Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning OTMlarga kira olmagan o‘quvchilari sababli maktab direktorlarining ishdan olinishi haqidagi fikrlariga munosabat bildirdi.
«Yillar davomida maktabda malakali o‘qituvchini ishga olish va rag‘batlantirish o‘rniga, tanish-bilishchilik qilinishi natijasida yuzlab bitiruvchilaridan birortasi ham oliy ta’limga kirmagan maktab direktori o‘z joyini natijaga ishlaydigan, yangi g‘oyalari bor nomzodlar uchun bo‘shatishi kerakmasmi?», deya javobini boshlagan vazir.
Shermatov OTMlarga kira olmagan bitiruvchilari uchun maktablarni «to‘q qizil» toifasiga kiritib, maktab rahbarining ishlari ko‘rib chiqilganda bunday maktablar soni kamayganini ko‘rish mumkinligini qayd etgan.
«Natijada, bunday maktablar soni bir yilda 3 barobarga kamaydi. Bu degani, yillar davomida umuman ta’limga e’tibor bo‘lmagan 2000ga yaqin mahallalarda juda bo‘lmasa bir-ikkita o‘qituvchi, shifokor, muhandis yoki boshqa oliy ta’lim talab qiladigan mutaxassislar paydo bo‘lib, kelajakda o‘sha hudud rivojiga o‘z hissasini qo‘shishni boshlashadi», deya ta’kidlagan u.
Vazirning aytishicha, u deputat bilan bu masalada gaplashib olish uchun bog‘lanishga uringan, ammo harakatlari besamar ketgan.
«Holatni to‘liq o‘rganmasdan berilgan savolga hurmatli deputatimiz «bu demagogiya va boshqaruvni bilmaslik» deb javob berishi menga juda g‘alati tuyuldi. Ushbu deputat bilan bog‘lanib, shu masalani kengroq tushuntirib bermoqchi bo‘ldim, SMS ham yubordim, lekin juda band ekanlar shekilli, so‘zlashishning hech imkoni bo‘lmadi. Shu sababli yozib tushuntirishga harakat qilaman. Bu masalada deputatlarimiz va jamoatchilik vakillariga doim ochiq tushuntirishga tayyormiz», deydi vazir.
Sherzod Shermatov Xalq ta’limi vazirligidan ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha talablar mavjud bo‘lgandan keyin, maktab rahbarlaridan ham natijalarni talab qilish kerakligini ta’kidladi.
«Adashmasam, deputatlarning eng asosiy vazifalaridan biri bu davlat budjetini taqsimlash va uning natijadorligini so‘rash. Deputatlar tomonidan ajratilgan mablag‘lar doirasida vazirlikdan ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha natija talab qilinganidan keyin uni maktab direktorlaridan ham talab qilishimiz zarurligini ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Shu vaqtga qadar, o‘quvchilar bilimini o‘lchash bo‘yicha aniq obektiv mexanizm bo‘lmagan. Ya’ni maktab davlat ta’lim standarti bo‘yicha bilim berdimi yoki yo‘qmi degan savolga obektiv javob yo‘q. Maktab o‘quvchilari va bitiruvchilarining bilimini obektiv baholash tizimi endi yaratilmoqda. «Zamonaviy maktab» loyihasi bo‘yicha maktab faoliyatini to‘laqonli baholash uchun 1000 ballik yangi tizim ishlab chiqilmoqda. Holatni xalqaro darajadagi ko‘rsatkichlar orqali o‘rganish uchun 2022 yilda birinchi marta PISA sinovlarida ham qatnashamiz. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga barcha maktablar bo‘yicha obektiv reyting shakllantirish vazifasi ham yuklatilgan», deya ma’lum qiladi vazir.
U yillar davomida maktabni o‘z mulkidek ko‘rib, o‘qituvchilarni ishga olishda tanish-bilishchilik qilib kelayotgan direktorlar faoliyatiga befarq qarab turmaslik kerakligini ta’kidlaydi.
«Aslida, ushbu deputatimiz mantig‘i bo‘yicha bizga juda oson bo‘lishi kerak. O‘zi, nima keragi bor, direktorlardan natija so‘rab. Undan ko‘ra, nasib qilsa natijaga ishlashni kompleks baholash mexanizmlari joriy etilgandan keyin ko‘ramiz, deb yursak ham bo‘laverardi. Biz esa, hozircha oxirgi ikki yilda faqat OTMga kirganlar bo‘yicha obektiv ma’lumot bo‘lgani sababli, juda bo‘lmasa, ushbu ko‘rsatkichda eng past, ya’ni umuman birorta ham bitiruvchisi OTMga kirmagan maktablar faoliyatini o‘rganib chiqish bo‘yicha ishni boshlab yuribmiz, o‘zimizga ortiqcha ish orttirib…
Ushbu deputatimiz taklifiga ko‘ra, yillar davomida maktabni o‘zining shaxsiy mulkidek qilib olib, malakali o‘qituvchini ishga olish va rag‘batlantirish o‘rniga tanish-bilishchilik qilishi natijasida yuzlab bitiruvchilaridan birortasi ham oliy ta’limga kirmagan maktab direktoriga chora ko‘ra olmasak yoki chora ko‘rsakda, ushbu deputatimiz taklifiga ko‘ra, ular sudga borib yutib chiqib, o‘z ishiga qayta tiklansa, unday direktorlardan mamlakatimiz kelajagi uchun nima naf? Nima sababdan, ular shuncha bitiruvchisining kelajagiga befarq bo‘lgani yetmagandek, biz ham bunga befarq qarab turishimiz kerak?», deydi XTV rahbari.
Shu bilan birga, Sherzod Shermatov vazirlik tomonidan maktab bitiruvchilarining 100 foizi yoki aksariyati OTMga kirishi shart degan talab qo‘yilmaganini aytib o‘tgan.
Bundan tashqari, direktor tashabbuskorligi o‘quvchilarning OTMlarga kirishida ham muhim rol o‘ynashi ta’kidlanib, misol tariqasida Yangiyo‘ldagi maktab keltirilgan.
«Kuni kecha Yangiyo‘l tumanidagi 45-maktabga kirib, jamoasi bilan ancha suhbatlashgandim. Maktab 1968 yilda qurilgan, juda ta’mirtalab hamda o‘quvchilari soni quvvatidan ikki barobar ko‘p bo‘lishiga qaramay, tumanda aynan shu maktab OTMga kirish bo‘yicha eng yaxshi natijaga ega. Sababi, direktori juda tashabbuskor va yaxshi jamoani shakllantira oladigan rahbar ekan. Ota-onalar bilan hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, barcha sinfxonalarga ovozli kameralar ham o‘rnatishibdi va dars tahlilini ushbu kameralar orqali olib borishar ekan. Kirayotganimda bolalar avtobusga chiqayotganini ko‘rib so‘rasam, bu ham ota-onalar bilan hamkorlikda bolalar uchun alohida tashkil qilinganini aytishdi. Ikki nafar direktor o‘rinbosariga boshqa maktablardagi vakant direktorlik lavozimlariga nomzodini ish.uzedu.uz orqali yuborishni tavsiya qilsam, jamoada muhit yaxshi bo‘lganidan, ular ushbu jamoani tashlab ketmasliklarini aytishdi. Bemalol ushbu direktorimizga «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishonini berib, yanada yaxshiroq mukofotlarga tavsiya qilsa bo‘ladi», deydi u.