9-sinf bitiruvchilari akademik litsey va kasb-hunar maktabida, 11-sinf bitiruvchilari kollej va texnikumda o‘qishni davom ettirishlari mumkin

2020-2021 yangi o‘quv yilidan boshlab 9 va 11-sinf bitiruvchilari 2 yilgacha bo‘lgan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumda o‘qishni davom ettirishlari mumkin.

XTV axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilda respublika bo‘yicha 65 ta akademik litsey, 339 ta kasb-hunar maktablari, 211 ta kollej hamda 176 ta texnikumlarda qabul jarayonlari tashkil etiladi. Ushbu ta’lim muassasalarining hududlar bo‘yicha tahlili va aloqa uchun raqamlari tez orada jamoatchilikka ma’lum qilinadi.

Akademik litsey va kasb-hunar maktablariga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari qabul qilinib, 2 yillik kunduzgi ta’lim shakli asosida o‘qitiladi.

Kollejlarga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. O‘qish 2 yilgacha bo‘lgan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Texnikumlarga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. O‘qish 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda ta’lim rus va o‘zbek tillarida olib boriladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing