O‘qituvchilar uchun majburiy kasbiy sertifikatlash tartibi joriy etiladi

Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi yaratiladi.

Prezidentning “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar xalq ta’limi muassasalarining rahbar, o‘qituvchi, metodist, psixolog, defektolog va kutubxonachi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga asoslangan uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishning ehtiyojlarga asoslangan samarali milliy tizimini joriy etish va takomillashtirish;

xalq ta’limi xodimlarida ilg‘or pedagogika va innovatsion texnologiyalarni egallash hamda ularni maktablardagi o‘quv jarayoniga samarali tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirish;

xalq ta’limi xodimlarining o‘z kasbiy mahorati va pedagogik faoliyati samaradorligini muntazam oshirib borishini qo‘llab-quvvatlash;

qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish, xalq ta’limi xodimlarining rivojlangan mamlakatlar ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirishi, doktorantura va stajirovka o‘tashlarini tashkil etish;

xalq ta’limi muassasalari rahbarlari – ta’lim sohasi menejyerlari va o‘qituvchilar kasbiy kompetensiyalari saviyasini belgilashning milliy standartlari tizimini amaliyotga joriy etish;

qayta tayyorlash va malaka oshirishning zamonaviy texnologiyalarini qo‘llagan holda xalq ta’limi muassasalari rahbar lavozimlariga yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish;

xalq ta’limi muassasalari rahbar va o‘qituvchilarini tanlash, ishga qabul qilish hamda uzluksiz kasbiy o‘stirishning sertifikatlashga asoslangan shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmini joriy etish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, samaradorligini oshirish, ularga iqtidorli yosh pedagoglarni jalb qilish hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining turli innovatsion, amaliy va fundamental tadqiqotlar loyihalari tanlovlarida qatnashishlarini yo‘lga qo‘yish;

sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining:

A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi vazirligi akademiyasini tashkil etish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida Pedagogik mahorat institutlarini tashkil etish;

xalq ta’limi xodimlari tomonidan o‘quv-seminarlar, treninglar va konferensiyalarda faol ishtirok etish orqali muqobil shakllarni nazarda tutuvchi malaka oshirishning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hududiy markazlar tuzilmasidagi metodik xizmat bo‘limlarini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari huzuridagi tumanlararo umumta’lim muassasalarini metodik ta’minlash markazlarini tugatgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining mentorlik xizmati bo‘limlarini, shuningdek, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining mentorlik xizmati sho‘’balarini tashkil etish;

Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika ta’lim markazi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika o‘quv-metodika markazining “metodist”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, shuningdek, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining “umumta’lim fanlari bo‘yicha metodist” lavozimlari o‘rniga “mentor” (ustoz, murabbiy) lavozimini joriy etish takliflariga rozilik beriladi.

Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

xalq ta’limi xodimlarining kasbiy va boshqaruv kompetensiyalari, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalanish, tadqiqotchilik va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish;

qayta tayyorlash va malaka oshirishning samarali shakllarini (masofadan, aralash, yakka tartibda o‘qitish va boshqalar) joriy etishning ilmiy-metodik va tashkiliy-metodik asoslarini ishlab chiqish;

xalq ta’limi sohasini rivojlantirish, shu jumladan xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha nazariy va amaliy tadqiqotlarni olib borish;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlariga istiqbolli ta’lim texnologiyalarini joriy etish;

elektron-raqamli ta’lim muhitini joriy etish orqali tinglovchilarga ehtiyojlarga asoslangan malaka oshirish imkoniyatini taqdim etish;

xalq ta’limi xodimlarining bazaviy oliy ta’limdan keyingi ta’limi uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, pedagogika sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha oliy malakali mutaxassislarni (PhD va DSc) tayyorlash;

intiluvchan, ishchan va istiqbolli yosh xodimlarning menejyerlik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali xalq ta’limi muassasalari rahbar lavozimlariga yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda vakant lavozimlarga tavsiya etish.

Quyidagilar Pedagogik mahorat institutlarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni o‘qitishning ilg‘or shakl va usullarini, masofadan o‘qitishni va mustaqil ta’lim olishni qo‘llab-quvvatlovchi texnika va raqamli texnologiyalarni keng joriy etgan holda tashkil etish;

xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha ta’lim dasturlarini takomillashtirish yuzasidan o‘quv-metodik ishlarni olib borish;

o‘quv-tarbiya jarayonining amaliyot bilan o‘zaro samarali hamkorligini ta’minlash, tayanch maktablarda o‘qituvchilarning uzluksiz malaka oshirish o‘quvlarini tashkil etish;

xalq ta’limi xodimlarining o‘quv-metodik ishlarni olib borish ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Mentorlik xizmati bo‘limlari boshliqlari, sho‘’ba mudirlari va mentorlarning ish haqi miqdori 2021 yil 1 yanvardan boshlab oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga nisbatan quyidagicha nisbatda:

respublika darajasidagi – 1,3 baravarga;

viloyat darajasidagi – 1,2 baravarga;

tuman (shahar) darajasidagi – 1,1 baravargacha oshirish belgilanadi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari uchun davriyligi 3 yildan va o‘qituvchilar uchun davriyligi 5 yildan iborat majburiy kasbiy sertifikatlash tartibi joriy etiladi.

Rahbar va o‘qituvchi xodimlarni kasbiy sertifikatlash va ikkinchi malaka toifasini berish jarayonini navbatdagi malaka oshirishi bilan uyg‘unlashtirilgan holda uning natijalariga ko‘ra amalga oshirish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

kasbiy sertifikatlash mazkur sohadagi ilg‘or xorijiy tajribalar asosida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

malaka oshirish yakuni natijalariga ko‘ra rahbar va pedagog xodimlar uchun kasbiy sertifikatlash hamda tegishli malaka toifasi sinovi o‘tkaziladi hamda mazkur sinov natijalariga muvofiq xodimga kasbiy sertifikat va tegishli malaka toifasi beriladi;

kasbiy sertifikatlashga malaka toifasiga ega bo‘lmagan hamda ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar jalb qilinadi;

pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari pedagogik faoliyatni boshlaganlaridan 1 yildan keyin kasbiy sertifikatlashga jalb qilinadi;

malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli o‘qituvchi kasbiy sertifikat olganidan so‘ng uning mehnatiga haq to‘lash shartlari ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarga tenglashtiriladi;

kasbiy sertifikatlash va malaka sinovlarida qatnashish uchun talabgorlardan bazaviy hisoblash miqdorining 75 foizi miqdorida yig‘im undiriladi;

bunda, yig‘imning 25 foizi O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti daromadiga, 25 foizi Xalq ta’limi vazirligining Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasiga, qolgan 50 foizi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Assesment markaziga yo‘naltiriladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing