Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan asosiy vazifalar ijrosi xalq taʼlimi tizimi rahbarlari ishtirokida muhokama etildi.

 

Videoselektor yigʻilishida Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati va xodimlari, viloyat boshqarmalari, tuman boʻlimlari vakillari hamda tayanch maktablar direktorlari sanitar-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda ishtirok etdi. 

Joriy yilning 30-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda taʼlimni rivojlantirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. 

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov mamlakatimizda koronavirus tufayli yoshlarning onlayn taʼlim olishi uchun uchta telekanal orqali televizion darslarni suratga olish va efirga uzatish ishlari yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladi. 

Yoshlarning pandemiya davrida bilim olishini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekistonning xatti-harakatlarini YUNESKO, YUNISEF, Jahon banki kabi qator xalqaro tashkilotlar yuqori eʼtirof etdi. 

Taʼkidlash joizki, videodarslarni sifatini oshirib borish boʻyicha muntazam amaliy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Shunga qaramay, baʼzi joylarda internet sifati pastligi oʻqituvchilarni darsni oʻrganishlariga yoʻl bermayapti degan notoʻgʻri tushuncha shakllandi. Oʻqituvchi va oʻquvchilar televideniye orqali oʻzbek va rus tilida koʻrishini inobatga olsa, bitta darsni kun davomida 4 marotaba koʻrishi mumkinligini joylarda targʻibot qilish boʻyicha topshiriq berildi. Uni yana qaytadan internet orqali yuklab koʻrishga zarurat yoʻq. 

Oʻquvchilar va ularning ota-onalari uyda vaqtini samarali oʻtkazish uchun “onlayn-maktab” kanallari orqali qoʻshimcha ravishda psixologlar maslahati, oddiy toʻgaraklar, tarbiya hamda til oʻrgatishga qaratilgan multfilmlar ham qoʻyib borilmoqda. 

Shu bilan birgalikda, oʻqituvchi, oʻquvchi va ularning ota-onalari orasida kitob oʻqishni targʻibot qilib borish lozimligi qayd etildi. Jumladan, kitob.uz portali va uning yaqinda yaratilgan mobil ilovasi orqali 1,5 mingdan ortiq elektron va audiokitoblarni oʻqish hamda eshitishga imkoniyat yaratildi. 

Shuningdek, oʻquv yilini muvaffaqiyatli tamomlash masalalari ham muhokama etildi. Jumladan, bitiruvchilarga attestat va maʼlumotnomalarni onlayn berish rejalashtirilgani taʼkidlandi. Oʻquvchilar bu maʼlumotlarni olish uchun maktabga bormasligi kerakligi aytib oʻtildi. 

Attestat (shahodatnoma) blankalari hamda namunali xulqi va aʼlo baholari uchun oltin hamda kumush medallari respublikamizda karantin muddati tugagunga qadar taʼlim muassasalarida saqlanib, keyinchalik oʻz egalariga topshiriladi. 

Videoselektor majlisida yoshlarning yozgi taʼtilda vaqtini mazmunli oʻtkazishini tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Jumladan, yozgi taʼtil davrida oʻquvchilarga zamonaviy kasblarni egallash uchun videodarslar tashkil etgan holda pul topish yoʻllari hamda chet tili oʻrgatish kurslarini yoʻlga qoʻyish kerakligi taʼkidlandi. 

Bundan tashqari, oʻquvchilarning yozgi taʼtil davrida boʻsh vaqtini mazmunli va foydali tashkil etish uchun televizion darslar namoyish etilayotgan 3 ta telekanalda “onlayn toʻgarak” loyihasini tashkil etish boʻyicha ishlar amalga oshiriladi. 

Bunda oʻquvchilarga ingliz tili, kompyuter savodxonligi va dasturlash asoslari, turli xil texnika, tabiiy fanlar, adabiyot, musiqa va boshqa ijodiy yoʻnalishlar boʻyicha videodarslarni namoyish etib borish taklif qilinmoqda. 

Yozgi taʼtilda maktab oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha ham kerakli choralar koʻrish boʻyicha topshiriqlar berildi. Jumladan, yozda “Onlayn maktab” kanallaridan foydalanib, umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilarining oʻz ustida doimiy ishlashini tashkil etish maqsadida ular uchun “Oʻqituvchini kasbiy rivojlantirish” rukni ostida onlayn darslar namoyishi yoʻlga qoʻyiladi. Televizion darslar orqali taʼlim texnologiyalarini oʻrgatish, PISA xalqaro baholash tizimiga tayyorgarlik koʻrish amalga oshiriladi. 

Shu bilan birga, tizimdagi oʻqituvchilar va rahbar kadrlarni taʼlim jarayonidan ajralmagan holda kasbiy mahoratini oshirish yoki qayta tayyorlash tizimini avtomatlashtirish maqsadida Yagona onlayn malaka oshirish platformasini ishlab chiqish va bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan. 

Majlis davomida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik masalalari muhokama etildi. Viloyat boshqarmalari va tuman boʻlimlariga 1-sinfga oʻquvchilarni qabul qilish masalasi boʻyicha shoshma-shosharlikka yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi. Qabul boʻyicha kerakli koʻrsatmalar vazirlik tomonidan berilishi qayd etildi. 

Bundan tashqari, hududlarda oʻqituvchilarni oʻz sohasiga oid boʻlmagan ishlarga jalb qilish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Viloyat boshqarmalari rahbarlariga bunday holatlarning oldini olish kerakligi taʼkidlandi. Bunday holatlarga yoʻl qoʻyilsa, aybdorlar jinoiy jazoga tortilishi haqida ogohlantirildi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing