Maktablarning 2020 yil uchun milliy reytingi e’lon qilindi

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi umumta’lim maktablarining milliy reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Buxoro, Namangan va Xorazm viloyati maktablari eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Surxondaryo viloyati maktablari esa eng past natija ko‘rsatgan.

Inspeksiyaning xabar berishicha, reyting tuzish uchun 2019 yil 3 oktyabrdan 18 dekabrgacha barcha tuman va shaharlarning 992ta umumta’lim muassasalarida, 10 mingga yaqin maktabning 10 foizida  nazorat ishlari va ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilgan.

Mahalliy va xalqaro tajribalar, mutaxassislarning fikr-mulohazalari asosida maktablar reytingini tuzish uchun 4ta ko‘rsatkich asosiy mezon sifatida qabul qilingan:

  • bitiruvchi o‘quvchilarning (11-sinf) umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’limiy tayyorgarlik darajasi va sifat ko‘rsatkichi (35 ball);
  • 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi (25 ball);
  • oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi (20 ball);
  • umumta’lim muassasasining o‘quvchilari va pedagog jamoasi o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalari (20 ball).

Reyting indikatorlarida jami natijaning 60 foizi o‘quvchilar bilim darajasini aks ettiradi.

“Bu indikatorlar asosida2020 yil 1 iyul holatiga maktablarning reyting natijalari tayyorlandi. Hududlar reytingida eng yuqori o‘rinlarniBuxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari egallagan bo‘lsa, quyi o‘rinlarda Sirdaryo, Toshkent viloyati va Surxondaryo viloyatlari qayd etildi”, – deb yozmoqda Ta’lim inspeksiyasi.

Reytingda 11-sinf bitiruvchilarining o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Toshkent shahri (10,2%), Navoiy (10,2%), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (10,4%), Farg‘ona (10,7%) va Buxoro (16,5%) viloyatlari peshqadam bo‘lgan.

“Bu yil 10 foiz maktab bo‘yicha reyting tuzilgan bo‘lsa, kelasi yillarda optik tolali internet tarmog‘iga ulangan maktablar soni oshib borishi hisobiga zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan unumli foydalangan holda mazkur reytingga 100 foiz maktablarni qamrab olish rejalashtirilgan”, – deyiladi Ta’lim inspeksiyasi xabarida. 

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing