O‘zbekistonda masofaviy o‘qitish tizimi joriy etiladi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetida masofaviy o‘qitish tizimi joriy etiladi. Bu haqda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi va 2020 yil Davlat dasturi loyihasida qayd etilgan.

Unga asosan, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetida, tajriba tariqasida, masofaviy o‘qitish shakli joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 aprelga qadar masofaviy o‘qitish shaklini amalga oshirish tartibini belgilash, dasturiy-apparat kompleksini yaratish va ko‘rsatib o‘tilgan oliy ta’lim muassasalarini o‘quv jarayoniga masofaviy ta’limni joriy etish uchun zarur bo‘lgan uskunalar bilan jihozlashni ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 1 yanvarga qadar tajriba-sinov natijalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim tizimiga masofaviy o‘qitish shaklini joriy etish to‘g‘risidagi takliflarni o‘qitishning ushbu shaklini amalga kiritishning oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi grafigi bilan birgalikda kiritadi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing