SH.SHERMATOV: “AYRIM KIMSALAR TUFAYLI OʻQITUVCHILARNING RUHI BIROZ SINDI, DILI OGʻRIDI”

Pandemiya sharoitida oʻqituvchilarni ham kun qahramonlari safiga qoʻshish kerak… Bu eʼtirof ijtimoiy tarmoqlarda ustozlar nomiga minnatdorlik izhorlarida bot-bot aytilmoqda. Oʻz navbatida, masofaviy darslar bilan bogʻliq turli fikrlar bildirilmoqda.

Aholining bu kabi mulohazalariga, savollariga munosabat bildirish maqsadida OʻzA muxbiri Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sherzod ShERMATOV bilan telefon orqali bogʻlanib, quyidagi fikrlarini yozib oldi:

– Oʻqituvchilar mehnatining bu eʼtirofiga osonlikcha erishilmayapti,– deydi Sh.Shermatov. – Onlayn darslarni yoʻlga qoʻyish uchun atigi bir hafta vaqtimiz bor, shu qisqa muddat ichida oʻquvchilarning oxirgi oʻquv choragini yakunlashini tashkil qilishimiz, bungacha ularga taʼlim berish tizimini uzluksiz taʼminlashimiz kerak edi.

Hukumatning yordamida OʻzMTRK, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan tezkor choralar koʻrdik. Internet orqali dars jarayoni olis qishloq hududlarida muammo tugʻdirgani bois, teledarslarni tashkil qilishga ahd qildik. Mehnatlarimizning mahsuli shuki, bugunga qadar koʻpchilik ota-onalardan vazirlik nomiga tashakkurnomalar kelmoqda. Chunki onlayn darslarning namoyish etilishi, qaysidir maʼnoda xonadonlarda ijodiy muhit yaratilishiga, ota-onalarning farzandlari bilan vaqtini unumli oʻtkazishiga xizmat qilyapti.

Teledarslarni tasvirga olishda imkoniyati cheklangan bolalarni oʻqitish ham inobatga olingan. Barcha dars mashgʻulotlari kar va zaif eshituvchi bolalarga ham tushunarli boʻlishi uchun surdopedagog hamda surdotarjimonlar tomonidan sinxron tarjima qilinmoqda.

Koʻzi ojiz bolalarning esa teledars mashgʻulotlarini ovozli eshitib, tushunib olishiga imkon yaratiladi. Bu jarayonga soha mutaxassislari jalb etilgan. OʻzMTRK telekanallarida teledarslar oʻzbek va rus tillarida berib borilmoqda. Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahalliy telekanali orqali qoraqalpoq tilida efirga uzatilmoqda.

Bu darslarni vazirlik xodimlari bilan birgalikda barchamiz toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib boryapmiz. Jarayonda paydo boʻlgan gʻoyalar bilan oʻrtoqlashib, yangiliklar joriy etishga, kamchiliklarni toʻldirishga, xullas, darslar sifatini borgan sari takomillashtirishga harakat qilyapmiz. Kechagi darsdan bugungi dars, bugungi darsdan koʻra ertangi dars tobora yaxshilanib, yangilanib borishi shart.

Bu jarayonda oʻquvchilarga yengillik boʻlishi uchun qoʻshimcha vazifalar berishga chek qoʻydik. Agar olimpiadalar uchun maxsus tayyorgarlik koʻrayotgan oʻquvchilar boʻlsa oʻqituvchi bilan oʻzaro kelishgan holda mashgʻulotni davom ettirishi mumkin.

Taʼkidlash kerakki, yuzaga kelgan pandemiya tufayli onlayn darslar juda qisqa fursat ichida yoʻlga qoʻyildi. Dars oʻtish uchun oʻqituvchilar tanlab olindi. Yana shuni aytish joizki, taklif etilgan oʻqituvchilar tomonidan hech qanaqa qoʻshimcha shart qoʻyilmadi, ortiqcha pul talab qilinmadi. Biz iltimos qildik, taklif qildik, ular rozi boʻldi. Rahmat shu oʻqituvchilarga.

Teledarslarni endigina boshlagan kezlarimiz, baʼzi xatoliklar uchradi va tushunmovchiliklar tufayli turli tanqidlar kuchaydi. Baʼzilar bizni tanqidni toʻgʻri qabul qilmaslikda aybladi, lekin biz tanqiddan xafa boʻlmagan edik. Faqat ayrim kimsalarning bu oʻqituvchilarni mazax qilishi tufayli biz uchun, xalq uchun xizmatga bel bogʻlagan, oʻzlari tashabbus bilan chiqqan fidoyi oʻqituvchilar ruhi biroz singani, dili ogʻriganidan xafa boʻldik.

Onlayn maktabga aloqasi yoʻq boʻlgan baʼzi telegram kanallaridan yozuvlarni tarqatib, onlayn maktabga bogʻlab, ushbu jarayondagi oʻqituvchilar obroʻsiga yana-da putur yetkazishga boʻlgan harakatlar ham kuzatildi. Biz oʻqituvchini qadrlaydigan zamonga keldik.Ularni obroʻsizlantirish, mehnatini qadrlamaslik tarbiyasizlikdan boshqa narsa emas.

Ushbu onlayn maktab loyihasida ishtirok etayotgan oʻqituvchilarni ham bemalol bugungi kunning qahramonlari, deb atash mumkin.Ularning koʻrsatayotgan jasorati, xizmatlarini tan olmasdan boshqa ilojimiz yoʻq.

Onlayn darslarni tashkil etish boʻyicha bizda katta tajriba yoʻq. Xorijda ham bu yoʻnalish boʻyicha ilk qadamlar qoʻyilmoqda. Aholidan darslarni takomillashtirish boʻyicha takliflar olyapmiz. Takliflarini yuborganlarga minnatdorlik bildiramiz. Vazirlik ishchi guruh tashkil etdi va takliflarni joriy etish ustida ish olib bormoqda. Lekin texnik imkoniyatlar yetarli emasligi bois, teledarslarda hamma fanlar qamrab olingani yoʻq. Bu muammoni ham ijobiy hal etish uchun harakatlar olib borilyapti. Shuni ayta olamizki, oʻquvchilar har qanday vaziyatda ham taʼlimsiz qolib ketmaydi.

Teledarslar va namoyish vaqtlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vazirlik rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari hamda Kundalik.com tizimi orqali berib boriladi. 2020-yil yakuniga qadar jami 5 ming 600 teledarsdan Khan Academy platformasi orqali oʻzbek tilida foydalanish imkoniyati mavjud boʻladi, deb umid qilamiz. Bu platforma oʻquvchilarga darsliklardan tashqari oʻz bilimini oshirish uchun qoʻshimcha manba sifatida xizmat qiladi.

Ota-onalarni qiziqtirgan savollardan yana biri, bitiruv va kirish imtihonlari qay tartibda amalga oshirilishi. Bu masalani Davlat test markazi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda oʻrganib chiqmoqdamiz, natijasi boʻyicha qoʻshimcha axborot beramiz.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing

Copyright © 2021 Yuqori Chirchiq tumani XTBining rasmiy sayti-