1 iyuldan xalq ta’limi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul boshlanadi – XTV

1 iyuldan xalq ta’limi tizimidagi ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablar va maktab-internatlarga 2020-2021 o‘quv yili uchun o‘quvchilar qabuli boshlanadi. XTV axborot xizmatining ma’lum qilishicha, nomzodlar ixtisoslashtirilgan maktablarga 5-sinfdan, maktab-internatlarga esa 7-sinfdan qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasining 5-sinfi uchun hujjatlar shu yilning 1–31-iyul kunlari, maktab-internatlarning 7-sinfi uchun esa 1–20-iyul kunlari qabul qilinadi.

Pandemiya sharoitini inobatga olib, ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarida hujjatlarni onlayn qabul qilish uchun sharoitlar yaratilmoqda.

Ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalariga o‘quvchilar Davlat test markazi tomonidan tegishli fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlari (saralash tanlovi) natijalari asosida qabul qilinadi. Ushbu maktablarga o‘quvchilar qabuli bo‘yicha tanlovlar avgust oyida oliy ta’lim muassasalariga qabul test sinovlari yakunlanganidan so‘ng o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

XTV karantin cheklovlari sababli saralash tanlovlarini o‘tkazish muddati o‘zgartirilishi mumkinligini eslatgan.

Ma’lum qilinishicha, nomzodlar quyidagi hujjatlar taqdim etishadi:

– ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasasi direktori nomiga ariza;

– tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;

– tibbiy ma’lumotnoma;

– 3 x 4 hajmdagi 4 ta fotosurat.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining to‘liq ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing