Bolalarni maktab-internatlarga yuborish bo‘yicha komissiyalar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritiladi

Bolalarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga (maktab, maktab-internatlarga) yuborish bo‘yicha psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritiladi

Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Bolalarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga (maktab, maktab-internatlarga) yuborish bo‘yicha psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar to‘g‘risidagi nizomning 20-bandiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi hujjati loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2013 yil 25 sentyabrdagi 38, 25, 72q/q-sonli qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni ixtisoslashtirilgan muassasalarga (maktab, maktab-internatlarga) yuborish bo‘yicha psixologik-tibbiy-pedagogik komissiyalar to‘g‘risidagi nizomning 20-bandidan “ye” kichik band chiqarib tashlanishi mumkin.

Ma’lumot uchun, komissiya xulosasini olish uchun bolaning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

a) ariza;

b) bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasining nusxasi;

v) bolaning ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatlar;

g) bolaning o‘qish joyidan ta’limning muddati, o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va xulq-atvori, bolaga yakka tartibda ko‘mak berish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning batafsil tahlili aks ettirilgan ma’lumotnoma va tavsifnoma;

d) bolaning yashash joyidagi shifoxona bosh vrachi tomonidan imzolangan, uning rivojlanishi tarixidan mufassal ko‘chirma:

bolaning umumiy rivojlanishi holati to‘g‘risida pediatrning xulosasi;

psixonevrologning tibbiy tashxisi va bolaning aqliy rivojlanishiga tavsifi;

otorinolaringologning quloq, tomoq, burun va talaffuz artikulyatsiyasida ishtirok etuvchi organlarning holatiga tavsifi (eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun nutq va shivirlab aytilgan so‘zlarni idrok etish holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, audiogramma ma’lumotlari);

oftalmologning ko‘rish organiga tavsifi (ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun batafsil tashxisi);

ortoped vrachning xulosasi (tayanch-harakatlanish apparatida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun);

ye) yashash joyidan ma’lumotnoma va tavsifnoma.

Yangi hujjat loyihasiga muvofiq, yashash joyidan ma’lumotnoma va tavsifnomaning taqdim etilishi borasidagi talab bekor qilinishi mumkin.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing