XTV maktablardagi ta’til bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi

image

O‘zbekistondagi barcha ta’lim muassasalari 16 martdan ta’tilga chiqishini ma’lum qilgandik. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi mazkur holat bo‘yicha izoh berdi.

Qayd etilishicha, mazkur qaror 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish va ta’lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash yuzasidan respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilindi.

Maktablarda ta’til qilinishi ta’lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash hamda o‘quvchi va o‘qituvchilarning sog‘lig‘ini himoyalash maqsadida e’lon qilinmoqda.

“Shu bilan birga, o‘quvchilar ta’til paytida bilim olishlari uchun O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekompaniyalar bilan birga o‘quv dasturlarida rejalashtirilgan dars mashg‘ulotlarini televizion efirga uzatish uchun videodarslar tasvirga olinadi hamda efir vaqtlari ajratadi.

Televizion videodars mashg‘ulotlarini tayyorlash va uni tasvirga olish bo‘yicha soha xodimlaridan iborat tashkiliy-ijodiy guruh tuziladi.

Videodarslar Xalq ta’limi vazirligining ijtimoiy tarmoqlaridagi kanallar va rasmiy veb-saytlarida, elektron axborot portallari (onlain maktab) orqali ham namoyish etib boriladi.

Shuningdek, komissiyaning topshirig‘iga ko‘ra maktablarda tozalik va dezinfeksiya tadbirlari kuchaytiriladi, ta’lim muassasalaridagi tibbiyot xonalarini zaruriy tibbiy asbob-uskunalar, zararsizlantiruvchi vositalar hamda dori-darmonlar bilan ta’minlanadi”, deyilgan XTV bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi. Virus Fransiyadan kelgan o‘zbekistonlik ayolda aniqlandi. Ayolning oila a’zolari va u bilan bir reysda kelganlar karantinga olinishin ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 156 740 kishi koronavirusga chalingan, ularning 5839 nafari vafot etgan, 75 935 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing