Sirdaryo hamda Surxondaryoda 44 ming nafardan ortiq oʼqituvchining 73 foizi oʼz fanidan qoniqarsiz baho olgan

«Prezident huzurida xalq taʼlimi tizimidagi islohotlarga bagʼishlab oʼtkazilgan yigʼilish davomida, maktablarda ayrim pedagoglarning bilimi zamon talabiga javob bermasligi tanqid qilingan edi. Tan olish kerak, afsuski, uzoq yillar davomida pedagoglarning bilim saviyasiga deyarli eʼtibor berilmagan. Buning oqibatida, ayrim oʼqituvchilarning bilimi hatto oʼzi dars beradigan fanlardan ham qoniqarsiz holatga kelib qolgan.

2019/2020 oʼquv yilida Sirdaryo hamda Surxondaryo viloyatlarida oʼtkazilgan diagnostika sinovlari natijalari buni yaqqol koʼrsatdi. Sinovlarda qatnashgan 44 ming nafardan ortiq oʼqituvchining 73 foizi oʼz fanidan qoniqarsiz baholandi. Shuni alohida taʼkidlab oʼtishni istardikki, Sirdaryo va Surxondarayo viloyatlarida oʼtkazilgan sinovlar, ogʼriq nuqtalarni aniqlash bilan bir qatorda ijobiy tajribalarni ham belgilashga imkoniyat yaratdi», deyiladi XTV tomonidan eʼlon qilingan xabarda.

Taʼkidlanishicha, Sirdaryo hamda Surxondaryo tajribasi asosida maktab oʼqituvchilarining bilimi va koʼnikmalarini oʼrganish ishlarini davom ettirish topshirigʼidan kelib chiqib, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Davlat test markazi tomonidan 12 ta hududda diagnostika sinovlarini oʼtkazish reja-jadvali tasdiqlangan. Sinovlar katta sigʼimli binolarda, shaffof, oliy oʼquv yurtiga kirish imtihonlaridan soʼng oʼtkazilishi rejalashtirilgan.

Vazirlikning bildirishicha, mazkur jarayon attestatsiya emas, balki eng avvalo, pedagoglar uchun oʼzini baholashga imkoniyatdir.

«Sinovlarning asosiy maqsadi – oʼqituvchilarning real salohiyatini aniqlab, ular bilan manzilli ishlarni tashkil etish. Bilimi boʼlgan oʼqituvchilar uchun yanada kengroq imkoniyatlarni yaratib bergan holda, ularga qoʼshimcha dars soatlarini ajratish orqali daromadlarini oshirish hamda kelgusida ularni malaka oshirishning muqobil shakllariga yoʼnaltirish.

Oʼz navbatida, bilim saviyasi past boʼlgan oʼqituvchilar bilan manzilli ishlar belgilanadi. Ular uchun maxsus kurslar tashkil etilib, oʼz bilimlarini yaxshilab olishlari uchun imkoniyatlar yaratiladi. Bunda «onlayn kasbiy rivojlanish» loyihasiga alohida urgʼu beriladi.

Biroq, barcha yaratilgan imkoniyatlardan ham keyin oʼz ustida ishlamagan oʼqituvchilarni boshqa sohalarga yoʼnaltirish choralari koʼriladi. Bunday qatʼiy choralarsiz, maktab taʼlimi sifatini oshirib boʼlmas ekanligini barchamiz yaxshi tushunib turibmiz.

Hozirgi karantin davrida, oʼz uyidan chiqmagan holatda «onlayn kasbiy rivojlanish» loyihasi hamda Davlat test markazining e-sinov portalidan keng foydalanishni tavsiya etamiz. Shunday ekan, barcha ustozlardan yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, oʼz ustida ishlashlarini va izlanishlarini soʼrab qolamiz», deyiladi rasmiy xabarda.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing