Elektron Kundalik uchun obuna 30 noyabrdan boshlanadi – Xalq ta’limi vazirligi

2020/21 o‘quv yili boshlanishidan oldin Xalq ta’limi vazirligi Kundalik tizimiga ulangan maktab o‘quvchilarining ota-onalariga qog‘oz kundalik sotib olmasliklari, uning o‘rniga elektron muqobiliga obuna bo‘lish lozimligini ma’lum qilgan edi.

Elektron Kundalik platformasi bilan ishlash uchun ajratilgan sinov muddati tugagani munosabati bilan, elektron kundalik platformasining boshqa funksiyalaridan foydalanish uchun obuna bo‘lish lozim bo‘ladi.

Qog‘ozli o‘rniga elektron Kundalik

Elektron Kundalik platformasiga obuna narxi qog‘oz kundalikning o‘rtacha narxiga teng — 9 200 so‘m. Uch va undan ortiq farzandi bor oilalar uchun 10 foizlik chegirma mavjud.

Ushbu miqdorni to‘lab, ota-ona va o‘quvchining istagan boshqa yaqin qarindoshlari bir kalendar yil davomida bolaning maktab hayotini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Elektron to‘lovning ikki yo‘li mavjud: plastik karta hamda CLICK to‘lov tizimi orqali. Elektron kundalik uchun to‘lovni amalga oshirish yo‘riqnomasi bilan bu yerda tanishish mumkin.

Kundalik obunasi uchun to‘lovni 30 noyabrdan e’tiboran amalga oshirish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 23 noyabrdan sinov muddatining oxirgi 7 kuni boshlanadi. Ota-onalarga o‘zlarining profillaridan kirish va barcha farzandlarining kundaliklarini ko‘ra olishlarini tekshirishlari tavsiya etiladi.

Kundalik’da ota-onaning bitta akkauntiga har bir farzandini «bog‘lash» mumkin. Buning uchun farzandingiz ta’lim olayotgan muassasaga murojaat qilish lozim.

Foydali jihatini bilasizmi?

Elektron kundalik yordamida ota-onalar ishdan chalg‘imagan holda masofadan turib farzandlarini barcha baholaridan, maktab hayotidan xabardor bo‘lishi, sinf rahbari va boshqa o‘qituvchilar bilan doimiy aloqada bo‘lib, bolada o‘quv jarayoni bilan bog‘liq qiyinchiliklarni o‘z vaqtida yengishga yordam berishi mumkin.

O‘qituvchining vaqti tejaladi!

Avvalgidek, maktablar uchun budjet mablag‘lari hisobiga sotib olingan qog‘oz muqobilida bo‘lgani kabi, o‘qituvchilar uchun elektron jurnaldan foydalanish bepul taqdim etiladi. Ko‘p yillar davomida elektron jurnal va kundalik qo‘llanilayotgan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘qituvchilar uning yordami bilan har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejaydi. Mazkur tejalgan vaqtni esa o‘qituvchi bolalar bilan ijodiy shug‘ullanishga yoki qo‘shimcha o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga sarflashi mumkin. 

Shaxsiy ma’lumotlar ishonchli himoyada

Kundalik.com TAS-IX hududida joylashgan bo‘lib, platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalaniladigan internet-trafik sarflanmaydi. Foydalanuvchilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar «O‘zbektelekom» serverlarida saqlanadi. Bu esa o‘quv jarayonidagi barcha ishtirokchilarning shaxsiy ma’lumotlari ishonchli himoyada ekanligini anglatadi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunga qadar 1557ta maktab elektron Kundalik tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, shundan 1482 maktab qog‘oz jurnal va kundalikdan butunlay voz kechgan.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing