Endi o‘qituvchilarga 1.5 stavka berilgan dars soatlarining bir stavkadan ortiq bo‘lgan qismi bo‘sh ish o‘rinlari sifatida qayd etilmaydi

Xalq ta‘limi Info | Ulug‘bek Po‘latov

Ko‘pchilikka ma’lumki, hozirgi kunda hududiy bandlik bo‘linmalari tomonidan umumta’lim maktablari rahbarlari tomonidan o‘qitilayotgan dars soatlarini hamda o‘qituvchilar tomonidan bir stavkadan ortiq dars soatlarini, hatto minimal darajadagi ortib qoladigan dars soatlarini (1 yoki 2 soat) ham har oylik hisobotlarda vakant dars soatlari sifatida ko‘rsatib berishlarini talab qilish holatlari kuzatiladi.

Ya’ni, yuqori malakali o‘qituvchi “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi (3271-sonli) nizom asosida 30 soat dars  olgan bo‘lsada, maktab direktori har oyda o‘sha o‘qituvchiga berilgan ortiqcha 10 soatni hududiy bandlik bo‘limiga bo‘sh ish o‘rni sifatida ko‘rsatishga majbur edi. Natijada esa o‘qituvchilarga berilgan ortiqcha dars soatlari ish so‘rab kelgan talabgorlarga olib berilardi.

Kuni-kecha normativ hujjatlarni ko‘zdan kechirayotib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yil 28 aprelda imzolangan “Xalq ta’limi tizimidagi tashkilotlarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 243-sonli qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qaroriga o‘qituvchilarni xursand qiladigan o‘zgartirishlar kiritilganligiga ko‘zim tushib qoldi.

Quvonarli tomoni shundaki, Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 3-ilovasiga, «O‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxati asosida o‘qituvchilarga bir yarim stavka miqdorigacha belgilangan dars soatlarining bir stavkadan ortiq bo‘lgan qismi bo‘sh ish o‘rinlari sifatida qayd etilmaydi.» degan band qo‘shilibdi.

Ana endi yangi o‘quv yilidan boshlab, umumta’lim muassasalari o‘qituvchilariga 1,5 stavkagacha ajratilgan dars soatlari vakant dars soat sifatida tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga beriladigan har oylik hisobotlarga kiritilmaydi. Shu sababli 1.5 stavka dars olgan o‘qituvchilar “endi darsimni olib qo‘yishadi” degan “qo‘rquv”dan halos bo‘ladi.

print
PDF da yuklash
Bosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing