Xalq taʼlimi vazirligi barcha hududiy boshqarmalarga tizimni malakali xodimlar bilan taʼminlash, natija koʻrsatmaydiganlarga chora koʻrish, barcha vakansiyalarni ish.uzedu.uzga joylab borish boʻyicha vazifalar belgilab berdi

Maʼlumki, xalq taʼlimi tizimidagi tashkilot va muassasalarni malakali kadrlar bilan taʼminlash, boʻsh ish oʻrinlariga nomzodlarni tanlashda zamonaviy tizimni yaratish, fidoyi xodimlarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan amaliy ishlar olib borilayotgan boʻlsada, joylarda ushbu sohada hali hamon muammolar mavjud.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlariga oʻtkazilayotgan tanlov jarayonida meritokratiya tamoyiliga, yaʼni qobiliyatli xodimlarni saralab olish, ularni xizmat pogʻonalari boʻyicha koʻtarilishini taʼminlash, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ishdan boʻshatishda adolat tamoyiliga amal qilish boʻyicha vazifalar belgilab berdi.

Barcha hududiy boshqarmalar rahbarlariga har bir boʻsh ish oʻrni toʻgʻrisida maʼlumotlarni doimiy ravishda ish.uzedu.uz saytiga joylab borish, hujjatlarni ushbu tizim orqali qabul qilish, nomzodlarni saralab olishda tanish-bilishchilik, mahalliychilik, manfaatlar toʻqnashuvi kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda ishlab kelayotgan, faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishmagan xodimlarni yuqori lavozimlarga tavsiya etish va tayinlash holatlariga yoʻl qoʻymaslik, rahbar xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilishda asl sababini oʻrganish, oʻz ishiga masʼuliyatli, kasbiy mahorati va professionalligi bilan oʻrnak boʻlayotgan xodimlarning nohaq ishdan boʻshatilishining oldini olish boʻyicha ogohlantirildi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan taʼlim darajasi yuqori boʻlgan maktablarda samarali faoliyat koʻrsatayotgan, koʻp yillar davomida yuqori natijalarga erishib, soha rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan fidoyi pedagoglarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yuqorida koʻrsatilgan masalalarda sustkashlikka yoʻl qoʻygan barcha rahbarlarga intizomiy choralar koʻrilishi yuzasidan ogohlantirish berildi.

print
PDF da yuklash
Bosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing