Senat: Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktablarning 24 foizida sport zallari mavjud emas

Parlament yuqori palatasining oltinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasiga aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda so‘nggi uch yilda mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilgani, xususan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashkil etilib, 2025 yilgacha jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingani ta’kidlangan.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filiali, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, yoshlar, sport va turizm universitetining Samarqand filiali, Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma jismoniy tarbiya, sport va turizm fakulteti faoliyat boshlagan.

Qolaversa, 2019 yilda Investitsiya dasturiga muvofiq 244,2 mlrd. so‘m hisobiga 69ta sport obekti qurilgan. Olis va chekka qishloqlarda jami 421ta yengil konstruksiyali kichik sport zallari va sun’iy qoplamali sport inshootlari qurilib, foydalanishga topshirilgan.

2019 yilda oilalar o‘rtasida jami 53 mingdan ortiq ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilib, ularga 4,2 mln. nafardan ziyod fuqarolar jalb qilingan.

Majlisda olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda sohada qator muammolar ham mavjudligi alohida ta’kidlandi. Jumladan, hududlarda yaratilgan sport inshootlari aholining ehtiyojlarini to‘liq qondira olmayapti.

Respublikada mavjud jami 51 ming 583ta sport inshootining 87 foizi tumanlarda va 13 foizi shaharlarda joylashgan. Ular jami 1,3 mln. o‘ringa ega bo‘lib, mamlakat aholisining faqatgina 4 foizini qamrab olmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda Respublika bo‘yicha qo‘shimcha 421ta sport inshootiga ehtiyoj mavjud. Ushbu ehtiyojlar asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Sirdaryo, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida yuqoriligicha qolmoqda.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida basketbol maydonchalarini qurish uchun 96 foiz (194ta) shahar va tumanda yer maydoni ajratilmagan. Sport inshootlarini pasportlashtirish ishlari talab darajasida olib borilmagani oqibatida respublikada mavjud 51 ming 583ta sport inshootining 46 foizi (4 867ta) pasportlashtirilmagan.

Shuningdek, umumta’lim maktablarini sport zallari bilan ta’minlash ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan. Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi jami 9 942ta umumta’lim maktabining 24 foizida (2 359ta) sport zallari mavjud emas.

Respublikada 3,8 milliondan ziyod bandligi ta’minlanmagan yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish uchun 248,5 mingdan ortiq tadbir o‘tkazilishiga qaramay, bunday tadbirlarga ularning atigi 10 foizigina qamrab olingan.

Shuningdek, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi YUNISEF bilan hamkorlikda «Yu-report» ijtimoiy raqamli platformasida yurtimizdagi sport inshootlarining bugungi holati va faoliyati yuzasidan o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari ham sohada bir qator muammolar mavjudligini yaqqol ko‘rsatdi.

Sakkiz mingga yaqin ishtirokchi qamrab olingan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, yoshlarning 49 foizi jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanmaydi, 20 foizi sportning biror-bir turi bilan qamrab olinmagan. 19 foiz ishtirokchilar uchun sport to‘garaklarining narxi qimmat. 64 foiz yoshlar sport inshootlariga transport orqali borishga yoki uzoq vaqt piyoda yurishga to‘g‘ri kelishi noqulaylik tug‘dirayotganini bildirgan. 64 foiz yoshlar o‘z mahallalarida sport inshootlari yo‘qligini va sport musobaqalari yetarlicha tashkil etilmayotganini qayd etgan. Bu borada, ayniqsa, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida ahvol qoniqarsizligi ma’lum qilingan.

Ayniqsa, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida «Har bir mahallada futbol maydoni» dasturi ijrosi qariyb 6 mingta mahallada ta’minlanmagan. Masalan, Andijon viloyatida 867ta, Samarqand viloyatida 790ta, Toshkent viloyatida 708ta hamda Farg‘ona viloyatida 700ta futbol maydonchasi qurilmagan.

Bundan tashqari, jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, sport maktablarini malakali murabbiylar va tibbiyot xodimlari bilan ta’minlash ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Senat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida parlament so‘rovi yuborish haqida qaror qabul qildi.




Darsliklar, baholash va o‘qituvchi omili – xalqaro ekspertlar O‘zbekiston maktablarida ta’lim sifatini oshirish haqida

Kecha, 6 avgust kuni Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi va YUNISEF hamkorligida umumiy o‘rta ta’lim sifatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Ilk bor onlayn shaklda tashkil qilingan mazkur konferensiyada o‘zbekistonlik olimlar va ilg‘or o‘qituvchilardan tashqari ta’lim sohasidagi xalqaro ekspertlar ham o‘z taqdimot va ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Tadbir davomida darsliklar va adabiyotlar sifatini oshirish, maktab o‘quvchilari uchun muqobil o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va darslar tarkibi hamda soatlari masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, xalqaro ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ko‘plab tavsiyalar berildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Endi Smart, Ta’lim va darsliklar nashr etish bo‘yicha xalqaro konsultant:

— Markazlashtirilgan ta’lim tizimida o‘quv rejasi, pedagogika va baholashning oltin uchburchagi markazida darsliklar joylashgan.

Odatda, yaxshi darsliklar umumiy va fanga xos tashkiliy va pedagogik tamoyillarni aks ettiradi. Ammo ko‘pgina darsliklarda pedagogika elementlari uchramaydi: ular aslida «o‘zini o‘zi o‘qitish» darsliklari sifatida yaratilgan.

Yana bir tavsiya: har qanday darslikning tuzilmasi o‘quv dasturi doirasidagi ketma-ketlik bilan bir xil bo‘lishi shart emas. Ko‘pchilik mana shu tartib bilan o‘quvchilarni zeriktirib qo‘yadi.

Dipa Shankar, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta’lim bo‘limi rahbari:

— Global dalillar shuni ko‘rsatadiki, ta’lim tizimidagi chuqur islohotlar ko‘p vaqt talab etadi, biroq ular yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali mamlakatning inson kapitalini rivojlantirishga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatadi.

Bugungi dunyo bolalari va o‘smirlari quyidagi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi juda muhim, deb hisoblayman.

Raqamli ko‘nikmalar: Bu jihat bolalar va o‘smirlar uchun «raqamli savodxonlikka ega» bo‘lish, texnologiyalardan foydalanish va ularni tushunishga yordam beradi. Shuningdek, bu ko‘nikma ma’lumot qidirish va boshqarish, aloqa va hamkorlik qilish, ma’lumot yaratish va uni ulashish, bilimlarni shakllantirish va muammolarni xavfsiz, tanqidiy va axloqiy jihatdan hal qilishga imkoniyat beradi.

Puxta ko‘nikmalar: Bolalar va o‘smirlarga savodxonlik va hisoblash mahorati juda zarur bo‘lib, bu kelgusida ularga o‘qish, samarali mehnat va fuqarolik faolligi uchun asosdir.

Texnik va kasbiy ko‘nikmalar: bu ishga oid ko‘nikmalar esa, masalan, duradgorlik, dasturlash, buxgalteriya yoki muhandislik kabi yoki bir nechta kasblar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Universal qobiliyatlar esa yoshlarga chaqqon, moslashuvchan o‘quvchi va fuqaro bo‘lishlariga yordam beradi.

Universal ko‘nikmalar insonga kelgusida muammolarni hal qilish, jamoaviylik, muzokaralar qilish, o‘zini o‘zi boshqarish, xayrixohlik va muloqot qobiliyatlarini shakllantiradi. Biz bolalarda mana shu jihatlarni ko‘proq shakllantirishimiz kerak.

Jon Tulli, xalq ta’limi vaziri maslahatchisi, xalqaro ekspert:

— Ta’lim sifatini oshirish uchun quyidagi uchta jihatga e’tibor qaratish kerak:

Birinchidan, sifatli dars jadvali. Yaxshi dars jadvali yaxshi ta’lim bera olishga asos bo‘ladi.

Ikkinchidan, o‘qituvchilarning malakasi va ularning dars o‘tishga bo‘lgan xohishining yuqori ekani. Insonlarga ularning malakasi bilan baho berishga o‘rganib qolganmiz. Shuning bilan birga, o‘qituvchilarda o‘z faoliyati davomida yangi-yangi narsalarni o‘rganishga va yangi guruh bolalariga dars o‘tishga bo‘lgan xohish ham yuqori bo‘lishi kerak. Butun mamlakat o‘qituvchilarining sifatli va sifatsiz ta’lim haqidagi qarashlari ham bir xil bo‘lishi kerak.

Uchinchidan, ota-onalar bolalarini ta’lim olishga kuchli rag‘batlantirishi kerak.

Metyu Goldi-Skot, ta’lim sohasida xalqaro ekspert:

— Men O‘zbekistonda yangi milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassislardan iborat juda katta jamoa bilan ishlayapman. Biz hozir xalqaro tajribada kuzatilgan samarali va samarasiz pedagogik amaliyotlarni o‘rganib chiqyapmiz.

Samarali o‘quv tizimining eng muhim jihatlaridan biri baholash hisoblanadi. Biz shu tizimni tubdan ishlangan va takomillashgan tizimini ishlab chiqyapmiz. Avvaldan bir sirni ochishim mumkin, biz taklif qilayotgan baholash tizimi hozirgidan ko‘ra katta farq qiladi.

Mariya Toro-Trokonis, pedagogika fanlari doktori, onlayn ta’lim sohasida strateg:

O‘zbekistonning YUNISEF bilan yaqin hamkorlikda ishlayotgani bu ta’lim tizimida yangi davrni boshlab bermoqda. Men shu tizimga hissamni qo‘shayotganimdan juda xursandman.

Mardon Yusupov, Angliyadagi Kedberi kolleji matematika o‘qituvchisi, Britaniya pedagogik kengashi a’zosi:

— Angliyada ta’lim sifatini ta’minlashning eng asosiy omili, fikrimcha, umumdavlat rasmiy imtihonlaridir. Barcha maktablar, kollejlarda bitiruvchilardan rasmiy imtihonlar olinadi va bu imtihonlarni maktab yo kollej o‘qituvchilari emas, balki imtihon oluvchi alohida tashkilotlar tomonidan olinadi. Kollej va maktablar bu jarayonga umuman aralashmaydi.

Aynan shu mustaqil tashkilotlar olgan imtihonlar natijalariga qarab bolaning haqqoniy bilimiga, o‘qituvchilarga, maktab va kollejlarga baho beriladi.

Shuhrat Sattorov, Respublika ta’lim markazi rahbari:

— Xalqaro ekspertlar bildirgan fikrlarga asoslanadigan bo‘lsak, O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’limdagi eng katta kamchilik darsliklarda va unga yondashuvda kuzatilmoqda. Ya’ni metodologiya xato ishlamoqda. Darsliklarimiz matnlarga, faktlarga va dalillarga asoslanib qolgan. Ular o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga emas, ma’lumotlarni yodlab qolishga qaratilmagan. Tabiiyki, o‘quvchilar ham bunga moslashib qolgan. Ularda malaka shakllanmayapti.

Ekspertlar bugun ta’lim tizimimizning sahnasida asosiy qahramon o‘qituvchilar bo‘lib qolayotganini aytishmoqda. Ya’ni faqat o‘qituvchi gapiryapti. 11 yil faqat o‘qituvchini tinglagan bolada esa ko‘nikma shakllanmayapti. U ertaga mustaqil hayotga chiqqandan keyin ham kimnidir tinglashga ehtiyoj sezadi. Unda mustaqil fikr bildirish ko‘nikmasi shakllanmayapti.

Biz aynan mana shu jihatlarni o‘zgartirish, tizimni yangilash ustida ishlayapmiz.

 Umumiy o‘rta ta’lim tizimini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlagan birinchi onlayn konferensiya yakunida Milliy o‘quv dasturi doirasida maktablarda o‘tiladigan fanlar tizimini qayta ko‘rib chiqish, kelgusida ham fanlar va mavzular kesimida konferensiyalar o‘tkazish, ta’lim markazi qoshida xalqaro ekspertlardan iborat jamoatchilik kengashi tuzish kabi masalalar yuzasidan kelishib olindi.




Xalq ta’limi vazirining xorijlik maslahatchisi ta’limda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan 3ta jihatni sanadi

Bugun, 6 avgust kuni Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi va YUNISEF hamkorligida ta’lim masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Konferensiyada so‘z olgan xalq ta’limi vaziri maslahatchisi, xalqaro ekspert Djon Tulli ta’lim sifatini oshirish uchun e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida so‘z yuritdi.

«Birinchi e’tiborli jihat – sifatli dars jadvali hisoblanadi. Yaxshi dars jadvali yaxshi ta’lim bera olishga asos bo‘ladi.

Ikkinchi jihat – o‘qituvchilarning malakasi va ularning dars o‘tishga bo‘lgan xohishining yuqori ekani. Insonlarga ularning malakasi bilan baho berishga o‘rganib qolganmiz. Shuning bilan birga, o‘qituvchilarda o‘z faoliyati davomida yangi-yangi narsalarni o‘rganishga va yangi guruh bolalariga dars o‘tishga bo‘lgan xohish ham yuqori bo‘lishi kerak. Butun mamlakat o‘qituvchilarining sifatli va sifatsiz ta’lim haqidagi qarashlari ham bir xil bo‘lishi kerak.

Ota-onalarning bolalarini ta’lim olishga qay darajada rag‘batlantirishi ham e’tibor qaratilishi kerak bo‘ladigan jihatlardan biridir. Bu borada maktablar ham ota-onalarga yordam berishi zarur», – dedi u.

Djon Tullining qo‘shimcha qilishicha, o‘qimishli insonlar – jamiyatning boyligi hisoblanadi. Shuningdek, bilimdon insonlar mamlakatning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichini ham belgilab beradi.

«O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilar bilim darajasini oshirish uchun matematika, axborot texnologiyalari va ingliz tilini o‘qitish sifatini yaxshilash – yaqin orada erishilishi lozim bo‘lgan maqsadlardir», – dedi vazir maslahatchisi.




Maktabdagi sinfda necha nafar o‘quvchi bo‘lishi kerak?

Xalq ta’limi, moliya va sog‘liqni saqlash vazirliklarining qarori bilan Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom Prezidentning 30.12.2019 yildagi «O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4555-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
 
Norma’ning yozishicha, umumta’lim muassasalarining sinflari o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, quyidagi me’yorlar asosida komplektlanadi:

shahar hududi va tuman markazlarida – 25–35 nafargacha;

qishloq hududlarida – 20–35 nafargacha (olis (tog‘li, cho‘lli) hududlarda joylashgan umumta’lim muassasalari bundan mustasno).
 
O‘quvchilar soni mazkur me’yorlardan kam bo‘lgan hollarda umumta’lim muassasasi tuman (shahar) xalq ta’limi va moliya bo‘limlari bilan kelishgan holda sinflarni komplektlaydi.
 
Nizomda ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalaridagi sinflarni komplektlashga asos bo‘ladigan normativ hujjatlar ham ko‘rsatib o‘tilgan.
 
Kam komplektli umumta’lim muassasalarida (filiallarda) boshlang‘ich sinf o‘quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:

o‘quvchilar soni 8 nafargacha bo‘lgan I–IV sinflar;

o‘quvchilar soni 12 nafargacha bo‘lgan uchta boshlang‘ich sinf;

o‘quvchilar soni 24 nafargacha bo‘lgan ikkita boshlang‘ich sinf (I va III, II va IV sinflar).
 
Umumta’lim muassasalari har yili 30 avgustga qadar ta’lim olayotgan hamda birinchi sinfga qabul qilinayotgan o‘quvchilarning noma-nom ro‘yxatini shakllantiradi. Ular elektron dastur orqali ma’lumotlarni tegishliligi bo‘yicha hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va moliya organlariga ko‘rib chiqish uchun yuboradi. Nizomda hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va moliya organlari taqdim etilgan ma’lumotlarni ko‘rib chiqishiga asos bo‘ladigan mezonlar sanab o‘tilgan, shuningdek sinflar komplektini tasdiqlash tartibi belgilangan. Tegishli moliya yili uchun tuzilgan xarajatlar smetasida ko‘zda tutilgan sinflar sonidan ortiq yangi sinflar hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari va moliya organlari bilan kelishilgan holda tashkil etiladi.
 
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish uchun umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi ishlab chiqiladi. Umumta’lim muassasalari umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi asosida har yili 10 sentyabrga qadar o‘z muassasasining dars soatlari setkasini shakllantiradi.
 
Dars soatlari setkasi umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, 15 sentyabrga qadar Nizomda keltirilgan ko‘rsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida o‘qituvchilarga taqsimlanadi. Umumta’lim muassasalarining o‘qituvchilariga yillik bir yarim stavkadan (yillik 2 322 soat) ortiq dars soatlari belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
 
Nizomda umumta’lim muassasalari o‘qituvchilarining tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan boshqa qoida va talablar ham qayd etilgan.
 
Hujjat 30.06.2020 yildan kuchga kirgan.




XTV bu yilgi Xalqaro matematika olimpiadasi ishtirokchilari qay tarzda saralanishini ma’lum qildi

Saralash imtihonlari avgust oyining ikkinchi o‘nkunligida masofaviy tarzda o‘tkaziladi. Ishtirokchilari Zoom platformasi orqali video kuzatuvda bo‘lishlari lozim.

Foto: Shutterstock

Qayd etilishicha, Xalqaro matematika olimpiadasi Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi joriy yilgi olimpiada 16-26 sentabr kunlari masofaviy tarzda o‘tkazilishi haqida bayonot bergan. Olimpiadada har bir mamlakatdan tarkibi 6 nafar ishtirokchidan iborat terma jamoa ishtirok etadi.

«Bugungacha ko‘p bosqichli saralash olimpiadalari orqali terma jamoamiz tarkibi aniqlangan edi. Biroq COVID-19 pandemiyasi joriy yil saralash tizimiga o‘zgartirishlarni kiritishga majbur qilmoqda.

Shu maqsadda Fanlar akademiyasi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2018 yildan shu kunga qadar o‘tkazilgan quyidagi nufuzli xalqaro va respublika matematika olimpiadalarda ishtirok etgan yurtimiz o‘quvchilarining natijalari chuqur tahlil qilinib, 2020 yilgi xalqaro matematika olimpiadasida ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi shakllantiriladi», deyiladi XTV axborot xizmatining xabarida.

XTV fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari qay tarzda rag‘batlantirilishini ma’lum qildi

Ma’lum bo‘lishicha, nomzodlarni saralash jarayonida ularning Maktab o‘quvchilari uchun Xalqaro matematika musobaqasi (Bolgariya, BIMC-2018), Maktab o‘quvchilari uchun Xalqaro matematika musobaqasi (Janubiy Afrika Respublikasi, SAIMC-2019), Mirzo Ulug‘bek nomidagi qo‘shimcha Respublika matematika olimpiadasi (Buxoro-2019), Xalqaro Jautikov olimpiadasi (Qozog‘iston 2020), Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasi (Maykop 2020), Butunjahon Kibermatematika musobaqasi (Masofaviy 2020)dagi natijalari inobatga olinadi.

«Saralash olimpiadasi joriy yil avgust oyining ikkinchi o‘nkunligida masofaviy tarzda o‘tkaziladi. Xalqaro tajribaga ko‘ra saralash ishtirokchilari Zoom platformasi orqali video kuzatuv ostida bo‘lishlari lozim.

Saralash aynan xalqaro matematika olimpiadasi uslubida 2 kun, har kuni 4,5 soat vaqt davomida o‘tkaziladi va ishtirokchilardan Algebra, Geometriya, Sonlar Nazariyasi va Kombinatorikaga oid 3 tadan, jami 6 ta masalani yechishlari talab qilinadi.

Saralash natijalariga asosan, Xalq ta’limi vazirligi va yurtimizning yetakchi matematik olimlari, akademiklar tomonidan yakuniy terma jamoa tarkibi shakllantiriladi», deya Xalq ta’limi vaziri matbuot kotibi Laylo Rustamovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.




«Onlayn darslar maktabdagi mashg‘ulotlar o‘rnini bosa olmaydi». O‘quvchilarni iloji boricha tezroq maktablarga qaytarish taklif qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev ta’lim sohasi mutasaddilari tomonidan o‘rganilayotgan 3ta ssenariydan birinchisini amalga oshirib, o‘quvchilarni iloji boricha tezroq maktablarga qaytarish kerakligi haqida taklif berdi.

Tan olish kerakki, ta’lim pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan soha hisoblanadi. Farzandlarimiz mart oyi o‘rtasidan beri uyda o‘tiribdi. To‘g‘ri, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida onlayn mashg‘ulotlar, televizion darslar tashkil qilinmoqda. Biroq o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida vizual kontakt va qalban yaqinlik, ya’ni mehrning yo‘qligi sababli ushbu mashg‘ulotlarning sifati ko‘ngildagidek emas.

Boz ustiga, turli texnik nosozliklar, xususan, internetga ulanish qiyinligi bois o‘quvchilarning bir qismi onlayn mashg‘ulotlarda qatnasha olmayapti. Hatto internet umuman yetib bormagan joylar bor. Oqibatda o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan o‘quv materiali chala o‘zlashtirilmoqda.

Agar hozirgi pandemik vaziyat bundan keyin ham davom etadigan bo‘lsa, biz oxirgi uch yildan beri mamlakatimiz ta’lim sohasida yuz bergan ijobiy tendensiyani qo‘ldan boy berishimiz va butun boshli avlodni chalasavod qilib qo‘yishimiz hech gap emas.

Ta’kidlash joizki, ta’limdagi bunday salbiy holat faqat O‘zbekistonda emas, balki butun dunyoda kuzatilmoqda. Yaqinda BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish dunyo mamlakatlarida maktablarning ommaviy tarzda yopilishini «avlodlar halokati» deb atadi. BMT rahbari hozirda qariyb 160 mamlakatda maktablar yopilgan bo‘lib, 1 milliarddan ortiq o‘quvchilar ta’lim olish huquqidan mosuvo bo‘layotganini ta’kidladi. U hozir biz avlodlarni «yo‘qotish» xavfi bilan yuzma-yuz turganimiz, bu behisob insoniy potensialni puchga chiqarishi, o‘nlab yillar davom etgan taraqqiyotga putur yetkazishi va tengsizlikni kuchaytirishi mumkinligini aytgan.

Nima qilish kerak? Ayniqsa, pandemiya hali-beri chekinishni istamayotgan bir paytda qanday yo‘l tutish kerak, degan savol hammamizni o‘ylantirishi tabiiy.

Ta’lim sohasi mutasaddilari yangi o‘quv yilini boshlash bo‘yicha quyidagi 3ta ssenariy mavjudligini ta’kidlab, yakuniy xulosani respublika maxsus komissiyasi berishini aytishmoqda. 1-ssenariy bo‘yicha o‘quvchilar maktabga qaytariladi va maktablar odatiy tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi. 2-ssenariy bo‘yicha ta’lim onlayn tartibda davom ettiriladi. 3-ssenariy maktablar aralash tartibda faoliyat ko‘rsatadi, ya’ni o‘quvchilarning onlayn darslar va maktabdagi darslarda bilim olishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shu o‘rinda, Respublika maxsus komissiyasiga bosim o‘tkazmagan holda shuni aytmoqchimanki, birinchi ssenariyni amalga oshirish eng maqbul yechim bo‘lur edi. O‘quvchilarimizni maktablarga mumkin qadar tezroq qaytarganimiz ma’qul. Zero, na onlayn darslar va na aralash tizim maktabdagi mashg‘ulotlar o‘rnini bosa oladi», deya yozadi Qodir Jo‘rayev telegramdagi sahifasida.

Avvalroq Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova tomonidan Xalq ta’limi vazirligi o‘z vakolatidan kelib chiqib, yangi o‘quv yilini qay shaklda boshlash bo‘yicha 3ta ssenariy ishlab chiqqani, biroq o‘quv yilining qay tartibda boshlanishi haqidagi yakuniy xulosa respublika maxsus komissiyasining qarori bilan e’lon qilinishi haqida ma’lumot berilgandi.

Shuningdek, brifingda o‘quv yili qaysi shaklda boshlanishidan qat’i nazar, televizion darslar tajribasi saqlab qolinishi, 10 avgustdan televizion darslarni suratga olish ishlari boshlanishi aytilgandi.




10 avgustdan televizion darslarni suratga olish boshlanadi – Xalq ta’limi vazirligi

O‘tgan o‘quv yilida «Onlayn maktab» loyihasi doirasida 3 900dan ortiq videodars efirga uzatilgan. Keyingi o‘quv yili qaysi shaklda boshlanishidan qat’i nazar, «Onlayn maktab» loyihasi davom ettiriladi. 10 avgustdan televizion darslarni suratga olish ishlari boshlanadi.

Bugun, 5 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova maktablarda masofaviy ta’lim qanday samara bergani haqida ma’lumot berdi.

«Ota-ona nazorati ostida onlayn darslarni kuzatgan va barcha vazifalarni vaqtida bajargan bolalarda onlayn ta’limning samarasi sezildi. Biroq bolalarining bilim olishiga bir tomonlama yondashgan ota-onalar ham uchradi. «Onlayn maktab» loyihasi doirasida erishiladigan natijaga kattalarning ta’siri yuqori hisoblanadi. Sababi bolalar ularning gaplariga quloq soladi va birgalikda dars tayyorlaydi», dedi vazirlik vakili.

Uning aytishicha, onlayn tizimning 2ta eng asosiy foydali jihati tahlil qilingan. Bu hamma bolalarning eng yaxshi o‘qituvchilardan dars olish imkoniga ega bo‘lgani va chekka hududdagi o‘qituvchilarning televizion darslarni o‘tgan o‘qituvchilarning tajribasi asosida malaka oshirishgani bilan izohlanadi.

Qayd etilishicha, o‘tgan o‘quv yilida «Onlayn maktab» loyihasi doirasida 3 900dan ortiq videodars efirga uzatilgan. Keyingi o‘quv yili qaysi shaklda boshlanishidan qat’i nazar, «Onlayn maktab» loyihasi davom ettiriladi. 10 avgustdan televizion darslarni suratga olish ishlari boshlanadi.




Yuridik shaxslarga barcha ta’lim turlari bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilishi mumkin

Qonunda ta’lim jarayonida mehnat qilayotgan mutaxassislar, qolaversa, ota-onalarning huquqiy maqomi, ularning ijtimoiy muhofazasiga doir jihatlar hamda majburiyatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Joriy yilning 4 avgust kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi Ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda ekspertlar ishtirokida parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Yangi tahrirdagi Qonunga “davlat ta’lim muassasasi”, “davlat ta’lim standartlari”, “davlat ta’lim talablari”, “mutaxassislik”, “tarbiya”, “ta’lim”, “kampus”, “o‘quv dasturi” va “o‘quv rejasi” kabi yangi tushunchalarning mukammal izohi kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda maktabgacha ta’lim va tarbiya masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarni o‘qitish va tarbiyalashga, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, bolalarni umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz ta’lim turini amaliyotda keng qo‘llashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Qonunda ta’lim jarayonida mehnat qilayotgan mutaxassislar, qolaversa, ota-onalarning huquqiy maqomi, ularning ijtimoiy muhofazasiga doir jihatlar hamda majburiyatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim, umumta’lim maktabi bitiruvchilariga qiziqishlari bo‘yicha kasb-hunar o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida ta’lim berish muddati va mazmunining o‘zgarishi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslarga barcha ta’lim turlari bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilishi jamiyatda intellektual mulk salohiyatidan samarali foydalanish, ilm-ma’rifatga doir ish joylarining kengayishiga imkon beradi.

Shuningdek, muhokama chog‘ida mazkur Qonun ta’lim tizimini tartibga solish maqsadlariga xizmat qilishi ta’kidlanib, ushbu hujjat yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.




Korruptsiya – taraqqiyotga tahdid

⇒ Коррупцияга қарши курашиш агентлиги ташкил этилди

Transparency International xalqaro nohukumat tashkilotining 2017 yil boshida eʼlon qilgan statistikasiga koʼra, jahondagi mamlakatlarning yarmidan koʼpida korruptsiya boʼyicha holat juda ayanchli ahvolda. Tashkilot maʼlumotlariga koʼra, soʼnggi bir necha yil davomida umumiy ahvol yaxshilanmayapti, korruptsiya zamonaviy dunyoning taraqqiyoti yoʼlida katta gʼov boʼlib turibdi.
2017 yil 3 yanvarda “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida” Oʼzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. 34 moddadan iborat ushbu hujjatda korruptsiya atamasiga taʼrifdan tortib, unga qarshi kurashish, vakolatli organlar va ularning vazifalari, korruptsiyaga qarshi javobgarlik, bu masalada xalqaro hamkorlik kabi barcha muhim jihatlar qayd etilgan.
Korruptsiyaga qarshi kurashishda avvalo ushbu atamaning mohiyatini anglab olish lozim.
Korruptsiya nima?
Koʼpchilik korruptsiya soʼzini tor maʼnoda, yaʼni, mansabdor shaxslarning oʼz mansab mavqeidan shaxsiy manfaatlari yoʼlida foydalanib sodir etishadigan poraxoʼrlik bilan bogʼliq qilmishlarini tushunishadi.
Biroq bu tushunchaning mohiyatini toʼlaqonli anglash imkonini bermaydi. Korruptsiya soʼzi asli lotincha “corruptio” soʼzidan olingan boʼlib, “evrilish”, “buzilish” degan maʼnolarni anglatadi. Milliy qonunchiligimizda, jumladan, Oʼzbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi Qonuni 3-moddasida, korruptsiyaga quyidagicha taʼrif berilgan.
Korruptsiya — shaxsning oʼz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʼzga shaxslarning manfaatlarini koʼzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish.
Demak, keng maʼnoda korruptsiya deganda bu mansabdor shaxs yoki davlat xizmatchilarining nafaqat poraxoʼrlik jinoyatlariga oid qilmishlari, balki, oʼzlarining mansab yoxud xizmat mavqeini suisteʼmol qilib shaxsiy yoki boshqa shaxslarning manfaatlari yoʼlida siyosiy homiylik, mahalliychilik, “tanish-bilish”chilik, urugʼ-aymoqchilikka yoʼl qoʼyishlari ham nazarda tutiladi.
Korruptsiya chegara bilmaydi!
“Korruptsiya – bu jamiyatni turli yoʼllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga toʼsqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi”, deyiladi BMTning “Korruptsiyaga qarshi kurash toʼgʼrisida”gi Konventsiyasida.
Unga qarshi kurashishni jahon talablari asosida tashkil etish maqsadida mamlakatimizda 2008 yilda BMTning 2003 yil 13 oktyabrdagi “Korruptsiyaga qarshi” Konventsiyasi ratifikatsiya qilindi.
Shuningdek, “BMTning “Korruptsiyaga qarshi” konventsiyasiga Oʼzbekiston Respublikasining qoʼshilishi toʼgʼrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Bundan tashqari, 2010 yil mart oyida Oʼzbekiston Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korruptsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabrь) qoʼshildi.
2017 yil 3 yanvarda OʼRQ-419-son Oʼzbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi Qonuni qabul qilingani bu yoʼlda muhim qadam boʼldi.
Oradan hech qancha oʼtmay, 2017 yil 2 fevralda Prezidentning “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-2752-son qarori eʼlon qilinib, unda 2017-2018 yillarga moʼljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha davlat Dasturi, Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha idoralararo komissiya tarkibi va Nizomi tasdiqlandi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat:
Bosh prokuratura;
Davlat xavfsizlik xizmati;
Ichki ishlar vazirligi;
Аdliya vazirligi;
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Bosh prokuratura oʼz vakolatlari doirasida korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarining aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tezkor-qidiruv faoliyatini, surishtiruvni, dastlabki tergovni, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Davlat xavfsizlik xizmati korruptsiya bilan bogʼliq jinoyatlar boʼyicha tezkor-qidiruv faoliyatini, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi.
Ichki ishlar vazirligi jismoniy va yuridik shaxslarning korruptsiya faktlariga doir murojaatlarini koʼrib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini koʼradi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bogʼliq jinoyatlar, iqtisodiy va korruptsiya bilan bogʼliq boshqa jinoyatlar boʼyicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni va surishtiruvni amalga oshiradi.
Аdliya vazirligi oʼz vakolatlari doirasida:
korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
aholi oʼrtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targʼibotga doir faoliyatni amalga oshiradi hamda muvofiqlashtiradi;
taʼlim muassasalarida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy taʼlim va tarbiyaga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
normativ-huquqiy hujjatlardagi hamda ularning loyihalaridagi korruptsiya uchun shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash maqsadida ushbu hujjatlar va loyihalarning tahlilini amalga oshiradi;
korruptsiyaga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʼyicha choralar koʼradi;
korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Korruptsiyani oldini olish uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlik sohasida amalga oshirilayotgan quyidagi chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
maʼmuriy va byurokratik toʼsiqlarni bartaraf etish, roʼyxatga olish, ruxsat etish va litsenziyaga doir tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ularning tezkorligini oshirish;
davlat organlarining nazorat-tekshiruv vazifalarini maqbullashtirish, tadbirkorlik subʼektlarining faoliyatini tekshirish tizimini takomillashtirish, ularning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishga yoʼl qoʼymaslik;
tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun teng shart-sharoitlar yaratish va insofsiz raqobatga yoʼl qoʼymaslik;
taʼlim, sogʼliqni saqlash, ijtimoiy taʼminot, kommunal xizmat koʼrsatish sohasida va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning boshqa sohalarida aholi uchun adolatli shart-sharoitlarni hamda teng imkoniyatlarni yaratish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʼl qoʼymaslik.
Davlat organlarining xodimlari ularni korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga koʼndirish maqsadida biror-bir shaxs oʼzlariga murojaat etganligiga doir barcha hollar toʼgʼrisida, shuningdek davlat organlarining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan shunga oʼxshash huquqbuzarliklarning oʼzlariga maʼlum boʼlib qolgan har qanday faktlari haqida oʼz rahbarini yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etishi shart.
Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar toʼgʼrisida axborot berayotgan shaxslar davlat himoyasida boʼladi.
Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar natijasida qabul qilingan qarorlar vakolatli davlat organi, boshqa tashkilot yoki mansabdor shaxs tomonidan bekor qilinishi yoxud oʼzgartirilishi yoki sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qonunda belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda Аdliya vazirligi oʼz vakolati doirasida korruptsiyaga qarshi jadal kurashmoqda. Xususan, qonun hujjatlarining antikorruptsion ekspertizasi yanada takomillashtirildi.
2015 yil 25 dekabrda Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirining “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korruptsiyaga qarshi ekspertizasini oʼtkazish uslubiyotini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi
2745-son buyrugʼi qabul qilingan.
Ushbu buyruqda qonun hujjatlarining korruptsiyaga qarshi ekspertizasini oʼtkazishning tartibi belgilab berilgan hamda normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korruptsiyaga qarshi ekspertizasini oʼtkazish uslubiyoti bayon qilingan.
Bundan tashqari, korruptsiyaning oldini olish maqsadida hujjatlarning elektron aylanishi tizimi yaratildi.
“Faol notarius” modelining yaratilishi, notariuslar tanlovlarining onlayn tarzda oʼtkazilishi, davlat bojlari haqidagi maʼlumotlarning keng tarqatilishi, umuman, sohada ochiqlik va shaffoflikning taʼminlanishini Аdliya vazirligining korruptsiyaga qarshi kurash sohasidagi eʼtiborli ishlari sifatida sanash mumkin.
Keng aholi oʼrtasida ham korruptsiyaga qarshi qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, korruptsiyaga nisbatan toqatsizlikni shakllantirish, korruptsiya holatlarining oldini olish kabi chora-tadbirlar orqali qonun ustuvorligini taʼminlash kun tartibidagi asosiy vazifa boʼlib turibdi. Buning uchun aholi orasida faol huquqiy targʼibot amalga oshirilmoqda.
Xususan, turli ijtimoiy roliklar, tahliliy koʼrsatuvlar, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar shular jumlasidandir. Аdliya vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan korruptsiyaga qarshi karikatura, postlar, ijtimoiy roliklarni shu kungacha bir milliondan ortiq marta koʼrilgani maʼlum.
Shuningdek, vazirlik tomonidan oʼtkazilgan va muntazam oʼtkazilishi nazarda tutilgan “Biz korruptsiyaga qarshimiz” nomli tanlov aholi oʼrtasida korruptsiyaga qarshi kayfiyatni kuchaytirish hamda muammolarni aniqlash, korruptsiya holatlarining sabablarini oʼrganish hamda oldini olish maqsadlarini koʼzlagani bilan ahamiyatli.
Bu kabi tanlovlar korruptsiya sohasidagi muammolarni aniqlash, jamiyatda korruptsiyaga qarshi toqatsizlik kayfiyatini shakllantirish va kelgusida shunga moʼljallangan chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish maqsadlarini koʼzlaydi.
Qanday javobgarlik bor?
Аmaldagi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga muvofiq, davlat xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʼlishi hamda davlat xizmatchisini pora evaziga ogʼdirib olish eng kam ish haqining oʼttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.
Аmaldagi Jinoyat kodeksida pora olganlik, pora berganlik va pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun jinoiy jazolar belgilangan:
Xususan, pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish tegishli holatlar mavjud boʼlganida oʼn yildan oʼn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Korruptsiyaga qarshi kurashda bunday jazolar mavjudligining oʼzi yetarli emas. Bu borada javobgarlikning muqarrarligi printsipini taʼminlash lozim. Yaʼni pora olgan, bergan yoki vositachilik qilgan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart.

Yuqorichirchiq tuman adliya boʼlimi bosh maslahatchisi
А.I.Rahmatullaev




XTV fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari qay tarzda rag‘batlantirilishini ma’lum qildi

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xalqaro va respublika darajasidagi fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilariga bir martalik pul mukofotlari miqdori ma’lum qilindi.

Foto: Fotolia

Qayd etilishicha, xalqaro fan olimpiadalarining sovrindorlari bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar baravaridan 500 baravarigacha, ularning o‘qituvchilari esa bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 450 baravarigacha bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Bundan tashqari, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlari navbatdagi o‘quv yili davomida direktor jamg‘armasidan qo‘shimcha ustama olishadi.

«2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq fan olimpiadalari g‘oliblarini rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etilgan bo‘lib, unga ko‘ra Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI)da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdori (ayni paytda 223 ming so‘m)ning 500 baravar (111,5 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 450 baravar (100,35 mln. so‘m);

2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (66,9 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 250 baravar (55,75 mln. so‘m);

3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (44,6 mln. so‘m), o‘qituvchisiga –150 baravarida (33,45 mln. so‘m).

Bundan tashqari, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlari navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan 1-o‘rin (oltin medal) uchun – 200 foiz, 2-o‘rin (kumush medal) uchun – 175 foiz, 3-o‘rin (bronza medal) uchun – 150 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama olishadi», deya XTV Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti boshlig‘i Umid Rahmonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, yuqorida keltirib o‘tilgan xalqaro olimpiadalarda medal bilan taqdirlangan o‘quvchilar Oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Shuningdek, Umid Rahmonov fan olimpiadalarining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularni tayyorlagan o‘qituvchilar qay tarzda rag‘batlantirilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra o‘quvchi va o‘qituvchilar quyidagicha miqdorda bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishadi:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida (11,15 mln. so‘m);

2-o‘rin (kumush medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravarida (7,8 mln. so‘m);

3-o‘rin (bronza medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarida (6,69 mln. so‘m).

Ma’lum bo‘lishicha, fan olimpiadalarining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi.

«Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga 150 foiz, fan olimpiadalarining respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi.

Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.

Bundan tashqari, yuqorida ta’kidlangan qarorga muvofiq matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan har yili bir marta o‘tkaziladigan qo‘shimcha respublika olimpiadasi joriy etilgan bo‘lib, uning g‘oliblariga quyidagicha bir martalik pul mukofotlari belgilangan:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 (22,3 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 80 baravar (17,8 mln. so‘m);

2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 85 (18,9 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 65 baravar (14,49 mln. so‘m);

3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 70 (15,6 mln. so‘m), o‘qituvchisiga –50 baravarida (11,15 mln. so‘m)», deydi Umid Rahmonov.

XTV axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2019 yil 3 maydagi prezident qarori bilan vazirlikda Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etilgan bo‘lib, u respublika va xalqaro miqyosda tashkil qilinadigan olimpiadalarni muvofiqlashtiradi, onlayn olimpiadalar tashkil qiladi hamda muntazam ravishda iqtidorli o‘quvchilar zahirasini shakllantiradi va ularning monitoringini yuritadi.