Qonun loyihasi: O‘qituvchilarga bir qator imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda

Adliya vazirligi Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan birgalikda “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Unga ko‘ra, pedagog xodim deganda ta’lim tashkilotlarida (bog‘cha, umumta’lim maktabi, akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej, texnikum, oliy va undan keyingi ta’lim muassasalari, malaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalari) pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar tushuniladi.

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining ma’lumot berishicha,  qonun loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

1) pedagog xodimlarning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish masalasida hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etish;

2) pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;

3) pedagog xodimga umumiy belgilangan yoshdan besh yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqini taqdim qilish;

4) pedagog xodim tomonidan uy-joy va avtotransport vositasini xarid qilish uchun uning oylik ish haqidan yo‘naltiriladigan mablag‘larni daromad solig‘idan ozod etish;

5) pedagog xodimga 56 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til, shuningdek, ta’til berilganida, kalendar yilida bir marta bazaviy lavozim maoshi miqdorida sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam berish;

6) pedagog xodimning bazaviy lavozim maoshining eng kam miqdorini belgilash va ko‘p yillik xizmati uchun ustama to‘lash tizimini joriy etish;

7) pedagog xodimni kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash;

8) oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, ammo ta’lim tashkilotlarida kamida besh yil ish stajiga ega pedagog xodimlarni OTMlarga pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli asosda o‘qishga qabul qilish.

Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing