Matematika fani bo‘yicha darsliklar yangilanadi

2020 yilning yakuniga qadar matematika fanidan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlashtirish tizimi joriy etiladi. Prezident va ijod maktablari, tuman markazlaridagi ixtisoslashgan maktablarga taniqli matematiklar biriktiriladi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Innovatsion rivojlanish vazirligida Matematika fanini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhning kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Muhokamada maktab o‘quvchilari uchun matematika fanidan oddiy va tushunarli tilda yozilgan darsliklarni va o‘quv qo‘llanmalarni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Ishchi guruh a’zolariga maktab darsliklarini tanqidiy ko‘rib chiqib, darsliklardagi xato va kamchiliklarni belgilash, darsliklarni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand va Namangan viloyatlarida Fanlar akademiyasining Matematika instituti bo‘linmalarini tashkil etish bo‘yicha ko‘riladigan ishlar tahlil qilindi.

Ishchi guruh a’zolari matematika fanini rivojlantirishga qaratilgan turli chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdilar. Xususan, 2020 yil davomida matematika fani bo‘yicha o‘quvchi, talaba va o‘qituvchilar o‘rtasida turli nominatsiyalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilishi, har bir tuman markazida faoliyat olib borayotgan maktablar negizida bittadan matematika faniga ixtisoslashgan maktablarni tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mazkur maktablarda faoliyat ko‘rsatadigan o‘qituvchilarga qo‘shimcha ustama haqlari to‘lash masalasi ham o‘rganilmoqda.

2020 yilning yakuniga qadar esa matematika fanidan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlashtirish tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, Prezident va ijod maktablari, tuman markazlaridagi ixtisoslashgan maktablarga taniqli matematik-olimlar biriktiriladi.

Shu bilan birga qator vazirlik va idoralar, xususan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish vazirligi, Davlat test markazida ham maxsus ishchi guruhlar tashkil etilayotgani ma’lum qilindi va hamkorlikda matematika sohasidagi ishlarni birdamlikda amalga oshirishga kelishib olindi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing