O‘qituvchilardan tibbiy ko‘rik uchun pul talab qilinishi to‘g‘rimi?

Xalq ta‘limi Info | Ulug‘bek Po‘latov

Tibbiy ko‘rikdan o‘tish muammosi xar yili ko‘tariladi. Eski muammolar yana boshlandi. Ko‘pchilik o‘qituvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tish pedagog xodimlar uchun pullik yoki bepulligi, pullik bo‘lgan taqdirda hamma joyda to‘lov bir xil emasligi, undan tashqari tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun borayotganlardan ko‘rikdan o‘tish jarayonida ishlatiladigan anjomlardan tortib hattoki, tibbiyot perchatkasigacha talab qilinayotganligi haqida shikoyatlar kelib tushmoqda.

Ho‘sh aslida bu hususida qonunchilikda nima deyilgan:

Mehnat kodeksining 214-moddasida ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog‘ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilishi shart bo‘lgan xodimlar ro‘yxati ko‘rsatilgan (bu ro‘yxatga o‘qituvchilar ham kiradi) hamda tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmasligi belgilangan.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, MKning 214-moddasiga binoan tibbiy ko‘rikdan o‘tish munosabati bilan xodimdan pul undirilishi mumkin emas, shuningdek “Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanishi belgilab berilgan.

Amalda esa, o‘qituvchilar yoki ish beruvchi o‘z hisobidan majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishi kerak bo‘lgan boshqa xodimlardan haligacha tibbiy ko‘rik uchun pul olinadi. Chunki, Moliya bo‘limlari budjet tashkilotlari smetasiga majburiy tibbiy ko‘riklar uchun hech qanday pul ajratmaydi.

Bu masalani ijobiy hal etish uchun bloger, o‘qituvchi Isroil Tilaboev (https://t.me/domlajon) juda ko‘p marotaba harakat qildi. I.Tilaboev o‘tgan yili Prezident portaliga, beshta vazirlik va Respublika kasaba uyushmalari Federatsiyasiga O‘zbekiston bo‘yicha o‘qituvchilar uchun tibbiy ko‘riklarni bepul qilishlarini so‘rab xat yozgandi (https://t.me/domlajon/955). Shundan so‘ng I.Tilabboev yashaydigan tumandagi tibbiyot bo‘limiga jami 26 milliondan ortiq summa tibbiy ko‘rik uchun o‘tkazib berilgandi. Lekin, I.Tilaboev o‘shanda tibbiy ko‘rikni butun Respublika bo‘yicha bepul bo‘lishini so‘rab xat yozgandi.

Undan tashqari, Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanidagi 6 nafar o‘qituvchilar ham tibbiy ko‘rik masalasida sudda ham yutib chiqishib, ijobiy natijaga erishgandi. (https://t.me/domlajon/1111) Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, demak o‘qituvchilar uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish mutlaqo bepul amalga oshirilishi kerak. Buni sud ham qaror bilan tasdiqlab turibdi.

Muammo esa, o‘qituvchilar tibbiy ko‘rigi Respublika bo‘yicha bepul amalga oshirilshi haligacha belgilab qo‘yilmaganligida. Endi tibbiy ko‘rik masalasini ijobiy hal etishni Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki Respublika kasaba uyushmalari Federatsiyasi yoki bo‘lmasa Xalq ta’limi vazirligi o‘z zimmasiga olishi kerak. Bu masala vazirliklarning o‘zaro kelishuvlari asosida amalga oshirilmas ekan, o‘qituvchilardan tibbiy ko‘rik uchun yana pul talab qilinaveradi.

P.S: O‘qituvchilar uchun avtokredit, uzoq muddatga imtiyoli uy-joylar yoki bo‘lmasa, qanaqadir qo‘shimcha imtiyozlar so‘ralmayapti. Shunday ekan hech bo‘lmasa, shu tibbiy ko‘rikni bepul qilinishini ta’minlab beraylik.

print
PDF da yuklash
Bosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing