turar-joylarni ular mehribonlik uylariga joylashtirilgan butun vaqt mobaynida bronlashtirish huquqini taqdim etish to‘g‘risida qoida kiritilmoqda.

Ta’kidlanishicha, bugun ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar himoyasini ta’minlash borasida ayrim muammolar ko‘zga tashlanyapti. Bu qoidaning kiritilishi mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining kelajakdagi hayotini yaxshilash, ayrimlarining ota-onasidan meros qolgan mulk huquqini saqlab qolishda muhim o‘rin tutadi.

Soliq kodeksiga ushbu toifadagi shaxslarning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’volarni kiritishda davlat boji to‘lashdan ozod qilish tartibi to‘g‘risidagi qoida kiritish taklif qilingan.

Bundan tashqari, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan qo‘shimchada ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlanishi, bola to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko‘rmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilmoqda.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing