18 martdan maktab o‘qituvchilari ham ta’tilga chiqariladi – Sherzod Shermatov

Maktab direktorlari, ularning o‘rinbosarlari, psixologlar, farroshlar, qorovullar ishini davom ettiradi.

18 martdan e’tiboran umumta’lim maktablardagi barcha o‘qituvchilar muddatidan avval ta’tilga chiqariladi. Bu haqida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

«Hammaga ma’lumki, karantin munosabati bilan o‘quvchilar navbatdan tashqari ta’tilga chiqarilgach, odamlarda bu borada savollar paydo bo‘ldi. O‘quvchilar bo‘lmasa, o‘qituvchilar maktabda nima qilishi haqida.

Ertadan boshlab hamma o‘qituvchilar ham ta’tilga chiqadi.

Qonunga ko‘ra, 21-27 mart kunlaridagi rejali ta’til vaqtida ham o‘qituvchilar ishlab berishi kerak edi. Hozir bu vaqtdagi ishlarini ham masofadan turib bajarishiga ruxsat beryapmiz. Ya’ni o‘qituvchilar maktabda bo‘lishiga hojat qolmaydi. Rejalashtirilgan ta’til davrida ko‘zda tutilgan pedagogik yuklamalar pedagoglar tomonidan o‘rnatilgan tartibda oylik ish haqlari saqlab qolingan holda masofadan turib bajarilishi mumkin bo‘ladi», dedi vazir «O‘zbekistonda koronovirus infeksiyasining tarqalishi va unga qarshi ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar» mavzusida brifing chog‘ida.

18 mart kunidan mehnat ta’tiliga chiqadigan o‘qituvchilarga mehnat ta’tili davri uchun mablag‘ to‘lanadi.

Masofadan turib o‘quv jarayonini tashkil etish hamda ta’lim muassasa va tashkilotlarning bino va inshootlarini samarali saqlash ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida qo‘yidagi lavozimlarda ishlovchi xodimlar o‘z faoliyatini ish joyida amalga oshiradi:

1. Direktor;
2. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari;
3. Manaviy ma’rifiy ishlar buyicha direktor o‘rinbosari;
4. Xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari (yoki xo‘jalik ishlari mudiri);
5. Psixolog;
6. Yoshlar yetakchisi;
7. Farrosh;
8. Qorovul.

Xalq ta’limi vaziri maktab ta’tili davrida videodarslar qanday shaklda tashkil etilishi haqida ham ma’lumot berdi.

«Hukumat komissiyasi o‘quvchilarning ta’til paytida bilim olishi uchun Xalq ta’limi vazirligiga O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallar bilan hamkorlikda o‘quv dasturlarida rejalashtirilgan dars mashg‘ulotlarini televizion efirga uzatish uchun videodarslar tasvirga olinishi hamda efir vaqtlarini ajratish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Mazkur videodars mashg‘ulotlarini tayyorlash va uni tasvirga olish bo‘yicha soha xodimlaridan iborat tashkiliy-ijodiy guruh tuzildi va hozirda videodarslarni tasvirga olish ishlari boshlandi. Videodarslar tayyor bo‘lganidan keyin televideniye va Xalq ta’limi vazirligining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari (@uzedu) va rasmiy veb-saytlarida (www.uzedu.uz), elektron axborot portallari (online maktab) orqali ham namoyish etib boriladi. Videodarslar va namoyish vaqtlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlik rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari hamda Kundalik tizimi orqali chop etib boriladi.

Videodarslar tayyor bo‘lgunga qadar Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi tajribali o‘qituvchilar bilan birgalikda o‘quvchilarga ta’til paytida uyda mustaqil tarzda ta’lim olishlari uchun namunaviy dars tavsiyalarini ishlab chiqdi. Hozirda mazkur tavsiyalar Xalq ta’limi vazirligining rasmiy saytiga (www.uzedu.uz) joylanmoqda.Namunaviy tavsiyalar ixtiyoriylik tamoyili asosida bo‘lib, fan o‘qituvchilari o‘zlarining yillik ish rejalari asosida tegishli o‘zgartirish kiritishi mumkin», deydi u.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing