Yuqori Chirchiqda 20 800 o‘rinli maxsus shifoxona foydalanishga topshirilishi kutilmoqda

Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida karantinga olingan fuqarolarni saqlash uchun maxsus shifoxona qurilmoqda. 55 gektar hududda barpo etilayotgan 3 467 konteyner o‘rnatilib, barcha qulayliklarga ega konteynerlarda 4 nafardan 8 nafargacha shaxs uchun o‘rin mo‘ljallanmoqda.

Foto: Tosh vil hokimligi axborot xizmati / Nozimbek Ismoilov

Maxsus shifoxonada charter reyslarda xorijiy mamlakatlardan olib kelinadigan o‘zbekistonliklar karantinda saqlanadi. Poytaxtdan 25 kilometr uzoqlikda. Bu yerda barcha sharoitlar mavjud bo‘ladi. Shifoxonani 5 ish kunida barpo etish ko‘zda tutilgan.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ayni paytda qurilish obektida 45 ta brigada 1 100 nafardan oshiq quruvchi, 100dan ortiq og‘ir texnika ishlayapti. Qurilish yakunida karantin muassasasida 20 800 nafar shaxs izolyatsiyaga olinadi.

Maxsus izolyatsiya xonalarida 4 kishi davolanib, profilaktika qilinadi. Xonalar barcha tibbiyot jihozlari va sanitariya-gigiyena vositalari bilan jihozlangan. Shuningdek majmuada ovqatlanish, laboratoriya, tibbiyot xodimlari va xo‘jalik qismlarini ham qurish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Maxsus karantin xonasida tibbiyot xodimlari uchun turarjoylar, reanimatsiya bo‘limlari va karantin uchun maxsus xonalar ham barpo etiladi. Konteynerlar elektr energiyasi, issiq va sovuq suv va boshqa kommunikatsiya tarmoqlariga ulanadi.

28 mart kuni foydalanishga topshirilishi kutilayotgan maxsus shifoxona qurilishi qanday kechayotgani haqida Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati fotoreportaj tayyorlagan.

 




Pedagoglarning attestatsiya imtihonlari onlayn o‘tkazilmaydi

Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Feruza Madrahimova pedagog kadrlar attestsiya imtihonlari onlayn tashkil etilmasligini ma’lum qildi.

Foto: Facebook /seaclinic

«Shu yili 2-7 mart kunlari Toshkent shahrining birinchi va oliy toifaga topshirgan pedagoglari uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Viloyatlarniki 25 martdan boshlanishi kerak edi, karantin sababli to‘xtatildi.

Pedagog kadrlar attestatsiyasini uyda onlayn topshirish tashkil etilmagan. Karantin davri tugagandan keyin, imtihon muddatlari bo‘yicha bir necha kun oldin xabar beriladi. Jarayon kechikib, sertifikatning amal qilish muddati tugab qolsa, o‘qituvchining malaka toifasi tushirib yuborilmaydi», dedi Madrahimova AOKAda tashkil etilgan shtabda o‘tkazilgan brifingda.

Brifingda barcha ta’lim muassasalari attestatsiyasi qachon o‘tkazilishi haqidagi savolga ham izoh berildi.

Qayd etilishicha, karantin davrida attestatsiya jarayonlari to‘xtatilgan va bu haqda hududiy attestatsiya komissiyalariga xabar berilgan. Hozirda inspeksiya attestatsiya hujjatlarini masofadan turib tahlil qilish rejimida ish olib bormoqda. Ya’ni ta’lim muassasalari va ekspertlar o‘rtasida elektron ko‘rinishda hujjatlar almashinuvi yo‘lga quyilgan.

Ta’lim muassasalariga tashrif buyurgan holda o‘rganish (dars tahlillari, ta’lim oluvchilar, pedagoglar, ota-onalar va ish beruvchilardan so‘rovnomalar, sifatli ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlarga baho berish) karantin tugagandan so‘ng amalga oshiriladi. Bu yilgi attestatsiyalar o‘tkazish rejasida belgilangan barcha ta’lim muassasalari qamrab olinadi.




Maktab bitiruvchilariga attestat berish kechikishi mumkin

Karantin davrida maktablar yopilib, ta’lim jarayonidagi uzilish sababli maktab bitiruvchilariga attestat berish kechikishi mumkin.

 Karantin muddati kuzgacha cho‘zilib ketsa, maktab bitiruvchilariga attestat imtihonlarsiz beriladimi? Onlayn va video darslar qachon boshlanadi? O‘qituvchi o‘quvchini qanday nazorat qiladi? Shu va shu kabi savollar yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov bilan suhbatlashdik.

Anvar Umarov

 – Karantin muddati kuzgacha cho‘zilib ketsa, maktab bitiruvchilariga attestat imtihonlarsiz beriladimi va bu jarayon oliy ta’lim imtihonlariga qanchalik ta’sir qiladi?

 – Bu masala bo‘yicha Oliy ta’lim vazirligi va Davlat test markazi bilan hamkorlikda ishlamoqdamiz. Bu vaziyat karantin tugashi bilan bog‘liq. Agarda karantin ertaroq tugasa darslarni boshlaymiz va imtihonlar ham o‘z vaqtida bo‘ladi. Bundan tashqari o‘quvchilar uchun video darslar tayyorlanmoqda. Bitiruvchilarga imtihon o‘tkazilganidan so‘ng attestat beriladi. Tavsiyamiz shuki, darslarni qoldirmanglar

 – Onlayn va video darslar qachon boshlanadi?

 – Hozirda Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda video darslar tayyorlashmoqda. Ayni vaqtga kelib 1 sinfdan 11 sinfgacha 350ga yaqin video darslar tayyorlandi. Joriy yilning 26 mart kunidan anonslari berib boriladi. To‘liq darslar 30 mart kunidan boshlab efirga chiqadi. Hozirda qaysi telekanallardan ko‘rsatilishi muhokama qilinmoqda. Bu haqida Xalq ta’limi vazirligining veb-saytida xabar qilinadi.

 – Onlayn va video darslar davomiyligi 15-20 daqiqa etib belgilanibdi. Bu kam vaqt emasmi?

 – Darslikning davomiyligiga keladigan bo‘lsak, har bir dars 15-20 daqiqa deb belgilangan. Bunda asosan o‘qituvchilar nazariy tomondan dars berishadi. Bundan tashqari televideniyening ham vaqti cheklanganligi sababli 15-20 daqiqani tashkil qiladi.

 – Onlayn va video darsliklar o‘zbek va rus tillarida efirga uzatiladimi?

 – Hozirda Milliy teleradiokompaniyasida har bir sinf va fan kesimida o‘zbek va rus tillarida suratga olinmoqda.

 – O‘quvchilarning o‘zlashtirishi qanday nazoratga olinadi. O‘qituvchilar o‘quvchilar bilan onlayn shug‘ullanadimi?

 – Bu jarayon uchun alohida platforma yaratilgan. Asosan Toshkent shahrida qo‘llanilishi rejalashtirilmoqda. Bunda internet tezligi, elektr yetishmovchiligi kabi muammolar bo‘lganligi sababli viloyat hududlarida keyinroq amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozircha televideniye orqali efirga uzatilmoqchi bo‘lgan darsliklarni o‘rganishlari maqsadga muvofiq. Shuningdek, o‘qish boshlanganidan keyin oraliq imtihonlari olinadi. Agarda o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchilar aniqlansa, ular bilan alohida shug‘ullanishadi.

Bekjon Jo‘raqulov suhbatlashdi,
tasvirchi Otaxon Yusupov.