«Matematika tizimli fikrlashga o‘rgatadi» – Erkinjon Karimov ilm-fandagi yutuq va muammolar haqida

O‘zFA Matematika instituti katta ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi Erkinjon Karimov o‘zbekistonlik taniqli matematik olimlardan hisoblanadi.

Ummon sultonligining Sulton Qabus universitetida ilmiy safarda bo‘lib turgan olim suhbat davomida ilm-fanga berilayotgan e’tibor, xususan, matematika fani rivojiga bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlarga munosabat bildirdi.

Shuningdek, u ilm va ta’limdagi mavjud muammolarga ham to‘xtalib, ularni hal etishda noreal usullardan foydalanmaslik zarurligini aytib o‘tdi.

– Qaratilayotgan e’tibor natijasida ilm-fanga munosabat va yondashuv o‘zgaryaptimi?

– Albatta, o‘zgarish bor. Avvalo, prezident shaxsan ajratib ta’kidlagani uchun matematikaga barcha darajadagi amaldorlarning munosabati o‘zgardi. Yondashuv esa asta-asta shakllanyapti.

Innovatsion rivojlanish vazirligidagi mas’ullar bu borada yurtimizning barcha darajadagi matematiklari bilan muloqotga kirishgan. Ulardan mamlakatimizda matematikani rivojlantirish bo‘yicha takliflarni olishmoqda, maxsus ishchi guruhlar bu takliflarni saralash bo‘yicha ish olib borayotganiga guvohman. Yaqin orada buning natijalarini ko‘rib qolsak kerak.

Bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Vaqt tig‘iz deb shoshilinch ravishda xulosalar qilish yaramaydi. Shu sababli qandaydir noreal muddatlar qo‘yib, turli «yo‘l xaritalari» ishlab chiqishdan uzoqroq bo‘lgan ma’qul deb o‘ylayman.

Endi umuman, ilm-fanga bo‘lgan e’tiborni, bu borada qilinayotgan o‘zgarishlar haqida gapirsak, dinamika yetarli emasdek tuyulyapti.

Prezident barcha jabhalarda, jumladan, iqtisodiyotda ham ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishni talab qilyapti. Olinayotgan ilmiy natijalarni tijoratlashtirish vazifalari qo‘yilyapti.

Manfaatdor vazirliklarning mas’ullari O‘zFA ilmiy-tekshirish instituti xodimlari bilan shaxsan uchrashuvlar tashkil qilayotgani haqida OAVlarda ko‘p o‘qiyapman. Ijro hokimiyati olimlar tomon qadam tashlagandek, lekin barcha ilmiy tekshirish institutlarida ham tijoratlashtirishga, amaliyotga tatbiq etish uchun tayyor, jahon miqyosida raqobatbardosh ishlanmalar bormi? Bunga aksariyat hollarda ha deb javob bera olmaymiz.

Lekin tayyor ishlanmalarniyam yetarlicha samarali tijoratlashtirish mexanizmida ham nuqsonlar bor. Bu – byurokratik xarakterdagi to‘siqlar, davlat korxona-tashkilotlaridagi eskicha munosabat hamda ba’zi hollarda korrupsion manfaatlar ko‘rinishida namoyon bo‘layotgani achinarli hol. Bunda endi olimlarning aybi yo‘qligi aniq.

Xullas, ikki tomonda ham samarali hamkorlik yo‘lida qiladigan ishlar ko‘p. O‘zFA tarkibidagi ilmiy tadqiqot institutlarining budjet ta’minotiga o‘tkazilishi bu jarayonga yaxshigina ijobiy turtki beradi deb o‘ylayman. Davlat uchun dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqotlar olib borish, ilmiy natijalarni samarali tijoratlashtirish natijasida davlat ilm-fanga ajratadigan mablag‘lar to‘liq o‘zini oqlay boshlaydi. Boshida bunday bo‘lmasligi aniq, chunki hali ilmiy-tadqiqot institutlarimiz zamonaviy laboratoriya jihozlariga ega bo‘lishi, malakali mutaxassislarni tayyorlab ulgurishi, hozirda faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlarning ilmiy yo‘nalishlarini o‘zgartirishlariga ham vaqt, ham moliyaviy mablag‘ zarur bo‘ladi. Asosiysi – shu jarayonni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish.

– Prezident Matematika instituti ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashiga to‘la mustaqil vakolat berishni aytdi. Bu OAKning ilmiy daraja berishga qo‘yadigan talablari pasayadi deganimi?

– Bu men uchun og‘riqli savol. Men amaldagi ilmiy daraja berish tizimiga qarshiman. Shuning uchun ham fikrlarim noxolis tuyulishi mumkin. Shunday bo‘lsa ham qandaydir asoslar bilan javob berishga harakat qilaman.

O‘zi ilmiy daraja berish OTM yoki ITMlarga o‘tishi kerak. Lekin bu jarayon birdaniga emas, qadam-baqadam amalga oshirilgani ma’qul. Matematika institutiga bu vakolatni berish dastlabki qadam bo‘ladi.

O‘zingizga ma’lumki, aksariyat rivojlangan davlatlarda Oliy attestatsiya komissiyasi mavjud emas va ilmiy darajalar universitetlarning o‘zi tomonidan beriladi. Universitetlarning reytingiga qarab ular bergan ilmiy darajaning obro‘si ham yo zalvorli, yo kuchsiz bo‘ladi. Xullas, bizdayam kelajakda shunday bo‘ladi deb umid qilaman, har holda ketuv shunaqa.

Lekin ma’lum muddat (balki 3-4 yil), to OTMlarimiz moliyaviy mustaqillikka erishib, kadrlar salohiyatini joyiga qo‘yib, dunyo miqyosida mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olgunicha OAKga muhtojligimiz bor. Chunki hali yetarlicha tayyor bo‘lmagan OTMlarimiz tomonidan turli sub’yektiv sabablarga ko‘ra nomunosib holatda berilgan ilmiy darajalar O‘zbekiston ilmiy darajalariga xalqaro miqyosda ishonchsizlik olib kelishi mumkin.

Shuni ta’kidlashni istardimki, OAKning hozirdagi faoliyati, menimcha, qoniqarli emas. Hali ham ko‘p to‘siqlar bor, byurokratik mashina ishlayapti. Hali ilmiy tadqiqotlar boshlanmay turib dissertatsiya mavzularini rasmiylashtirish, himoya jarayonidagi avtoreferat kabi eskilik sarqiti, uning matnidagi siyosiy tus (misol uchun, matematikaga oid tadqiqot dolzarbligini asoslash uchun prezidentning ma’lum farmonlariga havola berish) bevosita OAKga borib taqaladi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ham hozirda amalda bo‘lgan ikki tabaqali tizimning afzalliklari haqida biror asosli fikr bildirilarmikan deb kutgandim. Afsuski, bunday fikr yangramadi.

Adolat yuzasidan ta’kidlashim kerakki, yaqinda e’lon qilingan binar ilmiy daraja berish haqidagi qaror to‘g‘ri qaror bo‘ldi va bu OAKning mehnat mahsuli ekanini ko‘pchilik qatori men ham bilaman. Ilmiy unvonlarni berish vakolatini OTM va ITIlarga berish ham yuqorida ta’kidlaganimiz bosqichma-bosqich qadamlardan biri va u to‘g‘ri qadam.

Endi ilmiy kengashga beriladigan to‘la vakolat haqida gapiradigan bo‘lsam, buni qanday qonuniy asosda amalga oshiriladi, bilmayman. Hozirda OAK tomonidan tasdiqlangan ilmiy kengashlardagi vakolatdan ortiqroq vakolat, misol uchun, ilmiy darajani bevosita matematika instituti tomonidan (OAKning ishtirokisiz) berilishi ko‘zda tutilsa, unda tegishli qaror, farmonlarga o‘zgartirish kiritish kerak.

«Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi qonunni asos qilib, OTM yoki ITIlarida ilmiy kengash ochish uchun uning a’zolarining yarmidan ko‘pi shu muassasada faoliyat ko‘rsatishi kerak, degan talablar qo‘yildi. Balki bu talab borasida yengilliklar berilar, bilmadim. Xullas, kichkina shu qadam uchun ham, agar uni qonuniy asosda qilishni xohlasak, amaldagi farmon, qarorlarga o‘zgartirish kiritish talab qilinadi, bu esa oson ish emas.

OAKning ilmiy darajalarga qo‘yayotgan talablari pasayadimi-yo‘qmi? Pasaysa kerak, lekin bu qaysi ko‘rinishda bo‘lishi OAK va ilmiy jamoatchilikning faolligiga bog‘liq.

Yuqorida ta’kidlaganim, amaldagi ikki tabaqali ilmiy daraja – PhD (falsafa doktori), DSc (fan doktori) hozirgi vaziyatda:

birinchidan, rivojlangan mamlakatlar bilan ilmiy faoliyat tomonidan uyg‘unlashishga xalaqit qiladi. Chunki bizdagi DSc (fan doktori) ilmiy darajasining muqobili u davlatlarda yo‘q va bizning olimlarimiz bu ilmiy darajasi mahalliy xarakterga ega bo‘lib qoladi.

To‘g‘ri, Rossiya va shunga o‘xshash bir necha sobiq ittifoq tarkibidagi mamlakatlarda ishlashi mumkin, lekin u tomonlarga bizning olimlarimizning akademik harakatchanligi faol va muntazam emas.

Ikkinchidan, bu ilmiy darajaga qo‘yilgan talablarga javob berguncha, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan talabgor o‘zining ilmiy qiziqish doirasini toraytirishga majbur bo‘ladi. Chunki dissertatsiya ishiga bir mavzuga to‘g‘ri keladigan, tizimlashtirilgan ilmiy natijalarnigina kirita oladi. Bu esa yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, amaliy xarakterdagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanish borasida o‘ziga cheklovlar qo‘yishiga sabab bo‘ladi.

Vaholanki, PhD (falsafa doktori) darajasiga ega bo‘lgan ilmiy xodimlardan unumli foydalanish kerak. Ularning akademik harakatchanligini qo‘llab-quvvatlash, tijoratlashtirish salohiyatiga ega ilmiy tadqiqotlarga jalb qilish orqali fandagi zamonaviy yo‘nalishlarni o‘zlashtiramiz, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini oshiramiz.

Men matematik sifatida, aytaylik ximiklar, biologlar, energetiklar, geologlar bilan ishlashni xohlardim. Lekin men fan doktori bo‘lishni istar ekanman, bu hamkorliklarni keyinga surib turishga majburman. Chunki bu hamkorlikdagi ilmiy natijalarning sof matematik salmog‘i fan doktori ilmiy darajasini olish uchun yetmaydi.

Aksariyat hollarda matematik modellar ilgari olingan ilmiy natijalarga asoslangan bo‘ladi. Bu holatda men ilmiy darajani faqatgina matematik modellashtirish mutaxassisligi bo‘yicha olishga harakat qilishga majbur bo‘laman. U holatda qolgan yo‘nalishlar nega kerak?

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, mamlakatdagi ilmiy daraja berish tizimi islohotga muhtoj va bu islohotni qilishda nafaqat katta avlod vakillari, balki o‘rta va yosh avlod vakillarining ham fikri inobatga olinishi, tuziladigan ishchi guruh barcha asoslarni sinchiklab taqqoslashi va keyin yakuniy xulosaga kelishi kerak.

– Hozir matematika bo‘yicha 500 nafar pedagog va ilmiy tadqiqotchi bor. Ularning sonini 5 ming nafarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bu vazifani amalga oshirishda nimalar hisobga olinishi kerak, deb hisoblaysiz?

– Matematika sohasida ilmiy tadqiqotchilar ko‘payishi tarafdoriman. 5 ming bu – ramziy raqam, bunga jiddiy tarzda mo‘ljal olish kerak emas. Biz tadqiqotchilarning sifatiga ham e’tibor qaratishimiz lozim.

Bu vazifani amalga oshirishdagi dastlabki qadam – magistrlik darajasiga ega va turli sabablarga ko‘ra faoliyatini maktab, litsey, kollej yoki boshqa muassasalarda davom ettirayotgan yoshlarning ichidan ilmiy salohiyatga egalarini saralab olish bo‘ladi.

Joriy yildan OTM va ITIlarga stajyer tadqiqotchilar berildi. Bu ham vazifani amalga oshirishda ozgina bo‘lsa-da hissa bo‘ldi. Masalan, matematika instituti 8 nafar stajyerni ishga oldi. Bu yoshlar potensial tayanch doktorantlar hisoblanadi.

OTMlarda dars yuklamasi ko‘pligidan ezilib yurgan qancha yoshlarimiz bor. Ularga ilmiy faoliyat yuritishlari uchun imkoniyat yaratishimiz kerak. OTM va ITIlarda postdok (PhD ilmiy darajasiga ega, ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanadigan) pozitsiya (lavozim)larini ochishimiz kerak. Bu bilan OTMlarda ham ilmiy faoliyatni kuchaytirishga turtki bergan bo‘lamiz.

Chet el universitetlarida yana bir o‘rnak olsa bo‘ladigan yaxshi tajriba bor. Universitetdagi professorlar ilmiy loyihalar doirasida tadqiqot ishlariga talabalarni jalb qiladi. Bu – aksariyat holatlarda magistrantlar, ayrim holatlarda bakalavriatda o‘qiydigan talabalar ham bo‘lishi mumkin. Ular asosiy o‘qishiga halaqit bermagan holda bevosita ilmiy tadqiqot ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishadi va kelajakda bu faoliyatni davom ettirish salohiyatiga ega kadrlarga aylanishadi.

Bizda ham bunday tajribani yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi. Buyam ilmiy kadrlar uzluksizligini ta’minlashga o‘ziga xos hissa qo‘shadi deb o‘ylayman. Masalan, men matematika institutida shunday magistrantlar, hatto bakalavrlar faoliyat yuritishini xohlardim.

– Yetakchi va ilg‘or ilmiy tadqiqotlarga jamiyatning tegishli sohalari qanchalik tayyor?

– Yuqorida ta’kidlaganimdek, ilg‘or ilmiy tadqiqotlar uchun hali yetarli shart-sharoitga ega emasmiz, lekin bor imkoniyatdan foydalanib bunday tadqiqotlarni olib borayotganlar ham borligini e’tirof etaman. Ishlab chiqarishdagilar ilg‘or ilmiy tadqiqot natijalaridan foydalana olishga tayyormi?

Xususiy korxonalar, menimcha, shuning tarafdori, lekin moliyaviy imkoniyatlari qadar tatbiq qila olishadi, xolos. Davlat aktividagi korxona-tashkilotlar esa yuqoridan keladigan signal asosida ishlashga o‘rgangani uchun bir narsa deyish qiyin.

Davlat korxonalari topshiriqni bajarish uchun ham xo‘jako‘rsinga bunday hamkorlik imitatsiyasini yaratishi mumkin. Buning oldini olish uchun esa samarali nazorat tizimi mavjud bo‘lishi kerak.

Ayrim vazirlarning siyosiy irodasi, qat’iyati, misol uchun, Qishloq xo‘jaligi vaziri, sohada bu yo‘nalishda jiddiy ijobiy siljishlarga guvoh bo‘lishimizga umid berayotgandek.

– Universitetda o‘qib yurganimizda bir dasturchi ustozimiz aytardi: «Men doim takrorlab kelaman, siz matematikmisiz, demak siz – dasturchisiz. Dasturchimisiz, demak matematik bo‘lishingiz kerak, bo‘lmasa nolsiz». Shu fikrni qanday izohlaysiz?

– Axborot texnologiyalar sohasi, xususan, dasturchilik hozirgi zamonimizdagi eng talabgir mutaxassisliklaridan biri. Dasturlash odamdan tizimli fikrlashni talab qiladi. Bunday fikrlashni esa matematika fani samarali o‘rgatadi.

Matematikani yaxshi bilgan odam dasturlashni tez o‘zlashtirishi bor gap. Noto‘g‘ri natijaga qarab xatoni qidirish, har bir etapda qilingan xato qaysi oqibatlarga olib kelishini beixtiyor tahlil qilib borish malakasi aynan matematikani o‘rganganingizda paydo bo‘ladi. Dasturlashda esa bu juda muhim.

Men shaxsan, ayni damda yoshim 40dan o‘tgan bo‘lsa ham sun’iy intellekt borasidagi tadqiqotlar, xususan, «deep learning»ga (sun’iy intellekt konsepsiyasining bir qismi) qiziqyapman. Dastlab matematik asoslari tomonidan qo‘shilsam, keyinchalik dasturlash qismlariga ham o‘tishga majbur bo‘lsam kerak. Umid qilamanki, o‘shanda matematikligim ancha qo‘l keladi

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing