Bolaga taalluqli har qanday masalada uning fikri inobatga olinadi – Senat

O‘zbekistonda bola huquqlarini kafolatlash borasidagi bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilishi kutilmoqda

Foto: KUN.UZ

Ayni damda davom etayotgan Senatning ikkinchi yalpi majlisida senatorlar bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘rib chiqishdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

 “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun, “Oila kodeksi”, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda “Jinoyat protsessual kodeksi”ga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilanmoqda.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayevning ma’lumot berishicha,  aliment undirish masalasida yangi tartib o‘rnatiladi. Ya’ni 14 yoshga to‘lgan bola ota-onasi bilan yashamagan taqdirda, o‘z ta’minoti uchun ota yoki onadan, yoki ularning har ikkisidan aliment undirish haqida da’vo qo‘zg‘ata olishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, bolaning hayoti bilan bog‘liq har qanday masalada uning fikri birlamchi omil sifatida inobatga olishini ham qonuniy asos bilan qat’iylashtirilmoqda.

“Vakolatli organlar va ularning mansabdor shaxslari hozirga qadar bolaning manfaatlari bilan bog‘liq masalani hal etishda uning fikriga jiddiy qaramagan . “Yosh bola nimani ham bilardi”, qabilida ish tutilgan. Endilikda qaror qabul qiluvchi organlar va mansabdor shaxslar bolaga taalluqli har qanday masalani hal qilishda, yoshidan qat’iy nazar, bolaning fikrini eng muhim omil sifatida inobatga olishi ko‘rsatib o‘tilmoqda”, deydi Baxtiyor Sayfullayev.

Ma’lum qilinishicha, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga asosan, voyaga yetmagan shaxslar o‘z erkinliklari, huquqlariga ega bo‘lishi bo‘yicha davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan bu murojaat ko‘rib chiqilishi bolaning qonuniy vakillari − vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar to‘liq muomalaga layoqatli bo‘lmagani uchun ularning murojaatlari ko‘rib chiqilmasligiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Senatorlar qonun hujjatlariga kiritilayotgan mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalarni bir ovozda ma’qulladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing