Bitiruvchi maktabdan attestatini olishi shartmas, hammasi onlayn bazada bor – vazir

AOKA majlislar zalida 2021/2022 o‘quv yilida OTMlarga qabul parametrlari mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktab bitiruvchilarining oldingi yillarda oliy ta’limga hujjat topshirishda bo‘lgan qiyinchiliklari va bugungi imkoniyatlar haqida gapirdi.

«Avvallari hujjat topshirish uchun birinchi maktabda ovora bo‘lardi, attestatini vaqtida ololmasdi. Ikkinchidan, oliy ta’lim muassasasiga olib borganda atay qiyinchilik qilganday, hujjat topshirtirmaslikka harakat qilinardi. Bugungi kunga kelib bu borada qiyinchiliklar yo‘qotildi, ya’ni arizalar onlayn topshiriladi. Ota-onalar va o‘quvchilar attestatni olish uchun maktabga borib yurishi shart emas.

Ariza topshirilayotganda attestat ma’lumotlari Xalq ta’limi vazirligi bazasidan DTM bazasiga o‘tadi va hujjat topshirish uchun qog‘oz attestatni olish shart emas», deb ma’lumot berdi Sherzod Shermatov.

Shuningdek, vazirga ko‘ra, o‘quvchisi oliy ta’limga kirmagan maktablar soni 3 baravarga kamaygan. Shu orqali maktab rahbarlari faoliyatiga baho beriladi.

«Har bir maktabda abituriyent shtablari tashkil qilingan. Sababi, yoshlar oliy ta’limni tanlashda va tayyorgarlik uchun imkoniyat yaratish. Kimda internet bo‘lmagani uchun hujjat topshira olmasa, maktabda shu imkoniyatdan foydalanishi mumkin. Onlayn ariza to‘ldirganda abituriyentlar o‘zi yoki ota-onasi raqamlarini kiritishini so‘rar edik, chunki boshqa raqamdagi kishiga sms kelsa u bexabar qolishi mumkin», dedi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Vazirga ko‘ra, bu yil deyarli hamma bitiruvchilar shaxsini tasdiqlovchi hujjat oldi. ID-karta ololmagan 2 ming nafar o‘quvchi qoldi. 

print
PDF da yuklash
Bosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing