Bolada mas’uliyat hissini qanday tarbiyalash mumkin? Psixolog tavsiyalari

Karantin davri – ota-onalar uchun farzandlariga yanada yaqinroq bo‘lish va samimiy munosabatlarni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat. Kun.uz muxbiri shu mavzuda psixolog Gulsanam Ibragimova bilan suhbatda bo‘ldi.

Foto: Myday.uz
Hozirgi vaqtda ota-onalar oldida turgan asosiy vazifalardan biri – farzandlarining ta’til vaqtidagi faoliyatlarini samarali va sermazmun o‘tkazishdan iborat, deydi Toshkent davlat pedagogika universiteti Pedagogika va psixologiya fakulteti dekani Gulsanam Ibragimova.

Yosh davrlar psixologiyasi nuqtayi nazaridan kelib chiqilsa, bola shaxsida o‘yin va o‘qish faoliyatlari parallel namoyon bo‘ladi. Shuning uchun bolalar murakkab topshiriqlarga to‘la vazifalardan ko‘ra, o‘yin faoliyatini afzal ko‘radi.

Ibragimovaga ko‘ra, bu holat ota-onalarga farzandi bilan shug‘ullanishi uchun qiyinchiliklar tug‘dirishi tabiiy.

Buning uchun ota-onalarimiz quyidagi tavsiyalarga amal qilishi o‘rinli, deydi u.

Bolangizga harakatlarining ijobiy va salbiy oqibatlarini tushuntirib boring

Buni o‘z hayotingizdan misollar keltirish orqali tushuntiring. Ya’ni yaxshi joyda ishlashingiz, yetarlicha moddiy mablag‘ topishingiz, farzandlaringizga imkoniyatlar yaratib bera olishingiz… Bularning barchasini yoshligingizda intiluvchan bo‘lganingiz bilan bog‘lab tushuntirishga harakat qiling.

Imkon darajasida siz namuna keltiradigan insonlar farzandingiz uchun tanish bo‘lgani ma’qul.

Qoidalarga nega amal qilish kerak? Bu haqda batafsil ma’lumot bering

Bu o‘z-o‘zidan bolalarda javobgarlik hissini o‘rgatish uchun asosdir. Farzandingiz barcha qoidalarga amal qilishi uchun ularga kutilayotgan yakuniy natijani tasvirlab berishga harakat qiling.

E’tiborli bo‘ling, agar farzandingizga qoidalarni hozirdan o‘rgatmasangiz, keyinchalik o‘rgatish qiyin bo‘ladi.

Farzandingiz mas’uliyatli vazifalarni bajarishiga imkoniyat bering

Farzandingizga uyda bajariladigan ishlar ro‘yxatini taqdim qiling. Ular ichidan bajara oladigan vazifalarini tanlab olishiga imkon bering. Shunday qilib, u o‘zi uchun javobgarlikni tanlash bilan birga ularni qanday qilib to‘g‘ri bajarish haqida o‘ylaydi.

Bu – farzandingizda mas’uliyatni his qilish va o‘ziga nisbatan hurmati oshishiga olib keladi.

Farzandingizga uning yoshiga mos vazifalar bering

Ota-ona sifatida esingizda bo‘lsin, farzandingizga berayotgan topshiriqlaringiz uning yoshiga mos bo‘lishi kerak. Har qanday topshiriqni berishdan oldin o‘zingizni uning o‘rniga qo‘yib ko‘ring.

Farzandingizni imkoniyatlariga to‘g‘ri kelmaydigan topshiriqlarni berish orqali jazolashga urinmang. Buning natijasida bolada o‘ziga ishonchsizlik hissi paydo bo‘lishi mumkin.

Farzandingizga mas’uliyatli bo‘lishi uchun kerakli vositalar bilan ta’minlang

Farzandingiz o‘zini o‘zi tarbiyalashi uchun zarur vositalar bilan ta’minlash orqali javobgarlikni zimmasiga olishga o‘rgating.

Masalan, o‘z vaqtida uyg‘onishini istasangiz, uyg‘otkich-soat olib bering. Har hafta maktab va uy vazifalariga sanalarni yozib berib, natijasini nazorat qiling. Bu ham farzandingizni maktabda yaxshi o‘qishiga undashi bilan birga kelajakka mas’uliyatli qarashiga olib keladi.

Biz ota-onalar doimo farzandimizda mas’uliyatlilik hissini tarbiyalash o‘z qo‘limizda ekanini yodimizda tutishimiz kerak. Shu bilan birga, avvalo o‘zimiz mas’uliyatli inson sifatida o‘rnak ko‘rsatishimiz talab etiladi.

Kelgusida psixologning ota-onalar uchun farzandlar bilan samimiy munosabat o‘rnatish qoidalari borasidagi tavsiyalari taqdim etiladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing