Yuqori Chirchiq tumani XTB mudiri G.Aytekovaning qurbon hayiti tabrigi

Assalomu alaykum muhtaram va aziz yurtdoshlar!
Xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag’rikenglik va saxovat ifodasi bo’lib kelgan Qurbon hayiti barchamizga muborak bo’lsin!
Mustaqillik yillarida O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Diniy bayram – Qurbon hayitini dam olish kuni deb e’lon qilish haqida”gi 1991 yil 20 iyundagi PF-221-son Farmoni  ijrosi o’laroq mana 29 yildirki Qurbon hayitining birinchi kuni yurtimizda diniy bayram – dam  olish kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Nabiy alayhissalom hadisi shariflarining birida: «O’tganlaringizni qilgan yaxshiliklari bilan xotirlang», – deya marhamat qilganlar. O’tgan davr mobaynida mamlakatimiz Rahbari tashabbuslari, fidoyiliklari bilan nafaqat milliy-diniy bayramlarimiz, balki dinu e’tiqodimizga yangidan hayot baxsh etildi, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, ulug’ allomalarimizning bebaho merosini asrab-avaylash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda masjid va madrasalar qayta tiklandi, qadimiy tarixiy obidalar yanada chiroy ochdi, diniy ta’lim tizimi tubdan isloh qilindi, diniy bilim yurtlarining umumiy shart-sharoitlari yaxshilandi.
Hurmatli vatandoshlar! Qurbon hayiti – ulug’ bayram. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yo’qlab ularning holidan xabar olish, yoshi ulug’larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko’rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va bayramning ko’rkiga ko’rk qo’shadigan amali solihlar bilan o’tkazish maqsadga muvofiqdir. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo’lar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko’ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Hayit kunlarini g’animat bilib, barcha gina-kuduratlarni unutib, kechirimli bo’lish musulmon kishiga xos bo’lgan go’zal fazilatlardandir.
Ushbu muborak ayyomda davlatimiz rahnamoligida yurtimiz ravnaqi, diyorimizning osoyishtaligi, xalq farovonligi yo’lida olib borilayotgan barcha xayrli ishlarda Yaratganning o’zi madadkor bo’lishini so’rab qolamiz. Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan siz azizlarni Yuqori Chirchiq tumani XTBi nomidan samimiy muborakbod etaman!
Mehribon Alloh taolo barcha ibodatlarimizni qabul aylab, ezgu maqsadlarimizni amalga oshirishda O’zi madadkor bo’lsin. Qurbon hayitining fayzu barakoti qalblarimizni va xonadonlarimizni munavvar aylasin!

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing