Xalq ta’limi tizimidagi 50 ming nafar xodim Coursera platformasida bepul ta’lim olishi mumkin – XTV

Coursera platformasida jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlarining 430 ta yo‘nalishlar bo‘yicha 3800 turdagi o‘quv kurslari mavjud. Xalq ta’limi tizimidagi 50 ming nafar xodim, o‘qituvchilar va yuqori sinf o‘quvchilarining ana shu kurslarda bepul ta’lim olishi uchun imkoniyat yaratildi, deb xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi.

«Xalq ta’limi vazirligi hamda Coursera tashkiloti (AQSh) hamkorligida Coursera Workforce Recovery dasturi doirasida ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan xodimlar, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari va yuqori sinf o‘quvchilari uchun bepul onlayn o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

Aksariyat kurslar va mutaxassisliklarda talim olish odatda obuna asosida oyiga 39-79 AQSh dollarini tashkil etadi. Onlayn kurslar ingliz yoki rus tillarida olib boriladi.

Dastur doirasida maktab bitiruvchilari va yuqori sinf (10-11-sinflar) o‘quvchilarini kelajakda kasbga tayyorlashda qo‘shimcha zarur bilimlarni egallashlari uchun Coursera platformasida mavjud foydali kurslar ro‘yxati shakllantiriladi hamda ular bo‘yicha onlayn ta’lim olishlari ta’minlanadi», deyiladi XTV axborot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, Coursera onlayn kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan mamlakatimiz o‘qituvchi va o‘quvchilari xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatlarga ega bo‘lishlari hamda bu orqali qo‘shimcha daromad topishlari mumkin.

«Ushbu sertifikat dunyoning rivojlangan davlatlarida, xususan, AQSh, Kanada, Avstraliya va ko‘plab Yevropa mamlakatlarida tan olinadi.

Turli mutaxassisliklar bo‘yicha xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritgan tinglovchilar nafaqat kasbiy rivojlanish yo‘lida ilg‘or qadam qo‘ygan bo‘ladilar, balki onlayn freelancing platformalardan foydalangan holda o‘z daromadlarini oshirish imkoniyatiga ham ega bo‘lishlari mumkin. Xalqaro sertifikatlar bilan Preply, Fiver, Upwork va shu kabi freelancing platformalarida qo‘shimcha daromad topish mumkin.

Mazkur kurslarda ta’lim olish uchun tinglovchilardan ingliz tili yoki rus tilini bilish darajasi kamida B1 bo‘lishi talab etiladi», deya XTV matbuot kotibi Laylo Rustamovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Coursera platformasida bepul ta’lim olish istagidagi xalq ta’limi tizimi xodimlari, o‘qituvchilar, shuningdek, o‘quvchilar ushbu havola orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot mana bu yerda.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing