1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

1-iyun Bolalar kuni bayrami Ellikqal`a tumanida Qiziqarli Dunyo 2 soni https://t.me/EllikQalaTVofficial

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng beg’ubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Albatta, bola bu dunyo, bu hayot mazmunining ajralmas qismidir. Bolalar o’z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo’lgan qiziqishni uyg’otadilar. Ko’zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg’och misoli.

1-iyun ya’ni, yozning 1- kuni dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kelajagimiz egalari uchun turli konsertlar, ko’rgazmalar, sayillar, sport musobaqalari va turli xil tadbirlar o’tkaziladi. Istirohat bog’lari esa bolalarning tabassumlari bilan go’yoki mo’jizalar dunyosiga aylanadi. Mamlakatimizda ham ushbu bayram har yili dillarda quvonch ila nishonlanadi. Darhaqiqat dunyoda bolajonlar kulgusiyu, sho’x- shodon qiyqirig’idanda beg’ubor narsaning o’zi yo’q. Tiniq nigohini sizga qadagancha biyron tilida tinmay savol berayotgan murg’ak qalbi bilan olamdagi jamiki ajoyibotlarni o’rganishga, mushohada qilishga urinayotgan bolakayning nurli chehrasiga boqqan har qanday inson hayot tashvishlarini unutadi. Zotan, farzandining saodatli va baxtiyor damlarini mudom ko’rib yashash har bir inson umrining asosiy mazmunidir.

Yurtimizda bolalarni himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bolalarni har tomonlama sog‘lom, baxtiyor o‘sib ulg‘ayishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, mustaqillikning ilk kunlaridanoq Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar huquqlarini himoya qilish, barcha bolalarning tengligi va ularga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini yo‘q qilish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kompleks amalga oshirish bo‘yicha davlatning aniq majburiyatlari belgilab berilgan “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Xalqaro normativ hujjat ratifikatsiya qilinar ekan, “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning barcha qoidalariga rioya qilish majburiyatini oldi. Undan tashqari, mamlakatimizda 2008 yil 7 yanvarda “Bolalar huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu hujjat milliy qonunchilikda bola huquqlarini himoya qilish sohasida muhim omil bo‘lib, mazkur qonun orqali BMT Konvensiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bola huquqlarining asosiy va qo‘shimcha kafolatlari mustahkamlandi.

Yuqori Chirchiq tumani Xalq ta’limi bo’limi mudiri G. Aytekova.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing