«Niyatimiz – maktablar faoliyatini tiklash. Lekin shunda ham televideniye orqali onlayn darslar davom ettiriladi» – Sherzod Shermatov

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov yangi o‘quv yilida maktablarda o‘qish tiklanishi rejalashtirilayotgani, lekin shunda ham televideniye orqali onlayn darslar davom ettirilishini ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda ham yangi o‘quv yilida ham darslar onlayn bo‘lishi haqidagi fikrlarni o‘qidim. Avvalo, yaxshi niyat qilaylik, virusdan qutulaylik xudo xohlasa.

Bizning niyatimiz oflayn ta’lim shaklini tiklash, ya’ni bolalarimiz maktabga qatnab o‘qishsin. Lekin parallel ravishda Vazirlar Mahkamasining alohida qarori tayyorlanmoqda. Bolalar o‘zi maktabga qatnagan taqdirda ham televideniye orqali onlayn darslar davom ettiriladi. Nimaga? Chunki respublikaning hamma joyida ham bir xil emas. Ayniqsa, olis hududlarda zo‘r emas. Shuning uchun televideniye orqali imkon boricha eng yaxshi darslarni qo‘yib boradigan bo‘lsak, bu joylardagi o‘quvchilarimizga qo‘shimcha yordam bo‘ladi.

O‘zi Flipped Classroom degan tushuncha bor. Bunda uy ishi berilmaydi, uning o‘rniga bolalar uy ishi sifatida ko‘proq video ko‘rishadi. Bizda ham uyda televideniye orqali darslarni ko‘rishsa, sinflarda amaliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishadi. Shu jarayonni davom ettirish uchun ham televideniye orqali berilayotgan videodarslar kerak. Shu sababli yangi o‘quv yilidan maktablarimiz ochilsin deb yaxshi niyat qilaveraylik», deya Sherzod Shermatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Xalq ta’limi vazirining qayd etishicha, boshlang‘ich sinflarda onlayn shaklda ta’lim berish yuqori samara bermaydi. Shu sababli vazirlik yangi o‘quv yilidan maktablarda an’anaviy ta’lim tiklash harakatida.

«Boshlang‘ich ta’limda onlayn ta’lim zo‘r natija berganda hamma shu shaklga o‘tib ketgan bo‘lishardi. Xususan, internet tezligi yaxshi bo‘lgan, rivojlangan mamlakatlarda ham maktablar yo‘q bo‘lib, to‘liq onlayn ta’limga o‘tib ketilgani yo‘q. Shuning uchun yangi o‘quv yilidan maktablarda an’anaviy ta’lim tiklanishidan umidvormiz.

Ayni paytda karantin choralari kuchaytirilayotganidan ko‘zlangan maqsad ham koronavirusning salbiy oqibatlarini kamaytirishdan iborat. Xudo xohlasa sentyabrdan bu borada yengillik bo‘ladi. Parallel ravishda biz nima qilyapmiz. UNESCO, UNICEF, Jahon banki singari xalqaro tashkilotlar tomonidan butun dunyodagi vaziyat o‘rganilayapti. Ya’ni bu muammo faqat bizga tegishli emas.

O‘zbekistonda mart oyida karantin joriy etilgach, ta’lim tizimida uzilish bo‘lmasligi uchun shoshilinch tarzda onlayn ta’lim shaklida bo‘lsa ham o‘qishni davom ettirdik. Endi 1 sentyabrgacha vaqt bor. Ko‘p davlatlarda ham kuzda o‘qish boshlanadi. Tajriba o‘rganilyapti.

Bu borada har xil ilmiy yondashuvlar bor. Bu masalani virusologlarimiz yaxshiroq bilishadi, albatta. Ayrim mutaxassislar aytishayaptiki, qandaydir xavfsizlik choralari ta’minlansa, maktablarni ochib yuborsa bo‘ladi, bu epidemiologik vaziyat og‘irlashishiga olib kelmaydi. Bu qarashga qarshi chiqayotganlar ham bor», deydi u.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing