Malakasiz o‘qituvchilar, o‘ta yuqori standartlar, darsliklar va oliygoh imtihonlaridagi nomuvofiqlik – matematika ta’limidagi muammolar haqida mutaxassis bilan suhbat

Matematika fanini ko‘pchilik hisob-kitob, faqatgina iks-igrek, kosinus-kotangesdan iborat, deb o‘ylaydi. Yo‘q. Matematikaning asosiy vazifasi faqat hisob-kitobni o‘rgatishdangina iborat emas. U o‘quvchilarni  fikrlashga majbur qilishda katta imkoniyatga ega bo‘lgan fanlardan biri. Masala-misollar bolalarni tafakkur qilishga undaydi, miya imkoniyatlarini ishga soladi, mulohaza qilishga, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Masala-misollar bu – kichik to‘siqlar. Bu to‘siqlardan o‘tish ko‘nikmasini shakllantirish orqali bola algoritmga – tartibga, to‘g‘ri yoki noto‘g‘rini anglashga o‘rganadi. Chunki matematikada yarim haqiqat yoki yarim yolg‘on degan narsa yo‘q – faqat haqiqat yoki yolg‘on bor.

Mamlakatimizda matematika fanini o‘qitish tizimini isloh qilish boshlandi. Hozir matematika ta’limi tub burilish nuqtasida turibdi. Biz shu nuqtada adashmasdan, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishimiz kerak.

Dastur va darsliklar muammosi

Darsliklar yaratish bilan 30 yildan beri shug‘ullanib kelaman. Oxirgi yillarda matematika fanida standart, o‘quv dasturi va darsliklar tinimsiz almashtirilyapti. O‘qituvchi yangi darslikka endi ko‘nikdi deganda boshqa darslik beryapmiz. O‘qituvchi robot emaski, bunga darrov ko‘nikib ketgani. Dastur va darsliklar masalasida barqarorlik mavjud bo‘lsagina, ta’limda sifat ko‘tarilishi mumkin.

Buning uchun birinchi navbatda matematikada o‘quv dasturi yuklamasini imkon qadar kamaytirish lozim. O‘qituvchilar ta’lim berish bilan emas, dastur orqasidan quvish bilan ovora. Bir mavzuni endi tushunyapman deganda, o‘quvchini ikkinchi mavzu kutib turadi. Matematikada mavzular bir-birining ustiga qurilishini hisobga olsak, bu bekatda sinfning yarmi tushib qoladi. O‘qituvchi marraga yetib borganda esa uning yonida hech kim qolmagan bo‘ladi. Bir mavzuni bir soat o‘tganda yaxshiroq natija bo‘ladimi yoki 2-3 soat chuqurroq kirib o‘tgandami?!

Shu bois matematika fanidan dasturni yirik-yirik mavzulardan iborat qilib tuzib, ularni o‘rganishga yetarlicha vaqt berilsa, samarani ko‘tarsa bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda oddiy maktablarning 1-8-sinflarida dasturni spiralsimon qilib tuzish kerak. Matematikadan yuqori natijalarga erishayotgan davlatlarda xuddi shunday yo‘l tutilgan.

Shuningdek, darsliklar sifatli chiqishi uchun ularni amaliyotga joriy qilishdan avval kamida bir yil sinov muddatidan o‘tkazish kerak. 2017 yilda 10-11-sinflar tiklanishi ma’lum bo‘lgach, 20 kun ichida darslik yozib berishga majbur bo‘lganmiz. Bunaqada sifat bo‘lmaydi. Yangi darslikdan avval ba’zi maktablarda sinov tariqasida foydalanib ko‘rish, oddiy o‘qituvchilar ular bilan tanishib chiqishi, kam-ko‘stlarini ko‘rishi, u aprobatsiya jarayonidan o‘tishi kerak. Shundan so‘ng darslikni takomillashtirib, to‘liq joriy qilish mumkin.

Singapurning maktab darsliklarini ko‘rsangiz, hammasi alohida – o‘quvchi uchun kerakli bilimlar berilgan darslik, mustaqil topshiriqlar uchun ish daftari, o‘qituvchi uchun uslubiy qo‘llanma hamda qator multimediyaviy elektron resurslar yaratilgan. Bizda ham shu shablon asosida 1-11-sinf darsliklarini yangilash rejalashtirilgan. Lekin bu tizim to‘liq yangilanishi uchun 11 yil kutish kerak emas. 1-4-sinf, 5-9-sinf, 10-11-sinfning o‘ziga xosligini inobatga olgan holda, birinchi yili 1-sinf, 6-sinf, 10-sinf, ikkinchi yili 2-sinf, 7-sinf, 11-sinf tarzida yangilashni boshlash kerak. Shunda hammasi besh yil ichida tartib bilan yangilanadi. Ilgarigidek 8-sinf darsligini o‘zgartirib, unda 7-sinflar o‘qimagan narsalar kiritilgani kabi bo‘shliqlar paydo bo‘lmaydi.

Yana bir taklif. Darsliklarni tushunishni osonlashtiradigan rasm, sxema, diagramma va grafiklar bilan to‘ldirish kerak. Buning uchun darslik  sahifalarini ko‘paytirish lozim bo‘ladi. Bu katta mablag‘ va kitob vaznining oshib, sanitariya normalariga to‘g‘ri kelmasligi degani. Buning yechimi oddiy. Darslikni ikki qismga bo‘lish kerak – ham o‘quvchi ko‘taradigan vazn kamayadi, ham darslikdan foydalanish muddati ikki karraga oshgani uchun ketkazilgan mablag‘ o‘zini oqlaydi. Buning uchun esa 10 yil davomida ma’nan va mazmunan chidab beradigan darsliklar yaratish lozim bo‘ladi.

Yangi avlod mualliflariga zarurat

Darsliklarni yaratish bilan shug‘ullanayotgan mualliflar qarib qoldi. Chunki oxirgi yillarda darslik yozish uchun tender o‘tkazilmay qo‘yildi. Har gal qayta nashrda ham 15 yil avvalgi mualliflarning darsligi chiqaversa, yangi muallif qayerdan kelsin?

Kimdir bitta jamoa tuzish taklifini yuqoridan turib beradi. Jamoani majburiy tuzib bo‘lmaydi. Bu ijodiy jamoa, shunchaki boshqa davlat darsligini tarjima qilib, do‘ppi kiydiradigan mashina emas. Matematika fanidan jahon andozalariga javob beradigan, ilmiy-uslubiy merosimizga asoslangan milliy darslikni yarata oladigan jamoa tuzsa bo‘ladi. Jamoa g‘oyalar generatori, olim, malakali uslubchi va amaliyotchidan iborat bo‘lishi lozim. Jamoada tajribali mualliflardan tortib, yosh, ijodiy fikrlaydigan mutaxassislargacha bo‘lishi lozim. Darslikdagi har bir mavzu o‘quv maksadlaridan boshlanib, bu maqsadga olib boruvchi mazmun, mustahkamlash va baholovchi masalalardan iborat tizimga ega. Darslik yaratishda bu tizimni avtomatlashtirish va nazorat qilishni kompyuter zimmasiga yuklash mumkin. Uning strukturasi, sahifalar taqsimoti, dizayni, undagi uzviylikni nazorat qilishni kompyuterga topshirgan ma’qul.

Davlat ta’lim standartidagi nomuvofiqlik

Hozir davlat standarti bo‘yicha o‘quvchilarni imtihon qilsak, necha foizi o‘ta oladi, deb so‘rasam, o‘qituvchilarning aksariyati “20 foiz” deb javob beradi. Davlat ta’lim standarti bu – hamma bilishi kerak bo‘lgan minimal talab. Shuni bajarsa, attestat beriladi, bajara olmasa berilmasligi kerak. Modomiki, 20 foiz o‘quvchi davlat standartini bajarsa, bu o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 20 foiz, qolgan 80 foiz o‘quvchi “brak” degani.

Buning ham o‘z sabablari bor. Birinchidan, davlat ta’lim standartlari talablari juda yuqori belgilangan. Bu o‘quvchi uchun oshib bo‘lmaydigan to‘siq. Standart o‘quvchi osha oladigan darajada, faoliyatida kerak bo‘ladigan hayotiy ehtiyojlardan kelib chiqib belgilansa, natija bo‘lishi mumkin. Butun dunyo mamlakatlarida standartlar ancha past, hayotiy ehtiyojlarga qurilgan va ilmiy asoslangan. Biz esa juda yuqori nuqtani belgilab, kelajakda hammaga kerak bo‘ladimi-yo‘qmi – buni o‘ylamay, hammani shuni bilishga va uddalashga majburlayapmiz. Yo‘q, o‘quvchilarning hammasi ham amaldagi standart darajasida matematikani o‘zlashtira olmaydi. Standart talablarini pasaytirish o‘zi shundoq ham past o‘zlashtirish darajasini battar tushirib yubormaydimi? Bu qaysi andoza bilan baholashga boglik. Bir kesmani metrlarda o‘lchab, “5” deb o‘lchash ham, uni detsimetrlarda o‘lchab “50” deb aniqlash ham mumkin.

Baholash tizimi

2019 yilda Sirdaryoda Davlat test markazi matematika o‘qituvchilarini abituriyentlar uchun tayyorlangan baza asosida test sinovidan o‘tkazdi. Imtihonda o‘qituvchilarning 85 foizi qoniqarsiz, 15 foizi qoniqarli natija ko‘rsatgan. Lekin bu 85 foiz o‘qituvchi yomon degani emas. Gap shundaki, maktab o‘qituvchilari hozirga qadar 9-sinfgacha dars berib kelgan. 10-, 11-sinf kollej-litseylarga o‘tib ketgani uchun dasturning bu qismini unutishgan. Lekin abituriyentlar uchun test sinovi aynan o‘sha sinf dasturlaridan olingan. Shuningdek, o‘qituvchilar uchun faqat 3-darajali qiyinlikdagi testlar berilgan. Qarabsizki, 85 foiz o‘qituvchining natijasi qoniqarsiz, deb bong urildi. Yo‘q. Bundan faqat 15 foiz o‘qituvchi yaxshi degan xulosaga kelish mumkin xolos. 85 foiz o‘qituvchi haqida esa hech narsa deb bo‘lmaydi. Agar ularga 1- va 2-darajali qiyinlikdagi testlar berilsa, shundagina haqiqiy holat ma’lum bo‘lishi mumkin.

Baholashning samarali va ilmiy asoslangan tizimini yaratmasak, bunday noto‘g‘ri talqinlar ko‘p bo‘ladi. Baholash tizimi ilmiy jihatdan asoslangan bo‘lishi shart – kimni, nimani, nega, nima bilan va qanday baholayapmiz degan savollarga javob bergan holda baholash mezonlari, uskunalari va indikatorlarini yaratish kerak bo‘ladi.

Shu nomuvofiqlik sababli ham kirish imtihonlaridagi testlardan o‘tish uchun maktabda olingan bilim yetarli bo‘lmay qoldi. Ataylab sun’iy to‘siqlar qo‘yildi. Aslida maktabda beriladigan bilim va ko‘nikmalar testga emas, hayotga tayyorlashi lozim. Maktabda berilgan bilim darajasidan kelib chiqib emas, kelgusida mutaxassisga kerak bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalardan  kelib chiqib test tuzilishi kerak. Maktab bitiruv imtihonlarini oliy o‘quv yurtiga qabul imtihonlari bilan birlashtirish to‘g‘ri yechim. Bunda obdon o‘ylab qaror qabul qilish kerak. Testologiya asoslariga ko‘ra, ilmiy asoslangan, samarali test bazasini yaratish va joriy qilish uchun, xorijiy maslahatchilar va o‘qitilgan mahalliy mutaxassislar, katta mablag‘ va 3-5 yil kerak buladi.

Maktab faoliyatini oliygohga kirish ko‘rsatkichi bilan baholab bo‘lmaydi

Yaqinda maktablar faoliyatini oliygohga kirgan o‘quvchilar soni bilan baholash taklif qilindi. Bu samara bermaydigan yechim. Maktab o‘quvchilarni testga emas, hayotga tayyorlashi kerak. Hozirgi baholash tizimi asosida maktab ustidan bunday hukm chiqarish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Qolaversa, hozirgi sharoitda o‘quvchilar maktab emas, repetitorlar, ota-onalar mablag‘i evaziga testga tayyorlanyapti. Maktab ta’limini baholash va OTMga qabul tizimlari ilmiy asosda uyg‘unlashtirilmas ekan, bu chora kerakli natija bermaydi. Yirik kompaniyalar mutaxassislarni qancha ko‘p narsani bilishi yoki nima yumushni uddalashiga qarab emas, yangi sharoitga moslashuvchanligi, mustaqil o‘rganishga moyilligi va kreativligiga qarab ishga olmoqda.

Yana bir gap. Bizda test topshiriqlari shakli bitta qolipga solingan, ya’ni bitta savol va 4ta javob variantidan faqat bittasi to‘g‘ri qilib tuziladi. Bu test shakli juda qo‘pol bo‘lib, yopiq testlar sirasiga kiradi. PISA testlari singari bir nechta javobi yopiq test, qisqa bitta so‘z va sondan iborat ochiq test yoki atroflicha javob berish yoki masalani yechish talab qilinadigan ochiq testlarin joriy qilish mumkin. Bu shakllarga o‘tilsa, tavakkalchilikka asoslangan yopiq testlardan, test topshirish jarayoniga ijodiylik, kreativlikni ham qo‘shish mumkin bo‘ladi.

Yirik miqyosda tadqiqotlar o‘tkazishning ahamiyati

Ta’lim sifatini, o‘quvchilar savodxonligini baholovchi xalqaro dastur – PISA tadqiqotlari mavjud. Mazkur dastur baholash tizimi asosida o‘z milliy baholash tizimimizni yaratish vazifasi qo‘yilgan.

Bizga ham keyingi qadamlarni belgilash uchun shu kabi global miqyosdagi tadqiqotlar kerak. Ammo bir-ikki kishining aytgan gapi bilan xulosalar qilishga odatlanganmiz. Birov maktab darsliklari murakkab, soddalashtirish kerak, desa shart olib o‘zgartirishadi. Vaholanki, bu darslik necha kishining tahlilidan o‘tgan. Modomiki, ilmiy asosga qurilmagan qarorlar qabul qilsak, natija yaxshi bo‘lmaydi.

Malakali o‘qituvchilar masalasi

Singapur tajribasiga ko‘ra, o‘qituvchi universitetni bitirgan bo‘lsa, bu hali u dars bera oladi degani emas. Maktabda dars berishga loyiqligini maxsus imtihonlardan o‘tib asoslab bersa, keyin litsenziya beriladi. Shundan keyin yana maktabda tanlovda ishtirok etib, undan o‘ta olsagina ishga qabul qilinadi.

Ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, Toshkent shahrida o‘qituvchilarning 20-30 foizi dars berishga yaramaydi. Nega? Chunki raqobat muhiti yo‘q. Pedagog kadrlar ko‘p bo‘lsa, ular orasida raqobat bo‘lsa, ishga qabul qilishda eng yaxshilari o‘tadi, sifat ham o‘sadi. Yana bir muammo o‘qitish metodikasi bilan bog‘liq. O‘qituvchilarimiz eng oson usulni tanlab olishgan. Bolalarni tinchitib, oldin yangi materialni tushuntirib, so‘ng masala ishlab ko‘rsatishadi. Kim tushuntirilgan narsani qaytarib, andozaga ko‘ra masalani yechib bersa, “besh” baho qo‘yib berishadi. Kechirasiz, bu eng minimal talab va buning uchun “uch” qo‘yiladi. Yaxshi va a’lo baho olish uchun yangi bilimni o‘rganibgina qolmay, tahlil qilib ijodiy yondashishi, o‘z munosabatini bildirishi lozim bo‘ladi.

O‘qib tushunish ko‘nikmasini takomillashtirishga ehtiyoj

Xalqaro tadqiqotlar o‘quvchilarning matematik savodxonlik darajasi ona tili bo‘yicha o‘qib, tushunish ko‘nikmasiga bevosita bog‘liqligini ko‘rsatadi. O‘quvchilarimiz o‘qigan narsasini tushunmaydi, sharillatib o‘qigani bilan matnning mohiyatini gapirib bera olmaydi. Vaholanki, matnni tushunmasa, matematik masalaning mag‘zini qanday qilib chaqish mumkin? Shu nuqtai nazardan, ona tili va adabiyotni o‘qitish maqsadlarini qayta ko‘rib chiqish, o‘qitish uslublarini o‘zgartirish, matnni o‘qib, tushunish ko‘nikmalarini mustahkamlashga ehtiyoj seziladi.

Matematika fanini o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha o‘zimizda yetarlicha ilmiy meros va resurslar mavjud. Faqat ularni 21 asr talabidan kelib chiqib, zamonaviy ta’lim texnologiyalari, ilg‘or xorijiy yondashuv va tajriba bilan boyitish kerak. Shuningdek, matematika ta’limida quruq nazariyadan qochib, amaliyotga ko‘proq o‘rin berish lozim.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing