O‘qituvchi qachon mukofot puli olishi mumkin?

Xalq ta‘limi Info | Ulug‘bek Po‘latov

#Savol

Direktor jamg‘armasidan beriladigan bir yilda bir martalik mukofot  puli kimlarga va qanday yutuqlari bor o‘qituqchilarga beriladi? Mukofot puli qandaydir ishi ommalashgan, tanlovlarda o‘rin olgan ustozlarga rag‘batlantirish uchun beriladimi yoki bir-ikki yil aytaylik o‘n yil xayfsan olmagan bo‘lsa, shunchaki ishlagan bo‘lsa beriladimi? Qandaydir mezoni bormi ? Yoki bunday qarorni faqat maktab direktorining o‘zi hal etadimi?

#Javob

Pedagog xodimlariga mukofotlar berish Vazirlar mahkamasining 2019 yil 30 sentabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 823-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan tartibga solinadi.

Umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini umumta’lim muassasasini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi va o‘z faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishganligi uchun hamda respublikamizda nishonlanadigan bayram sanalari munosabati bilan ularga kalendar yili davomida jami ikki lavozim maoshigacha miqdorda mukofot puli to‘lash yo‘li bilan moddiy rag‘batlantiriladi. Ushbu to‘lovlar Jamg‘arma mablag‘lari doirasidan kelib chiqqan holda, yiliga bir necha marotaba amalga oshirilishi mumkin.

Bunda o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berayotgan o‘quvchilarining bilimi, malakasi va ko‘nikmalarining muayyan sinf va o‘quv fani bo‘yicha umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiqligini sinf jurnalidagi qaydlar orqali tahlil qilish orqali mukofotlanadigan va moddiy yordam ko‘rsatiladigan xodimlarni, shuningdek rag‘batlantirish miqdori aniqlanadi.

Zarur hollarda, ishchi guruh raisining tashabbusi yoki ishchi guruh a’zolaridan kamida ikki nafarining taklifiga ko‘ra xodimlarni mukofotlash hamda xodimning murojaati yoki boshlang‘ich kasaba uyushmasining tashabbusi bilan moddiy yordam berish haqidagi masalada ishchi guruhning navbatdan tashqari majlisi chaqirilishi mumkin.

Direktor jamg‘armasi hisobidan umumta’lim muassasalari xodimlariga mukofotlar berish, ishchi guruh majlisi qarori bilan ochiq muhokama orqali hamda umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi fikrlarini hisobga olib, Jamg‘armada nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Bunda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan umumta’lim muassasasi pedagog xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida maktab ishchi guruhining qarori asosida maktab direktorining buyrug‘i chiqariladi. Xodimlarni mukofotlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatishning to‘g‘ri, xolis va adolatli amalga oshirilishi uchun javobgarlik Ishchi guruh rahbari zimmasiga yuklatiladi.

print
PDF da yuklash
Bosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing