Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktablarda aprel oyi davomida “Shaxmat oyligi” sport musobaqalari o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommalashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4954-son qororida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tizimida bir qancha ishlar amalga oshirildi.

Jumladan:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 avgustdagi va “O‘zbekiston Respublikasi shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3906-sonli qarori bilan Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi 150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchi-yoshlarini tajriba tariqasida shaxmatga o‘qitishni tashkil qilish amaliyotini kengaytirish va shu munosabat bilan yana qo‘shimcha 1150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarini shaxmatga ixtisoslashtirish yo‘lga qo‘yildi.
  • 2021 yil 1 martdan boshlab, O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Markaziy kengashi hamda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi bilan hamkorlikda umumiy o‘rta ta’lim maktablari “Jismoniy tarbiya” fani o‘qituvchilarini onlayn shaxmat bo‘yicha malakasini oshirish tizimi hamda mahorat darslarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
  • 2021 yil mart oyida 145 nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari shaxmat bo‘yicha onlayn o‘qitildi va malakasi oshirildi.
  • 2021 yil aprel oyi davomida O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan barcha mintaqaviy bo‘limlardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Shaxmat oyligi” tashkil etildi.

Mazkur sport oyligida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shaxmat bo‘yicha viloyat, respublika va xalqaro musobaqalar g‘oliblari, halqaro grossmeyster, halqaro toifadagi sport ustasi, halqaro unvonlarga ega bo‘lgan trenerlarni jalb qilgan holda “Shaxmat oyligi” yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligi xodimlari, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, tuman (shahar)lar xalq ta’limi bo‘limlari va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar, pedagog xodimlar o‘rtasida ommaviy ravishda sportning shaxmat turidan sport musobaqalari yuqori saviyada tashkil etilgan holda o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati matbuot xizmati

print
PDF da yuklash
Bosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing