Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko’rilmoqda

Nurafshon shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Toshkent viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi hamkorligida “Xalqaro baholash dasturlari — taʼlim sifatini oshirishning muhim omili” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.

Seminarda xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Toshkent shahar hududiy markazining professor va katta oʻqituvchilari, Toshkent viloyatining tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimining taʼlim sifati monitoring boʻlimi xodimlari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimining fan metodistlari, tayanch maktablar direktorlari va ularning aniq, tabiiy, ona tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti fanlar va boshlangʻich taʼlim boʻyicha metod birlashma rahbarlari ishtirok etdi.

Mazkur seminar doirasida ishtirokchilar PISA (15 yoshli oʻquvchilarning savodxonligini baholash) va PIRLS (4-sinf oʻquvchilarining matnni oʻqib tushunish darajasini baholash) dasturlari haqida batafsil maʼlumot oldi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasida davlat va jamiyat ahamiyatiga molik dolzarb masalalar qatorida taʼlim sifatini oshirishga, 2021-yildagi xalqaro baholash jarayonlariga munosib tayyorgarlik koʻrish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Xalq taʼlim vazirligi,Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, uning huzuridagi Milliy markaz, Toshkent viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik koʻrish yoʻlida amalga oshirilayotgan vazifalardan biri boʻlib hisoblanadi.

Qayd etish lozimki, Prezidentimiz farmoni bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlangan boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib PISA xalqaro baholash dasturining reytingi boʻyicha jahonning birinchi 30 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish ustuvor vazifa etib belgilangan edi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida dunyoda taʼlim sifatini baholash boʻyicha yetakchilik qilib kelayotgan xalqaro baholash dasturlari, jumladan PISA va PIRLS dasturlarida ishtirok etishga kirishildi.

Xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish, bevosita taʼlim sifatini oshirish bilan bogʻliqdir. Unda ishtirok etish, nafaqat Oʻzbekiston, balki, jahon hamjamiyatida oʻquvchilarning oʻquv dasturlarini yodda saqlab qolganligini baholashdan ularning kompetensiyalarini baholash, yaʼni maktabda egallagan bilimlarini real hayotiy vaziyatlarda qoʻllay olishi, ijodiy va mantiqiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish va uni baholashga oʻtishda muhim vosita boʻlib hisoblanadi.

Oʻqituvchilar va oʻquvchilarning PISA va PIRLS tadqiqotlari haqidagi tasavvurlarini boyitish, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik darajasini oshirish, oʻquvchilarning ijodiy va mantiqiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish, shu orqali taʼlim sifatini oshirishga hissa qoʻshish maqsadida Taʼlim inspeksiyasi, uning huzuridagi Milliy markaz hamda xalq taʼlimi tizimidagi mutaxassislar bilan hamkorlikda 2019-yil davomida qator ishlar amalga oshirildi.

Xalqaro tadqiqotlar boʻyicha xorijiy davlatlarda Inspeksiya va Xalq taʼlimi tizimining 30 nafar xodimlari malaka oshirdi.

Respublikamizning 14 ta hududida, jumladan, xorijiy ekspertlar ishtirokida Toshkent shahri, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida seminarlar tashkil etilib, umumtaʼlim muassasalarining 2800 nafarga yaqin jamoalari qamrab olindi, 260 nafar trener tayyorlandi.

Xalqaro tadqiqotlar boʻyicha 191 ta maktablarda PISA savollari negizida dastlabki tajriba-sinovlar oʻtkazilib, 4873 nafar oʻquvchilar qamrab olindi. TIMSS dasturi savollari negizida Jahon banki bilan hamkorlikda 150 ta maktablarda tadqiqot oʻtkazilib, 4051 nafar oʻquvchilarning matematik savodxonligi baholandi.

PISA va PIRLS doirasida tajriba-sinov oʻtkazish uchun 200 dan ortiq topshiriqlar tarjima qilinib, xalqaro lingvistika markazlari tasdigʻidan oʻtkazildi.

Oʻquvchilarning ijodiy va mantiqiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirishga bagʻishlangan 20 ta videodars va videoroliklar, 7 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma va topshiriqlar toʻplami, shu jumladan 4 nomdagi metodik qoʻllanmalar 10,0 ming nusxadan chop etilib, barcha maktablarga yetkazildi, shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilindi.

“Xalqaro tadqiqotlarda oʻquvchilarning oʻqish savodxonligini baholash”, “Xalqaro tadqiqotlarda oʻquvchilarning matematik savodxonligini baholash”, “Xalqaro tadqiqotlarda oʻquvchilarning tabiiy fanlar boʻyicha savodxonligini baholash”, “Xalqaro tadqiqotlarda boshlangʻich sinf oʻquvchilarining oʻqish savodxonligini baholash” nomli metodik qoʻllanmalar xalqaro baholash dasturlari haqida umumiy tushunchalar, asosiy tamoyillar haqida maʼlumotlar berish va oʻquvchilarda amaliy koʻnikmalarni rivojlantirishga moʻljallangan topshiriqlardan namunalarni hamda ularni baholash mezonlarini oʻz ichiga oladi.

Ushbu qoʻllanmalarning ahamiyati shundaki, ulardagi topshiriqlar namunalari respublikadagi bir nechta maktablarda tajriba-sinovdan oʻtkazilib, takomillashtirilgan holda nashr etildi. Ulardan sinfdan tashqari va toʻgarak mashgʻulotlari davomida yoki mustaqil ravishda oʻquvchilarning savodxonligini oshirish, berilgan topshiriqlarni yechish orqali ularning ijodiy, mantiqiy fikrlash va hayotiy muammolarni hal qilish koʻnikmalarini rivojlantirish, shuningdek, 2021-yilda oʻtkaziladigan xalqaro PISA va PIRLS tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrishda foydalanish tavsiya etildi.

Bu kabi seminarlar Qashqadaryo viloyatida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing