O‘zbekiston matematikani o‘zlashtirish darajasini baholovchi xalqaro TIMSS tadqiqotidagi ishtirokini boshladi

O‘zbekiston xalqaro TIMSS (4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o‘zlashtirish darajasini baholash dasturi) tadqiqotidagi ishtirokini boshladi.

Foto: TIMSS

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, TIMSS tadqiqoti to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi. U 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha egallagan bilim darajasi va sifatini solishtirish hamda milliy ta’lim tizimidagi farqlarni aniqlash bilan bir qatorda, qo‘shimcha ravishda maktablarda matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha berilayotgan ta’lim mazmuni, o‘quv jarayoni, ta’lim muassasasining imkoniyatlari, o‘qituvchilar salohiyati, o‘quvchilarning oilalari bilan bog‘liq omillarni o‘rganadi.

TIMSS dasturi o‘zining birinchi tadqiqotini 1995 yilda boshlagan bo‘lib, har to‘rt yilda tashkil etilmoqda. Navbatdagi davriylik 2023 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Dasturda qatnashayotgan davlatlar soni ham tobora ortib bormoqda, buni 2015 yildagi TIMSS tadqiqotida 57ta mamlakat qatnashgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich ortib, 60 dan ortiq davlatni tashkil etganida ko‘rish mumkin. TIMSS 2015 tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQSh, Singapur, Honkong, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tizimi eng yuqori ko‘rsatkichlarni olgan.

Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) rahbariyati O‘zbekistonning ta’lim sharoitiga TIMSSning qaysi turi mos kelishi haqida maslahatlar bermoqda. Bundan tashqari, IEA 2021 yil fevral oyida Germaniyaning Hamburg shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan milliy tadqiqot koordinatorlarining birinchi yig‘ilishiga taklif qildi va Boston kolleji mutaxassislari bilan turli xil baholash modellarini muhokama qilish, tadqiqotlar yo‘nalishlarining afzallik va kamchiliklari haqida muhokamalar olib borish uchun qulay imkoniyat yaratib berilishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston TIMSS va boshqa xalqaro tadqiqotlarda qatnashish orqali rivojlangan mamlakatlar tajribalarini milliy ta’lim tizimida qo‘llash, o‘z natijalarini boshqa davlatlar natijalari bilan qiyosiy taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tadqiqotda, O‘zbekistonning 4 va 8-sinf o‘quvchilari boshqa davlatlardagi tengdoshlariga nisbatan matematika va tabiiy fanlardan savodxonligi qay darajada yuqori ekani, matematika va tabiiy fanlarga qiziqish darajasi, oila tomonidan farzandlarga matematikani va tabiiy fanlarni o‘zlashtirishda qanday hissa qo‘shilayotgani, matematika va tabiiy fanlarni o‘qitish jarayoni qanday tashkil etilgani, matematika va tabiiy fanlar o‘qitish jarayonining boshqa davlatlarga nisbatan o‘ziga xosligi bor yoki yo‘qligi, agar bor bo‘lsa, u nimalarda namoyon bo‘layotgani, o‘qituvchilar metodlari boshqa mamlakatlar o‘qituvchilari metodlaridan nimasi bilan farq qilishi o‘rganiladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing