Ona tili va adabiyot fani bo‘yicha dars soatlari nega qisqartirilayotganiga izoh berildi

Xalq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova Telegram’dagi rasmiy sahifasida jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan masala – ona tili va adabiyot fani bo‘yicha dars soatlari nega qisqartirilayotganini izohlagan.

Ona tilini o‘qitishda e’tibor songa emas sifatga qaratilishi kerak

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ona tili va adabiyot fani soatlarini qisqartirilganligi mavzusi keng muhokama bo‘lmoqda. Avval ham bu bo‘yicha vazirlik bir necha bor izoh va tushuntirish bergan. Bugungi muhokamalar fonida masalaga yana bir bor oydinlik kiritishga qaror qildik.

Davlatimiz rahbari 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari ko‘tarilgan.

Huquqiy asos

Amaldagi tayanch o‘quv rejasini Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi «Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident qaroriga asosan amalga oshirilgan. Qarorda 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab amaldagi o‘quv rejani 10 foizga qisqartirilishi belgilangan.

Sanitariya qoidalari, normalari me’yori oshib ketgan

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018 yil 27 aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari hamda gigiyena normativlarida 1-4-sinf o‘quvchilarining haftalik o‘quv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me’yordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlang‘ich sinflarning o‘quv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirilgan.

Maktablardagi ona tili fani oliy ma’lumotli filolog tayyorlashga yo‘naltirilgan

Mazkur fan o‘quv dasturlarini chuqur tahlil qilish natijasida unda muomalada ishlatilmaydigan qoidalar, murakkab grammatikaga oid, oliy ma’lumotli filolog mutaxassisini tayyorlashga yo‘naltirilgan mavzular borligi aniqlangan va bu narsa ertaga filologiya bo‘yicha faoliyatini davom ettirmaydigan o‘quvchi uchun ortiqchaligi aniqlanib, o‘quv dasturlaridan qisqartirilgan.

Bir narsaga e’tibor qarating, maktablarda ona tili uchun o‘quv yuklama soati 68 soatni, xorijiy tillar uchun 29 soatni tashkil qilar ekan. Bir mulohaza qilib ko‘ring, bir bola maktabga borib bitirgunga qadar mutlaqo yangi tilni NOLdan o‘rganishga 29 soat talab qilinar ekanda, o‘zi bilgan ona tili uchun bu me’yor 2 baravardan ortiqni tashkil qilar ekan.

Aytish joizki, Ona tili va adabiyot fani asosan 2-6 sinflar uchun qisqartirilgan. Xususan, 5-sinfda ona tili va adabiyoti fanidan 30 ta mavzu, 6-sinfdan 17 ta mavzu chiqarib tashlangan, 5-sinfdagi 40 ta mavzu, 6-sinfda 23 ta mavzu yuqori sinflarga o‘tkazilgan.

Ya’ni asosiy e’tiborni fanlarga ajratilgan soatlarga emas, balki ulardan samarali foydalangan holda sifatli ta’lim berishga qaratilishi maqsad qilingan.

Xalqaro tajriba o‘rganilganda…

Yetakchi olimlar, soha mutaxassislari va amaliyotchi o‘qituvchilar tomonidan Ona tili va adabiyot fanining o‘qitilishi xorijiy davlatlarda o‘qitilishi tahlil qilinganda quyidagilar aniqlangan:

Ona tili va adabiyoti fanining haftalik o‘quv soati Estoniyada 39 soat, Germaniyada 41 soat, Finlyandiyada 42 soat, Angliyada 43 soat, Janubiy Koreyada 46 soat, Belorussiyada 42 soat, Qozog‘istonda 58 soatni tashkil etadi. Mazkur davlatlar umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fani umumta’lim davrida Estoniyada 1365 soat, Germaniyada 1230 soat, Finlyandiyada 1596 soat, Angliyada 1591 soat, Janubiy Koreyada 1886 soat, Belorussiyada 1428 soat, Qozog‘istonda 1914 soat o‘qitiladi.

Shularni inobatga olib O‘zbekiston umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fanining o‘quv dasturlari xorijiy tajribalar asosida o‘quvchilarda tinglab tushunish, o‘qib tushunish, yozish va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yo‘naltirilgan holda takomillashtirilgan.

Yangi umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 2020–2021-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejada ona tili va adabiyot fanini haftada 57 soat, yillik jami 1938 soat o‘qitilishi belgilangan.

Xulosa o‘rnida

Bugun ta’lim tizimining asosiy maqsadi bolaning dars soatlarini ko‘paytirish emas, balki davlat budjeti doirasida ajratilgan soatlardan imkon qadar samarali foydalangan holda ta’lim sifatini oshirishdan iborat.

Biz har bir maktab bitiruvchisini filolog emas, o‘z ona tilini tinglab, o‘qib tushuna oladigan, to‘g‘ri yozishni biladigan va og‘zaki nutqi ravon bo‘lgan shaxs sifatida tarbiyalanishini maqsad qilganmiz.

Avvalroq Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarda ona tili fani qisqartirilishi yuzasidan izoh bergandi.

«Bizga ikki yil avval xalq ta’limi tizimida o‘qitiladigan fanlarni optimizatsiya qilish vazifasi qo‘yilgan edi. Bunda reja 10 foizgacha qilib belgilangan. Bu masala bizda ko‘rib chiqildi va o‘tgan yili o‘quv ishlab chiqarish amaliyoti fanlari 3,5 foizgacha qisqargan edi. Bu yil ham ba’zi bir fanlar kamaytirilmoqda. Bu yerda bir narsaga e’tibor qilish kerak. Maktablarda asosiy masala dars soatlari talashish ekan. Faqat songa ishlanadi va sifatga e’tibor berilmaydi.

Xo‘p, shu paytgacha o‘qitildi ham deylik, lekin juda yaxshi bo‘lgan joyi yo‘q-ku. Hamma maktabda o‘qigan. Bizda grammatika masalalari juda ko‘p va ona tilini o‘qitish qiyin. Ko‘rib turganingizdek, buning natijasida hamma tomon savodsizlik bo‘lib ketdi. Bizning maqsadimiz songa emas, sifatga e’tibor qaratish», deb aytgan vazir.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov maktablarda ona tili soatlari qisqarishiga to‘xtalib, « Bu – millat masalasi, birgina vazirlik darajasida qaror chiqarish kerak emas. Maktablarda ona tili 2 soat, rus tili 2 soat va ingliz tili 3 soat o‘qitilishi – xalqimizga hurmatsizlikdir», degandi.

Xalq demokratik partiyasidan Oliy Majlis deputatligiga saylangan Mavjuda Hasanova ayrim partiyalar vakillari bu mavzu hammaning ko‘ngliga yaqinligini bilib, shovqin ko‘tarib, o‘zini ko‘rsatishga urinayotgani ma’qul emasligini ta’kidlagan edi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing