MAKTABLARGA YORDAM UMUMMILLIY HARAKATGA AYLANMOQDA: DAVLAT VA MAHALLIY BOSHQARUV ORGANI RAHBARLARI MAKTABLARNI OTALIQQA OLDI

Mamlakatimiz vazirlik va idoralari, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari, shuningdek sektor rahbarlari xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritayotgan umumtaʼlim maktablarini otaliqqa oldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2019-yilning 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi.

Mazkur yigʻilish bayoniga muvofiq vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, sektor rahbarlarining otaliqqa olish roʻyxati va ularning oʻquv muassasalariga tashriflari rejasini tasdiqlash boʻyicha vazifalar belgilab berildi.

Ushbu vazifaga masʼuliyatli yondashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli topshirigʻi bilan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, sektor rahbarlari xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritayotgan umumtaʼlim maktablariga otaliqqa biriktirildi. Jumladan, vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda ularning oʻrinbosarlari Toshkent shahridagi 302 ta umumtaʼlim maktabini otaliqqa oldi. Shu bilan bilan birga, mahalliy davlat organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari 119 ta maktab, sektor rahbarlari 815 ta maktabga biriktirildi.

Biriktirilgan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, sektor rahbarlari har oy otaliqqa olingan maktablariga tashrif buyuradi. Tashrif doirasida ular “Vazir soati”, “Hokim soati”, “Tadbirkor va bankirlar sabogʻi”, “Hayot saboqlari” kabi ochiq darslarini oʻtkazish bilan birga oʻquv muassasasi faoliyati va muammolari bilan yaqindan tanishib boradi.

Umumtaʼlim maktabi (filiali) binosini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy taʼmirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yoʻllar va boshqalar) zarur holatda saqlash choralarini koʻrish boʻyicha ishlarni oʻz nazoratiga oladi.

Oʻz oʻrnida biriktirilgan rahbarlar maktablarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, jihozlash, jumladan, kutubxonalarni yangi adabiyotlar bilan boyitish, oʻquv muassasasini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha koʻmak beradi.

Rahbarlarga yuklatilgan vazifalar orasida maktablarni yangi oʻquv yiliga va kuz-qish mavsumiga oʻz vaqtida va samarali tayyorlash boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish hamda Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusini amalga oshirish boʻyicha umumtaʼlim maktablarini tayyorlash va bu yoʻnalishda oʻtkaziladigan tadbirlarga homiylik qilish ham nazarda tutilgan.

– 2019-yilning 23-avgust kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz maktab taʼlimini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur, deb taʼkidladi. Maktablarni respublikadagi vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlar rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, sektor rahbarlariga otaliqqa berish orqali biz joylardagi maktablarning infratuzilmasini takomillashtirish va taʼlim sifatini oshirish boʻyicha qoʻyilgan maqsadlarga erishamiz. Umid qilamizki, mamlakatimiz kelajagiga befarq boʻlmagan yirik davlat va xususiy korxonalar, banklar, tashkilot vakillari ham bu harakatga qoʻshilib, maktablarimizni rivojlantiradi. Faqat birgalikdagina koʻzlangan maqsadga erisha olamiz! — dedi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Ibroxim Djurayev.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing