Toshkentda boshlang‘ich, o‘rta va bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun maktabga kirish joylari ajratilishi mumkin

Barcha o‘quvchilar bitta binoda ta’lim oladigan kam sonli o‘quvchilar bo‘lgan maktablarda, binoning 1 va 2-qavatlari boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun, 3- va 4-qavatlari yuqori sinf o‘quvchilari uchun ajratiladi.

Bugun Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 19-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada «Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini bosqichma-bosqich tiklash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi masala ko‘rib chiqildi.

Poytaxt hokimligi xabariga ko‘ra, yig‘ilishda deputatlar pandemiya sharoitida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini bosqichma-bosqich tiklashda nimalarga e’tibor qaratish muhimligini atroflicha muhokama etdilar.

Bu borada so‘zga chiqqan Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ota-onalar orasida bu bo‘yicha poytaxtda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini ma’lum qildi.

An’anaviy ta’lim jarayoni boshlanadigan bo‘lsa, sanitariya-epidemiologiya talablarini tashkil etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tdi.

Pandemiya sharoitida onlayn ta’lim xavfsiz bo‘lsa-da, bunda o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishi yetarli darajada bo‘lmayotganligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, an’anaviy ta’limni boshlash ma’qul degan fikr bildirildi. Ammo bunda ham ijtimoiy masofani saqlashni ta’minlash kabi qator masalalarni hal etish lozim.

Muhokamalardan kelib chiqib, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Qarorga deputatlar takliflari asosida qator tavsiyalar kiritildi:

– boshlang‘ich, o‘rta va bitiruvchi sinflar o‘quvchilari uchun kirish joylarini imkoni boricha ajratish;

– darslar maxsus jihozlangan sinflarda tashkil etilishi lozim bo‘lgan fanlar (jismoniy tarbiya, tasviriy san’at, texnologiya fanlari va boshqa)dan tashqari maktabda dars mashg‘ulotlari xonadan-xonaga ko‘chmagan holda “sinf sistemasida” o‘tkazish, ya’ni har bir sinf bitta xonada o‘qishi;

– barcha o‘quvchilar bitta binoda ta’lim oladigan kam sonli o‘quvchilar bo‘lgan maktablarda, binoning 1 va 2-qavatlari boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun, 3- va 4-qavatlari yuqori sinf o‘quvchilari uchun ajratish;

– pandemiya davrida maktabning oshxona va bufetlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish;

– pandemiya davrida maktabda ommaviy tadbirlar (yig‘ilishlar, shu jumladan ota-onalar yig‘ilishlari, turli tadbirlar va h.k.) o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatish;

– dars vaqtini qisqartirish.

Shuningdek, sessiyada agar an’anaviy ta’lim jarayoni boshlanadigan bo‘lsa, ayrim oilalar farzandlarini tibbiy niqoblar bilan ta’minlay olmasligi mumkinligiga ham e’tibor qaratildi va deputatlar bu borada xayriya yordamini ko‘rsatish tashabbusini bildirishdi.

Yangi o‘quv yilini boshlash mavzusi muhokamasi davom etadi, deyiladi xabarda.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing