Oʻqituvchilarga noutbuklarni arzon hamda uzoq muddatda lizing orqali toʻlab borish imkoniyatini yaratadigan yana bir loyiha boshlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, “Oʻzeltexsanoat“ uyushmasi hamda Xitoyning Weidong Cloud Education kompaniyasi elektron taʼlim tizimida qoʻllash uchun kompyuter uskunalari ishlab chiqarishni tashkil etish toʻgʻrisida kelishuv imzoladi. 

Imzolash marosimi joriy yilning 11-may kuni videoaloqa shaklida oʻtkazildi. Hujjatni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, “Oʻzeltexsanoat“ uyushmasi rahbari Mirziyod Yunusov va Weidong Cloud Education kompaniyasining ijrochi direktori Vang Jikian (Wang Zhiqian) imzoladi. 

Mazkur hujjat tajriba almashish, elektron taʼlim tizimini joriy etish orqali Oʻzbekistonda xalq taʼlimi sohasidagi taʼlim sifati hamda samaradorligini rivojlantirish va yaxshilash maqsadida imzolandi. 

Tomonlar aqlli sinflar uchun kompyuter texnikasi va boshqa qoʻshimcha uskunalar ishlab chiqarish boʻyicha loyihani amalga oshirishga kelishib oldi. Kompyuterlarni mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarish 2020-yil yakuniga qadar yoʻlga qoʻyiladi. 

Ushbu loyiha asosida Weidong Cloud Education kompaniyasi 4 million dollar miqdorida mablagʻ ajratishni rejalashtirmoqda. Bu esa 80 ta yangi ish oʻrnini yaratishga imkon beradi. 

xtv-signing-2.jpg

Shuningdek, Xitoy tomoni, imtiyozli lizing asosida kompyuter texnikasini yetkazib berish uchun mablagʻ ajratish niyatida ekanligini maʼlum qildi. 

Kelishuvga muvofiq, Weidong Cloud Education kompaniyasi Toshkent shahridagi 241-maktab uchun ham bitta aqlli sinf taqdim etadi. 

– Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq karantin joriy etilgani sababli Oʻzbekiston ham onlayn taʼlimga oʻtdi. Bunday vaziyatda oʻqituvchi va oʻquvchilar taʼlim jarayonida tobora koʻproq kompyuterlarni ishlatishni boshlaydi. Shuning uchun oʻqituvchilarimizga kompyuterlarni arzon va lizing orqali uzoq muddatda boʻlib toʻlash imkoniyatini beradigan ushbu loyihaning ahamiyati muhim, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov. 

Weidong Cloud Education kompaniyasi ijrochi direktori Vang Jikianning taʼkidlashicha, Weidong Cloud Education taʼlim vazirliklari bilan ishlashda katta tajribaga ega. Ushbu bitimga muvofiq, Oʻzbekiston tomoni nafaqat zamonaviy yechimlarga, balki zamonaviy taʼlim platformalariga ham ega boʻladi. Ushbu loyiha taʼlimni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash uchun ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi birinchi qadamdir. 

Eslatib oʻtamiz, Toshkent shahridagi oʻqituvchilar uchun oʻtgan yili lizing asosida noutbuklar berish loyihasi ishga tushgan edi, unga koʻra oʻqituvchilarga noutbuklar www.alifshop.uz saytidagi narxlarga nisbatan 5% chegirma bilan berib borilmoqda.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing