Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida axborot bergan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat sirini tashkil etishi belgilab qo‘yiladi

«Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi e’lon qilindi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tartibga soluvchi normativ huquqiy hujjatlarida sodir etilgan, sodir etilayotgan yoxud tayyorlanayotgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish, shuningdek ularning shaxsiga oid ma’lumotlar sir saqlanishini kafolatlovchi normalar mavjud emas.

Xususan, 2017 yil 3 yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning 28-moddasida (Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni himoya qilish) korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar davlat himoyasida ekanligi, ularni ta’qib etish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan, lekin korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni moddiy yoki boshqacha tarzda rag‘batlantirish, shaxsiga oid ma’lumotlarning sir saqlanishi bo‘yicha normalar kiritilmagan.

Yangi loyihada «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning 28-moddasiga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan.

28-moddaning nomi «Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarning, shuningdek yaqin qarindoshlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi va shaxsiga oid ma’lumotlarning sir saqlanishi» deb nomlandi.

Loyiha bo‘yicha 28-moddaning birinchi qismiga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarning shaxsi sir saqlanishi hamda o‘zi va yaqin qarindoshlarining ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanishini belgilovchi normalar kiritilgan. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat sirini tashkil etib, ularni oshkor etish qonunga muvofiq taqiqlanishi belgilangan.

Bundan tashqari, loyihaga asosan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarga, shuningdek ularning yaqin qarindoshlariga zo‘rlik ishlatish yoki mol-mulkini yo‘q qilishga tahdid qilinayotganligi to‘g‘risida asosli ma’lumotlar mavjud bo‘lganda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi organlar ularning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini himoya qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rishi shartligi hamda huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarga va ularning yaqin qarindoshlariga tajovuz qilish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.

Loyihaga shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda moddiy yohud boshqacha tarzda rag‘batlantirilishi to‘g‘risidagi norma kiritildi.  

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing