O‘QITUVCHILARNING KASBIY FAOLIYATINI DOIMIY RIVOJLANTIRISH, METODIK TAʼMINOT TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH BO‘YICHA PREZIDENT QARORI LOYIHASI ISHLAB CHIQILDI

O‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini tubdan isloh qilish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi tayyorlandi va muhokama uchun eʼlon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimini joriy etilishi haqida aytib o‘tgan edi.

Prezident qarori loyihasi mazkur topshiriqning ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi.

Qaror loyihasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarini tugatgan holda ular negizida Pedagogik mahorat institutlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, xalq taʼlimi sohasida fundamental, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, soha xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv va metodik ishlarni hamda soha mutaxassislarining oliy taʼlimdan keyingi taʼlimini yanada takomillashtirish maqsadida A.Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida A.Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi akademiyasiga aylantirish taklifi berilmoqda.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish taʼlim muassasalaridagi o‘quv jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb qilish, xalq taʼlimi xodimlarining rivojlangan mamlakatlar taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirishi, doktorantura va stajirovka o‘tashlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Hujjat bilan xalq taʼlimi muassasalari rahbarlari – taʼlim sohasi menejerlari va o‘qituvchilar kasbiy kompetensiyalari saviyasini belgilashning milliy standartlari tizimini amaliyotga joriy etish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, qaror loyihasida qayta tayyorlash va malaka oshirishning zamonaviy texnologiyalarini qo‘llagan holda xalq taʼlimi muassasalari rahbar lavozimlariga yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.

Qaror loyihasida xalq taʼlimi muassasalari rahbar va o‘qituvchilarini tanlash, ishga qabul qilish hamda uzluksiz kasbiy o‘stirishning sertifikatsiyalashga asoslangan shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, xalq taʼlimi tizimida o‘qituvchilarning uzluksiz malaka oshirishlarini taʼminlashga xizmat qiluvchi “mentor” lavozimini joriy etish rejalashtirilgan.

Mentorlarning fan o‘qituvchilariga, ayniqsa yosh pedagoglarga har tomonlama uslubiy yordam ko‘rsatish faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mentor – o‘qituvchining ustozi, ko‘makchisi va hamkoriga aylanadi.

Mentorlar o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini, shu jumladan ish joyidan ajralmagan holda  malaka oshirishini  tashkil qiladi.

Yuqorida qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Bunday tizimni joriy etish “O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da ham nazarda tutilgan.

Qaror loyihasi bilan o‘qituvchilar uchun kasbiy sertifikatsiya tizimini joriy etish taklif etilmoqda. O‘qituvchini o‘zining kasbiy salohiyatini oshirib borishga ongli ravishda intilishga va masʼuliyat yetishmaganda majburlashga qodir bo‘lgan mexanizmlarni qo‘llash orqali uning pedagogik mahorati va bilimini muntazam ravishda oshirib borishini taʼminlovchi baholash – ruxsat berish tizimini joriy etish maqsadida yoshlarimiz taqdiri va kelajagi qo‘lida bo‘lgan o‘qituvchilarga maktabda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini berish uchun ularning kasbiy layoqati va mahoratini aniqlashni ko‘zda tutuvchi pedagogik faoliyatni sertifikatlash tartibi taklif qilinmoqda.

Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan o‘qituvchilar ish haqining bosqichma-bosqich oshirilishi faqatgina kasbiy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga tatbiq etilib, o‘qituvchilarni o‘z ustida ishlashga undaydi. Bu esa pirovardidan taʼlim sifatini oshishga turtki bo‘ladi.





O‘zbekiston Respublikasi

Xalq taʼlimi vazirligi

Axborot xizmati

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing