Xalq taʼlimi tizimida onlayn taʼlim berish faoliyatini yanada takomillashtirish toʼgʼrisida ID-18498

OʼZBEKISTON RESPUBLIKАSI VАZIRLАR MАHKАMАSINING QАRORI

Xalq taʼlimi tizimida masofaviy taʼlim jarayonini amaliyotga keng joriy etish, ilgʼor xorijiy tajribalar asosida oʼquv-tarbiya jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsion shakl va usullaridan samarali foydalanish hamda taʼlim sifatini oshirishga koʼmaklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi (keyingi oʼrinlarda – Vazirlik), Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining koronavirus pandemiyasi davrida televizon videodarslar namoyish etilgan telekanallardan xalq taʼlimi tizimida masofaviy taʼlimni rivojlantirish maqsadlarida foydalanish tartibini saqlab qolish toʼgʼrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qoʼyilsinki:

koronavirus pandemiyasi davrida televizon videodarslar namoyish etilgan uchta telekanaldan “online-maktab” loyihasini davom ettirish maqsadida foydalaniladi va yanada takomillashtiriladi;

televizion videodars va videomashgʼulotlarni doimiy tasvirga olishni tashkil etish uchun “O‘zbekiston MTRK Mediamarkazi” binosida maxsus telestudiya ajratiladi va texnik talablar asosida jihozlanadi;

“online-maktab” loyihasi doirasida 2020 yil 1 avgustdan boshlab, 2020/2021 oʼquv yili uchun televizion videodarslarni tasvirga olish yoʼlga qoʼyiladi;

“online-maktab” loyihasi doirasida televizion videodarslar har oʼquv yili davomida efirda namoyish etib boriladi;

televizion videodarslar Vazirlik tomonidan taqdim etiladigan dars jadvallari asosida Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan belgilanadigan telekanallar orqali namoyish etib boriladi;

loyihalarga jalb etiladigan oʼqituvchilarga har bir televizion videodars va videomashgʼulotlar uchun (asosiy ish haqidan tashqari) bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida, muharrir va surdopedagoglarga har bir ishlagan kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida qoʼshimcha haq toʼlanadi;

“online-maktab” loyihasini amalga oshirish bilan bogʼliq xarajatlar Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʼmaklashish jamgʼarmasining tizimni raqamlashtirishga yoʼnaltirilishi rejalashtirilgan mablagʼlar hisobidan qoplanadi.

3. Quyidagilar “online-maktab” loyihasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

umumiy oʼrta taʼlim tizimida masofaviy oʼqitish tizimini takomillashtirish;

televizion videodarslar tayyorlash boʼyicha ilgʼor xalqaro tajribalardan foydalanish;

umumiy oʼrta taʼlim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

oʼquvchilar va oʼqituvchilarni xalqaro baholash dasturlari va tadqiqotlarga (PISA – 15 yoshli oʼquvchilarning oʼqish, matematika va tabiiy yoʼnalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash, PIRLS – boshlangʼich 4-sinf oʼquvchilarining matnni oʼqish va tushunish darajasini baholash, TIMSS – 4 va 8-sinf oʼquvchilarining matematika va tabiiy yoʼnalishdagi fanlardan oʼzlashtirish darajasini baholash, TALIS – rahbar va pedagog kadrlarning umumiy oʼrta taʼlim muassasalarida oʼqitish va taʼlim olish muhitini hamda oʼqituvchilarning ish sharoitlarini oʼrganish va boshqa) tayyorgarligini kuchaytirish;

barcha umumtaʼlim fanlari, birinchi navbatda STEAM (ilm-fan, texnologiya, muhandislik, sanʼat va matematika) (keyingi oʼrinlarda – STEAM) anlarining oʼqitish sifatini oshirish;

oʼquvchilarda ijodiy va tanqidiy fikrlash, axborotlarni tahlil qilish, yetakchilik, kommunikativlik, hamkorlikda ishlash, muammolarni yechish kabi XXI asr koʼnikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;

oʼquvchilarga oʼquv materiallarini chuqur oʼrganishga va takrorlashga imkoniyat yaratish;

bosqichma-bosqich fanlar va sinflar kesimida barcha mavzular boʼyicha videodarslar bazasini yaratish;

yetakchi umumiy oʼrta taʼlim muassasalari, oliy oʼquv yurtlari va boshqa taʼlim muassasalarining ilmiy va metodik salohiyatlaridan foydalanish orqali taʼlim berish sifatini oshirish.

4. Belgilab qoʼyilsinki, mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat ogʼirlashib, karantin qoidalari kuchaytirilgan taqdirda “online-maktab” rukni ostida televizion videodarslarni tasvirga olish jarayoni Respublika maxsus komissiya tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshriladi.

5. “Online-maktab” loyihasi doirasida darslarni tasvirga olishda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilsin:

oʼquvchilar tomonidan oʼzlashtirishi murakkab boʼlgan mavzularni kengroq ochib berish;

amaliy mashgʼulotlar va virtual laboratoriyalarni namoyish qilish;

darslik va oʼquv dasturlariga qoʼshimcha tarzda qiziqarli va foydali maʼlumotlarni berib borish;

oʼquvchilarni kasb-hunarga yoʼnaltirish;

oʼqituvchilar tomonidan ilgʼor xorijiy pedagogik

va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil etish;

televizon videodarslarni oʼzbek, rus va ayrim fanlardan ingliz tilida namoyish qilinishini tashkil etish choralarini koʼrish.

6. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi “online-maktab” loyihasi mashgʼulotlarini, xususan ilgʼor xorijiy tajribalar asosida STEAM fanlarini oʼqitish va ingliz tilidagi dars mashgʼulotlarini tayyorlash boʼyicha Vazirlik bilan hamkorlikni yoʼlga qoʼysin.

7. Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “online-maktab” rukni bilan televizion videodarslarni tayyorlashga jalb qilingan ijodiy va ijodiy-texnik xodimlarga ish haqi va qalam haqi (gonorar)ni hamda televizion videodarslarni tayyorlash uchun sarflangan texnik va texnologik xizmatlar xarajatlarini ushbu ishlarni amalga oshirgan teleradiokanal hisobidan qoplanishini taʼminlasin. Bunda, televizion videodarslarni efirga uzatmasdan, internet, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa resurslar orqali tarqatilgan qismlari uchun gonorar toʼlovlari Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Ijodiy kengashi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi inobatga olinsin.

8. Vazirlik, Oʼzbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi:

bir oy muddatda “online-maktab” loyihasi doirasida televizion videodarslar tasvirga olinadigan studiya uchun qoʼshimcha texnik uskunalar xarid qilsin;

televizion videodars uchun zarur oʼquv qurollari, xom-ashyolar, interaktiv doska va boshqa koʼrgazmali qurollar bilan telekanalning talabi asosida taʼminlansin. 

9. Vazirlik:

a) 2020 yil 1 sentyabrga qadar televizion videodarslardan foydalanishda oʼquvchilar, oʼqituvchilar va ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida www.maktab.uz platformasini yaratsin va umumtaʼlim tizimida yagona markazlashgan virtual (onlayn) maktab sifatida tatbiq etsin.

maktab.uz platformasida:

oʼquvchilarda taʼlim olishga boʼlgan qiziqishni uygʼotadigan zamonaviy mexanizmlar ishlab chiqilishini;

oʼquvchilarning bilim salohiyatlari, ular tomonidan oʼzlashtirilmagan darslarni aniqlaydigan testlar ishlab chiqib, ular asosida oʼquvchilarga yordamchi oʼquv darslarini, tematik oʼyinlarni tavsiya etadigan va ota-onalar hamda oʼqituvchilarga bolaning bilim olish jarayonidagi mavjud kamchiliklari haqida xabar beradigan tizim yoʼlga qoʼyilishini;

oʼquvchilarning onlayn taʼlim olishga boʼlgan qiziqishlarini ragʼbatlantirish maqsadida tegishli telekanallar va maktab.uz portalida bolalar viktorinalarini tashkil etilishini taʼminlasin.

b) onlayn taʼlim tizimini takomillashtirish, xususan maktab.uz platformasini rivojlantirishda Oʼzbekiston Respublikasi Аxborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida mavjud boʼlgan “Cloud” virtual serveridan talab etiladigan parametrli resurslarni imtiyozli narxda ajratilishi taʼminlasin.

v) maktab.uz portalini rivojlantirish maqsadida mazkur portalni mobil aloqa operatorlari tomonidan doimiy ravishda begʼaraz targʼibot ishlari (mijozlarga SMS xabarlar orqali va qoʼshimcha xizmat tariqasida) olib borilishini taʼminlasin.

g) oʼquvchilarni geografiya, texnologiya, fizika, kimyo, biologiya, zoologiya, jahon tarixi va boshqa fanlarga boʼlgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida Discovery, National Geographic va BBC kabi xorijiymedia-korporatsiyalar bilan hamkorlikda, ularning hujjatli ilmiy-maʼrifiy filьmlarini oʼzbek va rus tillariga tarjima qilinib, “online-maktab” kanallarida efirga uzatilishini hamda maktab.uz portaliga bosqichma-bosqich integratsiya qilish ishlarini amalga oshirishni taʼminlasin.

d) oʼquvchilarni yurtimiz tarixi, tarixiy obidalari, yer osti tabiiy boyliklari, ularning topilish tarixi va qayta ishlaydigan milliy zavodlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ular haqidagi zamonaviy hujjatli filьmlarni ishlab chiqib, online-maktab telekanallari orqali efirga uzatish ishlarini tashkil etsin.

10. “Online-maktab” loyihasi namoyish etiladigan telekanallardan yanada samarali va unumli foydalanish maqsadida xususiy hamkorlarni jalb qilish, mazkur telekanallarda xususiy korxonalar reklamalarini efirga uzatish bilan bogʼliq tadbirlar Vazirlik tomonidan amalga oshirilsin va ular orqali jalb etilgan qoʼshimcha daromadlar Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʼmaklashish jamgʼarmasiga yoʼnaltirilsin.

11. Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlikning talabnomasiga asosan 2020 yil III chorakdan va kelgusida har kalendarь yilida “online-maktab” loyihasini doimiy tarzda amaliyotga joriy etish bilan bogʼliq xarajatlarni qoplash uchun Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʼmaklashish jamgʼarmasiga qoʼshimcha mablagʼ ajratib borsin.

12. Vazirlik va Oliy va oʼrta taʼlim vazirligi tomonidan taʼlim muassasalari va tashkilotlariga “Oʼzbekning ulugʼlari” nomli kalendarlarni xarid qilish uchun istisno tariqasida “COLORPACK” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan toʼgʼridan-toʼgʼri shartnoma tuzilganligi inobatga olinsin.

13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʼyicha oʼrinbosari B.А. Musaev, Oʼzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov va Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi А.J. Xadjaev zimmasiga yuklansin.

 Oʼzbekiston Respublikasining

 Bosh vaziri А. Аripov

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing