XTV masofadan o‘qitiladigan bolalarning ota-onalariga tavsiyalar bilan chiqdi

Xalq ta’limi vazirligi masofadan o‘qitiladigan bolalarning ota-onalariga tavsiyalar bilan chiqdi.

Vazirlikning qayd etilishicha, agar bola uchun masofadan o‘qitish shakli tanlangan bo‘lsa, unda maslahatlarga e’tibor berish lozim.

“Avvalo, siz o‘zingiz va bolangiz uchun odatiy kun tartibini belgilab, unga rioya qilishingiz kerak (uxlash va uyg‘onish vaqti, darslarning boshlanish vaqti, ularning davomiyligi, “tanaffuslar” va boshqalar)”, – deyiladi tavsiyada. 

Ta’kidlanishicha, kundalik hayotning keskin o‘zgarishi bolaning moslashish imkoniyatlarida sezilarli o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi hamda keraksiz stress va zo‘riqishlarga olib kelishi mumkin.

Ota-onalar va bolaning oila a’zolari sodir bo‘layotgan voqealarga xotirjam, adekvat munosabatni saqlashga harakat qilishlari muhimdir. 

Bolaning hissiy holati to‘g‘ridan-to‘g‘ri kattalar (ota-onalar, qarindoshlar) holatiga bog‘liq. Boshqa mamlakatlardagi ota-onalarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, o‘zini izolyatsiya qilish rejimiga moslashish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi va bu normal jarayon hisoblanadi.

“O‘zingizni xotirjam tuting, vazmin bo‘ling, bolalarning virusga oid savollariga javob berishdan qochmang va hokazo, ammo pandemiya holati va uning xavf-xatarlari haqida uzoq munozaralarga sho‘ng‘imang.

Bolalar uchun masofaviy ta’limni tashkil etish bo‘yicha maktabdan olgan tavsiyalaringizni yaxshi tushunib olishga harakat qiling. 

Siz faqat sinf o‘qituvchisi va maktab ma’muriyatidan olgan rasmiy ma’lumotlarga amal qiling. 

Ushbu jarayonni tashkil etishda maktab ma’muriyati uchun ham vaqt talab etiladi, shuning uchun sizning bu vaziyatni tushungan holda munosabat bildirishingiz bebaho yordam bo‘lishi mumkin, bu esa ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir qiladi.

Vaziyatni tushunganingiz va qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun oldindan rahmat”, – deyiladi XTV ma’lumotida.

Avvalroq, Xalq ta’limi vazirligi umumta’lim muassasalarida ta’lim ikki xil shaklda bo‘lishini inobatga olib, o‘quvchilarning ota-onalariga murojaat bilan chiqqandi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing