Toshkent shahrida 20 nafar maktab o‘quvchisida koronavirus aniqlangan – Bahrom Almatov

Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovning aytishicha, Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi aniqlangan 355 nafar bemorning 52 nafari uy bekasi, 20 nafari maktab o‘quvchisi, 12 nafari uyushmagan yoshlar vakili, 20 nafari ishsiz hisoblanadi.

Фото: KUN.UZ

U bu haqda 17 aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

“Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 355 nafar bemorni kasallikni yuqtirish yo‘li bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, 106 ta holat charter reyslar orqali mamlakatimizga olib kelingan va karantinda saqlangan fuqarolar o‘rtasida aniqlangan. Kasallikka chalingan bemorlar mamlakatimizga kirib kelganidan keyin ulardan 175 ta holatda infeksiya boshqalarga ham yuqqani aniqlangan. Shuningdek, yuqish omili aniqlanmagan 48 ta holat mavjud va bu bo‘yicha biz epidemiologik tekshirish ishlarini davom ettirmoqdamiz. Bu jarayonga fuqarolarimizning o‘zlari, mahalla, ichki ishlar organlari, oilaviy poliklinikalar va boshqa idoralarning mutaxassislari jalb etilgan.

Toshkent shahrida koronavirus bilan kasallanganlarning 52 nafari uy bekasi, 20 nafari maktab o‘quvchisi, 12 nafari uyushmagan yoshlar vakili, 20 nafari ishsiz hisoblanadi. Qayd qilingan bemorlarning ijtimoiy kelib chiqishi, kasbi, yoshi, hayot tarzi, ular bilan muloqotda bo‘lganlarning faoliyatini ham chuqur o‘rgangan holda tahlil qilib boryapmiz. Kasallikning qay darajada yuqishi, qaysi moyil kontengentlar mavjudligi o‘rganilib, kasallik xavfiga duchor bo‘lgan shaxslar ro‘yxati tuzilib, ularning ustidan tibbiy nazorat, qolaversa, laboratoriya tekshiruvlari orqali salomatligiga baho berish yo‘lga qo‘yilgan”, deya Bahrom Almatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning aytishicha, Toshkentda koronavirusni eng ko‘p 20–29 yoshdagilar yuqtirgan. Ushbu yoshdagi bemorlar 88 nafarni tashkil qiladi. Undan keyingi o‘rinda 82 nafar bemor bilan 30-39 yoshlilar turibdi.

“Toshkent shahri bo‘yicha jami qayd etilgan 355 ta holatni tumanlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, Yunusobod tumanida 68 ta, Sergelida 48 ta, Olmazorda 47 ta, Shayxontohurda 37 ta, Yashnobodda 35 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 33 ta, Mirobodda 29 ta, Uchtepada 27 ta, Yakkasaroyda 13 ta holat qayd etilgan.

Ushbu ko‘rsatkichlar infeksiyaning aholi o‘rtasida tarqalganini emas, balki bemorlar qayd etilgan muassasalarning joylashuviga, qolaversa, karantinda saqlanayotgan fuqarolarning karantin maskani joylashgan manzilga ham bevosita bog‘liq. Shuning uchun biz hozir tumanlarda kasallanganlar soni qayd etilishiga qarab turib bizning tumanimizda kamroq yoki boshqa tumanda ko‘proq ekan degan fikrga borishimiz kerak emas.

Bemorlar orasida 60 yoshdan katta yoshdagilar 32 nafarni, 50 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lganlar 28 nafarni, 30-39 yoshdagilar 82 nafarni, 20–29 yoshdagilar 88 nafarni tashkil qiladi. Shuningdek, bemorlarning 7 nafari 1 yoshgacha, 3 nafari esa 1 yoshdan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalardir”, deydi Bahrom Almatov.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing