Maktablarda ona tili, OTMlarda tarix soatlari qisqaradi – Sherzod Shermatov va Inom Majidov izohi

OTMlardagi o‘quv dasturlarida tarix fani, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida esa ona tili fani soatlari qisqartirilmoqda.

Bu haqda bugun, 9 iyul kuni pandemiya sharoitida OTMlarga qabul jarayonlarini tashkil qilishga bag‘ishlab o‘tkazilgan maxsus brifingda ma’lum qilindi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidovga ko‘ra, oliy ta’lim tizimidagi barcha bosqichlarda tarix fanini o‘qitish masalasi vazirlikda ko‘rib chiqilgan va ijtimoiy-gumanitar fanlarni birlashtirish hamda ayrimlarini qisqartirish qaroriga kelingan.

Inomjon Majidov

«Tarix fani olib tashlandi, degan gap yo‘q. Ikki-uchta ijtimoiy-gumanitar fanlar bor. Bir nechta fan birlashdi, ayrimlari yiriklashdi, maktab, litsey bosqichida takrorlanib kelaveradigan mavzular olib tashlandi.

Fan saqlanib qolgan va bunda muammo yo‘q», – dedi vazir.

Maktablarda ona tili fani qisqartirilishi yuzasidan berilgan savolga esa Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov izoh berdi.

Sherzod Shermatov

«Bizga ikki yil avval xalq ta’limi tizimida o‘qitiladigan fanlarni optimizatsiya qilish vazifasi qo‘yilgan edi. Bunda reja 10 foizgacha qilib belgilangan.

Bu masala bizda ko‘rib chiqildi va o‘tgan yili O‘IChA (o‘quv ishlab chiqarish amaliyoti – tahr.) fanlari 3,5 foizgacha qisqargan edi. Bu yil ham ba’zi bir fanlar kamaytirilmoqda.

Bu yerda bir narsaga e’tibor qilish kerak. Maktablarda asosiy masala dars soatlari talashish ekan. Faqat songa ishlanadi va sifatga e’tibor berilmaydi. Xo‘p, shu paytgacha o‘qitildi ham deylik, lekin juda yaxshi bo‘lgan joyi yo‘q-ku», dedi vazir.

Shermatovning aytishicha, soatlar ko‘p bo‘lgani uchun ona tili fanini o‘qitishda asosiy e’tibor grammatikaga qaratilgan, ammo bu kutilgan natijani bermagan.

«Hamma maktabda o‘qigan. Bizda grammatika masalalari juda ko‘p va ona tilini o‘qitish qiyin. Ko‘rib turganingizdek, buning natijasida hamma tomon savodsizlik bo‘lib ketdi. Bizning maqsadimiz songa emas, sifatga e’tibor qaratish.

Butun dunyoda ham tendensiya bor. Ingliz tilini ham qarang, Shekspir davridagi inglizcha she’rlarni hozir o‘qib tushunmaysiz. Ular ham hozir ingliz tilini soddaroq qilib ishlatish yo‘nalishidan ketmoqda. Biz ham sekin-sekin ona tilini sodda va ravon ishlatishga o‘tishimiz kerak. Bunda grammatikadan ko‘ra amaliy ko‘nikmalarga, ya’ni gapirish, eshitish va yozishga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak. Keyinchalik esa kirish imtihonlarida ham shu ko‘nikmalar asosida imtihon olish darajasiga chiqishimiz kerak.

Nima uchun matematika yoki fizika emas, ona tili, deya cheksiz gaplashish mumkin. Bu endi mutaxassislar o‘tirib hal qiladigan masala», – deya Sherzod Shermatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing