Taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga koʻtarishga oid qonun loyihasi muhokamada

Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga koʻtarish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini ilgʻor xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi aynan sohadagi barcha yutuq va kamchiliklar, jahon tajribasi va tendensiyalarni inobatga olgan holda takomillashtirilmoqda. 

Mazkur jarayonda 238 ta normaga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Loyihadan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qoʻllashga taʼsir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish oqibatida 123 ta norma chiqarib tashlandi. Ularning oʻrniga 54 ta yangi toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi normalar kiritildi. Ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillar va tartibga solishning eskirgan mexanizmlarini bartaraf etish hisobiga kiritilgan 7 ta moddadan butunlay voz kechilib, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi 9 ta yangi modda kiritildi. 

Shuningdek, deputatlar tomonidan qonun loyihasidagi xorijiy tushunchalarni oʻzbek tilidagi nomlar bilan atash taklifi berildi. 

Loyiha muhokamasi davomida ayrim tushunchalar noaniqliklarni keltirib chiqarayotganligi bois ularga aniqlik kiritish, yaʼni bir nom bilan atash lozimligi taʼkidlandi. 

Ayni paytda Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi huzuridagi ishchi guruh siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni qonun loyihasida aks ettirish ustida ish olib bormoqda.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing