Sherzod Shermatov: «Kimdir maktablarga chin dildan yordam beradi, kimdir faqat xato qidirishga harakat qiladi»

Prezident maktablarga yordam ko‘rsatish umummilliy harakatga aylanishi zarurligini bir necha bor ta’kidlab o‘tgani va hamma o‘zi o‘qigan maktabiga kitob sovg‘a qilishi haqidagi tashabbus natijasida juda ko‘pchilik rahbarlar tomonidan nafaqat o‘z maktabiga, balki umuman maktab tizimiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar boshlangan. 

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning yozishicha, avvallari maktab ta’miriga asosan investitsiya dasturi orqali mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, hozirda nafaqat ushbu dastur mablag‘lari ortib bormoqda, balki hududiy hokimliklar tasarrufida qoladigan mablag‘larni maktablarga ko‘proq ajratishga harakat bo‘lmoqda. Bu borada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega hokimlarga “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni ham berilmoqda. 

Keyingi, uchinchi manba esa, homiylar va bitiruvchilar mablag‘lari bo‘lib, ko‘pgina bitiruvchilar maktablariga borib yordam ko‘rsatdi.

“Maktablardagi moddiy-texnik holat bo‘yicha yig‘ilib qolgan muammolarning ko‘pligini bilganimiz uchun ham barchani maktabga yordam berishga safarbar qilish harakatidamiz. Lekin ba’zilar bizning ichki dardimizni yuzimizga solib, o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishdan nariga o‘ta olmayapti. Har qanday mansabdor shaxs, senatormi, deputatmi, vazirmi yoki boshqa rahbar, agar haqiqatda prezidentimiz chaqiriqlariga ko‘ra maktabga yordam beraman desa, o‘z imkoniyatidan kelib chiqib ham yordam berish yo‘llarini topa oladi.

Prezidentimiz topshiriqlarini to‘g‘ri tushungan rahbarlar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, budjetdan tashqari mablag‘larni ham topib, maktablarga chin dildan yordam berishga harakat qilyapti. Yaqinda bir katta idora rahbari maktablarga qo‘shimcha televizorlar berish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatdi, lekin yoritmanglar deganiga kimligini aytmay qo‘ya qolamiz. 

Adliya vaziri esa, katta raqamlashtirish loyihasi tugaganidan keyin bo‘shagan 2,5 mingdan ortiq kompyuterlarni maktablarga o‘tkazishga yordam berdi. Ular o‘qituvchilar xonalariga qo‘shimcha kompyuter sifatida qo‘yiladi. Bundan tashqari, kuni kecha Shovot tumanidagi Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika va matematika maktab-internatining tubdan yangilanishiga maktab bitiruvchilari va tadbirkorlarni jalb qilib, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga havas qilishga arziydigan sharoitlar yaratishga hissa qo‘shdi. Maktablardagi muammolarimizni yuzimizga solish o‘rniga, ularga yordam berish imkoniyatlarini topadigan shunday rahbarlar va insonlar ko‘payaversin. Shundagina biz birgalikda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan prezidentimiz g‘oyalarini to‘laqonli amalga oshira olamiz”, deydi xalq ta’limi vaziri

print
PDF da yuklash
Bosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing